Moskvada Savitskiy muzeyi asarlari namoyish etiladi

Image copyright Savitskykollection.org

Moskvadagi Pushkin nomidagi Tasviriy sanʼat muzeyida Oʻzbekistonning dunyoga mashhur Savitskiy muzeyida saqlanadigan suratlar koʻrgazmasi ochilmoqda.

Koʻrgazmaga "Nukus xazinasi" deb nom berilgan.

Moskvada Savitskiy muzeyidagi avangard va postavangard yoʻnalishida ijod qilgan rassomlarning 200 ga yaqin asarlari, kulolchilik namunalari va Qoraqalpogʻistonda topilgan ayrim arxeologik eksponatlar koʻrgazmaga qoʻyiladi.

Oʻzbekiston va Rossiya rasmiylari va sanʼat namoyandalari ushbu koʻrgazma ochilayotganini yuqori baholaganlar.

"Nukus xazinasi" Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga ilk - davlat tashrifi payti ochilmoqda va koʻrgazmaning ahamiyatini Prezident Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan yuzma-yuz muloqoti paytida alohida urgʻulagan.

"Biz bu koʻrgazmani bir necha oʻn yil kutdik" deb aytgan Rossiya Prezidentining xalqaro madaniy hamkorlik boʻyicha maxsus vakili Mixail Shvidkoy.

Bundan oldin Savitskiy kollektsiyasi Nukusdan boshqa hech joyda namoyishga qoʻyilmagan.

Nukusdagi Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq Davlat Sanʼat Muzeyi u yerda jamlangan noyob asarlari bilan dunyoga tanilgan.

Asli aslzodalardan boʻlgan Igor Savitskiy Ikkinchi Jahon Urushidan avval Oʻzbekistonga koʻchib oʻtgan va oʻz kollektorlik faoliyatini qoraqalpoq osori-atiqalarini yigʻishdan boshlagan.

U soʻngra yillar davomida Rossiya va Oʻzbekistonda sovet targʻiboti va sovet realizmiga toʻgʻri kelmaydigan avangard asarlarni toʻplay boshlagan.

Uning yordami bilan sovet hukumati qora roʻyxatiga tushgan rassomlarning koʻrgazmalari uyushtirilgan va Stalin davrida qatagʻonga uchragan va otilgan rassomlarning minglab asarlari saqlab qolingan.

Savitskiy muzeyida 44 ming sanʼat asari borligi aytiladi.

Lekin, bular grafika va tasviriy sanʼat asarlari deb ishoniladi.

Boshqa maʼlumotlarga koʻra esa, Qoraqalpoq amaliy sanʼat asarlari bilan qoʻshib sanalsa, u yerda 90 mingga yaqin asarlar saqlanadi.

2015 yili avgustida Savitskiy muzeyiga uzoq yillar direktorlik qilgan Marinika Babanazarova ishidan boʻshatildi.

Shundan soʻng muzeydagi asarlar taqdiri borasida xavotirlar ham bildirilgandi.

Pushkin muzeyidagi "Nukus xazinasi" koʻrgazmasining 6 apreldan 10 maygacha davom etishi xabar qilingan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring