"Xavfsizlik Kengashi kimyoviy hujumni qoralasin!"

Havo hujumida jabrlanganlar Image copyright Reuters

Birlashgan Millatlar tashkiloti Xavfsizlik Kengashining uch doimiy aʼzosi hisoblangan mamlakat - AQSh, Britaniya va Frantsiya Suriyadagi soʻnggi kimyoviy hujumni qoralash talab qilingan rezolyutsiyaning loyihasini Xavfsizlik Kengashiga taqdim etganlar.

AQSh, Britaniya va Frantsiya taqiqlangan kimyoviy qurolni Idlib viloyatidagi Xan-Shayxun shahrida qoʻllashda Suriya hukumatini ayblamoqdalar.

4 aprel ertalab roʻy bergan hujum oqibatida 72 inson halok boʻlgan.

BMT Xavfsizlik Kengashiga taklif etilgan rezolyutsiya loyihasida Suriya hukumatidan Idlib viloyatidagi hujumga oydinlik kiritish talab qilinadi.

Buning uchun Prezident Bashar al-Assad hukumati kimyoviy hujum borasida xalqaro tergov oʻtkazilishini taʼminlashi, tekshiruvchilarga harbiy aviabazalarni borib tekshirib koʻrishlariga ruxsat berishi, 4 aprel kuni Suriya armiyasi tarkibidagi tikucharlar amalga oshirgan parvozlar, vertolyotlar joylashgan harbiy qismlar rahbarlarining ism-shariflarini taqdim etishi talab qilingan.

Suriya hukumati oʻzining kimyoviy hujumga aloqasi yoʻqligini aytmoqda.

Bundan oldin ham BMT Xavfsizlik Kengashiga Suriya hukumatining amallari qoralangan bir necha rezolyutsiya ilgari surilgan.

Biroq Prezident Bashar al-Assadga harbiy yordam berib kelayotgan Xavfsizlik Kengashining doimiy aʼzosi boʻlgan Rossiya bilan Xitoy boshqa doimiy aʼzolarning rezolyutsiyasi loyihasiga veto kiritgan edilar.

Suriyadagi Inson huquqlari vaziyatini monitoring qilish guruhi guvohlarga tayanib xabar tarqatishicha, seshanba kuni ertalab Suriya shimoli-gʻarbida joylashgan Idlib viloyatidagi Xan-Sheyxun shaharchasi havodan bombardimon qilingan.

Suriyalik faollarning taxmin qilishlaricha, hujumni Suriya yoki Rossiya uchoqlari sodir etgan.

Portlash roʻy berishi bilan insonlar nafasi siqilib oʻlishni boshlaganlar.

Ayrimlar qayt qila boshlaganlar, baʼzi odamlarning ogʻzidan koʻpik kelgan.

Hujum oqibatida 58 inson halok boʻlgani xabar qilingan.

5 aprel tongiga kelib gaz hujumi oqibatida hayotdan koʻz yumganlarning soni 72 ga yetgani, ularning 20 nafari bola, 17 nafari ayol ekani haqidagi xabar tarqaldi.

Hujum qurbonlari shifoxonaga olib borilganlar va ularga tez tibbiy yordam berish boshlangan.

Suriya muxolifati faollarining xabar tarqatishlaricha, oʻsha paytda shifoxona yana havo hujumiga tutilgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring