Mirziyoyev Rossiyadan $16 milliardlik shartnoma bilan qaytmoqchi

Rossiya Image copyright Nuz.uz

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi doirasida ikki davlat oʻrtasida 16 milliard AQSh dollarilik shartnomalar imzonaladi. Bu haqda TASS agentligi Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari Ochilboy Ramatovga tayanib xabar bergan.

Rasmiy Toshkent Moskvada ushbu miqdorda shartnoma imzolashga erishsa bu Oʻzbekiston tarixidagi eng yirik summadagi shartnoma boʻladi. Bungacha 2013 yili Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida 15 milliard dollarlik shartnomalar imzolangan edi.

Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasida iqtisodiy sohadagi kelishuvlar bilan 55 hujjatdan iborat jaʼmi 16 milliard dollarlik shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.

Bu haqda Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari Ochilboy Ramatov Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasida hujjatlarning bir qismi imzolanish tadbirida maʼlum qilgan.

Ramatov Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlab, yangi istiqbollar ochishini taʼkidlagan.

"Tashrif arafasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, harbiy-texnika, migratsiya borasida, shuningdek mintaqalararo hamkorlik, turizm va sogʻliqni saqlash sohalarida umumiy qiymati 16 milliard dollar boʻlgan 55 hujjat imzolanadi", degan u.

Shartnomalar sirasiga Oʻzbekistondagi yirik temir konini oʻzlashtirish, ikki davlat hamkorligida 1,5 milliard dollarga metall quyish zavodi barpo qilish kabi loyihalar kiritilgan.

Ochilboy Ramatov ishtirok etgan imzolash tadbirida 3,5 milliard dollarlik shartnomalarga qoʻl qoʻyilgan.

Bu haqda Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi veb sahifasi maʼlum qilgan.

"Uchinchi aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi arafasida Moskvadagi elchixonada Oʻzbekiston delegatsiyasi bilan hujjatlar imzolash marosimi boʻlib oʻtdi", - deyilgan xabarda

TIV matbuot xizmati xabariga koʻra, tomonlar hajmi 3,5 milliard dollardan oshiq boʻlgan 16 ta hujjatni imzolashgan.

Xabarda yozilishicha, Oʻzbekiston Milliy banki "Gazprombank" bilan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish haqida bitim tuzgan. Hujjat doirasida tomonlar Oʻzbekiston sanoatining toʻqimachilik va boshqa tarmoqlarida investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgani aytilmoqda.

Shuningdek, "Gazprombank" va "Asaka" banki Toshkentda metallurgiya zavodini qurish haqida bitim imzolagan. Loyiha qiymati 280 million yevrodan oshadi. Zavod qurilishi yaqin oylarda boshlanishi maʼlum qilingan. Sanoat loyihasi 2019 yilda ishga tushiriladi.

Ikki davlat oʻrtasida tovar aylanmasi Rossiyadagi inqiroz ortidan 2016 yili qariyb 5 foizga tushib ketgan va 4 milliard 237 million dollarni tashkil qilgan.

Rossiya ilk bor Oʻzbekistonning tashqi savdodagi eng katta hamkori oʻrnini Xitoyga boʻshatib bergan.

Mirziyoyevning Qozogʻistonga tashrifi doirasida ikki mamlakat oʻrtasida 1 milliard dollarlik shartnoma imzolangandi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring