Sankt-Peterburg: "Migrantlar yomon qoʻrquvda..."

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Sankt-Peterburg: "Migrantlar yomon qoʻrquvda..."

Shaharda boʻlgan faol suhbatdoshimizning aytishicha, oʻndan ortiq insonning umriga zomin boʻlgan dushanba kungi portlash ortidan, Sankt-Peterburgdagi aksariyat markaziy osiyolik mehnat muhojirlari qoʻrqqanlaridan, hatto, koʻchaga chiqolmay oʻtirishibdi.

"Ular shunchalik yomon qoʻrquvdaki, bemalol koʻchaga chiqib, ishini qilish, doʻkonga borib, zarur narsasini olishdan ham qoʻrqib oʻtirishibdi. Hozir koʻchada politsiya shunchalik koʻpayganki...", - deydi faol Sevara Mannonova.

"Portlashni kim qilganini hali bilishmagan boʻlsa-da, ular oʻzlaridan xavfsirashadi. Ey, Xudo, shuni qilganlar bizning musulmonlar emasmikan, deb, oʻzlaridan xavotirda koʻchaga ham chiqisholmaydi, ishga ham borisholmaydi. Faqat qonunan ishlaydiganlarigina majburning kunidan borishayapti".

Rossiyadagi markaziy osiyolik mehnat muhojirlarining soni joriy paytda 4.5 dan 6 milliongacha ekani taxmin etiladi.

Agar, mahalliy faollarning hisob-kitoblariga tayanilsa, ham oʻzbekistonlik va ham jaʼmi markaziy osiyolik migrantlarning soni boʻyicha Sankt-Peterburg poytaxt Moskvadan keyin ikkinchi oʻrinda turadi.

Xuddi shu raqamlar manzarasida shaharda yarim millionga yaqin oʻzbekistonlikning mehnat qilishi aytiladi.

Maʼlum boʻlishicha, aksariyati noqonuniy mavqeʼda boʻlgan bu mehnat muhojirlari asosan qurilish, maishiy xizmat koʻrsatish sohalarida band va yana farroshlik qilishadi.

Tekshiruvlar

Image copyright Reuters

"Oʻgʻillarim koʻchada ishlashadi, metroda ishga borib kelishadi. Shunchalik odamlarni qiynashayaptiki, hujjatlarini tekshirib, soatlab ushlab turgan hollari boʻlayapti, deyishdi. Doʻkonlarning oldlari, koʻchalarda, jamoat joylarida ham deyishayapti", - deya oʻz soʻzlarida davom etadi Sankt-Peterburgdan faol suhbatdoshimiz.

Ammo, unga koʻra, tekshiruv shu qadar qattiq olib borilayotganiga qaramay, oʻzlariga halicha bu kabi mehnat muhojirlarining noqonuniy yoki oʻzboshimcha ravishda hibsga olinganliklariga oid biror bir xabar kelib tushmagan.

Ayni oʻrinda faol suhbatdoshimizning aytishicha, dushanba kungi hujum ortidan allaqachon mahalliy aholining ham oʻzlariga oʻxshagan markaziy osiyolik fuqarolarga nisbatan munosabatlari yomonlashib ulgurgan.

"Shunday xunuk munosabat qilishayaptiki..."Sizlarning odamlaringiz shu darajaga yetib bordimi?", - deb. Men, "avval bilish kerak, yanglish xayolga bormanglar. Biz ham insonmiz desam", - "Baribir sizlardan chiqadi bu narsa, sizlarning Oʻrta Osiyolaringdan", - deb aytdi bir rus kampiri".

"Bu yerda ishlashlaringning keragi yoʻq. Yurtlaringga qaytinglar, deb...Hattoki, kecha bir oʻris odam oʻzbek bolasini urib, haqoratlab, qayt, ket, deganini oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Bu bola qilmagan-ku shu ishni!.. Lekin shunday haqoratlayapti...".

Faol suhbatdoshimizning eng soʻnggida aytishicha, Sankt-Peterburgdagi dushanba kungi hujumlar ortidan markaziy osiyolik mehnat muhojirlarining bu shaharda nafaqat yashash, balki-da mehnat qilishlari ham mushkullashadi. Hatto, qoʻllarida qonuniy hujjatlari boʻlganlarining ham oʻz ish haqlarini olishlari yanada qiyinlashadi.

Qirgʻiziston Davlat milliy xavfsizlik qoʻmitasining maʼlum qilishicha esa, Sankt-Peterburg metrosidagi bu hujumni asli oʻshlik, ammo keyinchalik Rossiya fuqaroligini olgan Akbarjon Jalilov ismli shaxs uyushtirgan boʻlishi mumkin.

Ammo, shunday derkan, qoʻmita bu borada biror bir dalilni taqdim etmagan.

Oʻz navbatida, bu hujumga masʼuliyatni hozircha hech qaysi jangari guruh rasman oʻz zimmasiga olib chiqmagan.

Portlash qurbonlarining soni bugunga kelib 14 kishiga chiqqan, 80 nafarga yaqin odam jabr koʻrgan. Shundan 50 ga yaqini kasalxonaga yotqizilgan.

Bu haqda Sankt-Peterburg shahar hokimligining rasmiy veb sahifasida maʼlum qilingan.

Jabrdiydalar

Image copyright Getty Images

Hokimlik rasmiy web sahifasida eʼlon qilingan eng soʻnggi maʼlumotlarga tayanilsa, qurbonlar orasida biror bir Markaziy Osiyo fuqarosi yoʻq.

Bu maʼlumotni BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida Oʻzbekistonning Moskvadagi elchixonasi vakili ham tasdiqladi.

Ammo, rasmiy maʼlumotlarga koʻra, yaralanganlar orasida bir nafardan Oʻzbekiston, Belarus va Qozogʻiston fuqarolari bor.

Yaralanganlardan 12 tasining ahvoli ogʻirligi aytilarkan, Oʻzbekiston elchixonasi vakilining aytishicha, oʻz fuqarolarining yarasi yengil.

Sankt-Peterburg hokimligining rasman bildirishicha, masʼul idoralar va Rossiya Favqulodda Vaziyatlar boʻyicha vazirligi vakillari jabrdiydalar yaqinlari bilan aloqaga chiqib, ularga maʼlumot berib, koʻmak soʻrab, qayerga murojaat qilishlari mumkinligini aytishmoqda.

Xuddi shu vazirlik va Ijtimoiy siyosat boʻyicha qoʻmita mutaxassislari esa, ularga ruhiy yordam koʻrsatishayotir.

Soʻnggi bor Rossiya metrosi bundan yetti yil burun qonli hujumlarga sahna boʻlgan.

Oʻshanda 80 dan ortiq insonning umriga zomin boʻlgan bu qoʻshaloq hujumlarga Shimoliy Kavkazdagi isyonchi guruhlarga aloqasi borliklari aytilgan jangarilar gumon etilishgandi.

Sankt-Peterburgdagi soʻnggi vaziyat va u yerda boʻlgan Markaziy osiyoliklarning kayfiyatlarini bilish uchun faol Sevara Mannonova bilan suhbatimizni nazardan qochirmang.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring