"6 Markaziy osiyolik IShIDga odam yollagan"

Sankt-Peterburg metrosidagi portlashdan keyin kuchaytirilgan xavfsizlik choralari Image copyright Reuters

Rossiya huquq-tartibot organlari Sankt-Peterburg shahrida asli kelib chiqishi Markaziy Osiyo respublikalaridan boʻlgan 6 shaxsni qoʻlga olganlari, bu odamlar oʻzini "Islomiy Davlat" deb ataydigan va "Jabhatul-Nusra" guruhlari uchun jangarilarni yollashda gumon qilinayotganlari haqida xabar tarqatdilar.

Rasmiylar "Oʻrta Osiyo respublikalarining 6 fuqarosi" hibsga olinganlarini aytmoqdalar, biroq ularning aynan qaysi mamlakatlar fuqarolari ekanliklari sir saqlanmoqda.

Rasmiylarga koʻra, qoʻlga olingan kishilar "asosan Oʻrta Osiyo respublikalaridan kelgan odamlarni terrorchilik jinoyatlari sodir etishga va guruhlar faoliyatiga jalb qilish bilan shugʻullanganlar".

Rossiya Tergov qoʻmitasi bu qoʻlga olingan shaxslarning Sankt-Peterburgdagi 3 apreldagi metrodagi portlashga aloqasi bor-yoʻqligi hamda portlash uyushtiruvchisi bilan bu odamlarning tanish yoki tanish emasligi borasida hozircha maʼlumot yoʻqligini maʼlum qilgan.

3 aprel kuni tushki soat 14:30 larda Sankt-Peterburga metrosining "Sennaya" va "Texnologicheskiy institut" bekatlari oʻrtasida borayotgan poyezd vagonida portlash roʻy bergan.

Portlash oqibatida 11 inson halok boʻlgan, qariyb 50 kishi yaralangan.

Shifoxonada yana uch inson hayotdan koʻz yumdi.

Portlashdan keyin metroning "Qoʻzgʻolon maydoni" bekatida ham portlovchi modda topilgani va uni zararsizlantirishga muvaffaq boʻlingani haqida xabar tarqatdilar Rossiya rasmiylari.

Sankt-Peterburgdagi portlash tashkilotchisi borasida ham shu kungacha ham qarama-qarshi xabarlar tarqalmoqda.

Dastlab hali Rossiya huquq-tartibot organlari hujumda kimni gumon qilayotganlarini ochiqlamasdan turib Qirgʻiziston xavfsizlik qoʻmitasining hujumchining 1995 yilda Oʻshda tugʻilgan Akbarjon Jalilov ekani haqidagi xabari tarqaldi.

Keyinroq esa Sankt-Peterburg metrosida portlashni sodir etishda gumonlanayotgan shaxsning Rossiya fuqaroligini olgani xabar qilindi.

Qirgʻiziston Tashqi ishlar vazirligi gumondorning Qirgʻiziston fuqarosi ekani haqidagi ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabarlar haiaqatga toʻgʻri kelmasligi haqida bayonot tarqatdi.

"Taʼkidlash lozimki, Akbarjon Jalilov hech qachon Qirgʻiziston Respublikasi fuqarosi pasportini olmagan. Chunki Rossiya fuqarosi boʻlgan otasining arizasiga binoan 2011 yili 16 yoshga toʻlgan paytida Rossiya Federatsiyasi fuqarosi pasportini olgan va oʻsha vaqtdan buyon Rossiya Federatsiyasi hududida yashab kelgan", deyiladi Qirgʻiziston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Sankt-Peterburg metrosidagi portlash uchun masʼuliyatni hech qaysi tashkilot oʻz zimmasiga olmagan.

Rossiya Tergov qoʻmitasi portlash yuzasidan "terrorchilik xuruji" bandi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq