Yana bir oʻzbek milliarder vataniga sarmoya kiritmoqchi

Iskandar Mahmudov Image copyright Olligator.ru
Image caption Forbes nashri 2016 yilda Mahmudovning boyligini 4 milliard dollar deb baholagan.

Rossiyadagi asli oʻzbekistonlik milliarder Iskandar Mahmudovning Ural togʻ-metallurgiya shirkati (UGMK) Qoraqalpogʻistonning Tebinbuloq titan magnetit ruda konini tadqiq etishga yuz millionlab dollar miqdorida sarmoya kiritishni rejalamoqda.

Podrobno.uz nashrining Moskvadagi Oʻzbekiston elchixonasiga tayanib xabar berishicha, qoʻshma loyihaga doir bitim Prezident Mirziyoyevning Moskvaga tashrifi chogʻida imzolanadi.

Rossiyalik hamkorlar bilan poʻlat quyish zavodini ishga tushirish loyihasining umumiy qiymati 1,5 milliard dollar ekani aytilgan.

Asli buxorolik Iskandar Mahmudovning UGMK shirkati Rossiyaning turli mintaqalarida joylashgan 40 dan ortiq korxonalarni oʻz ichiga oladi.

Forbes nashri 2016 yilda Mahmudovning boyligini 4 milliard dollar deb baholagan.

U Rossiyaning eng boy odamlari roʻyxatida 21, (2016) va dunyoda 81-oʻrinda (2014).

54 yashar Iskandar Mahmudov Toshkent Davlat Universitetining (Hozirgi Milliy-tahr.) sharqshunoslik boʻlimini tamomlagan va Yaqin Sharq davlatlarida harbiy tarjimon boʻlib ishlagan.

1990-yillar boshida Rossiyaga ketib, toshkentlik mashhur aka-uka Chernoylar bilan alyuminiy biznesida hamkorlik qilgani aytiladi.

Rossiya matbuoti avvalroq Mahmudov TsSKA futbol klubining nazorat paketiga egalik qilishi haqida ham yozgan.

Ayrim maʼlumotlarga koʻra, Mahmudov oxirgi 10 yilda Rossiyada xayriya maqsadlariga 1 milliard dollar mablagʻ sarflagan.

Uning hozirga qadar vatani Oʻzbekistonga sarmoya kiritgani maʼlum emas.

Avvalroq boshqa bir oʻzbek milliarderi Alisher Usmonov vataniga qaytishni istashi va rejalayotganini aytgandi.

Usmonov Prezident Mirziyoyev bilan qarindoshlik aloqalariga ega deb ishoniladi.

Uning oʻzi oʻtmishda Oʻzbekistondagi oliy lavozimni egallash niyati borligi haqidagi farazlarni rad etgan.

Prezident Mirziyoyevning Rossiyaga seshanba kuni boshlangan tashrifi chogʻida jaʼmi 16 milliardlik shartnomalarning imzolanishi maʼlum qilingan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring