"Hazrati palov"da Oʻzbekiston va oʻzbek palovi gʻolib

Palov Image copyright facebook
Image caption Tanlov gʻolibi - "Izobiliye"("Baraka") palovi

Moskvadan olingan xabarlarga koʻra, xalqaro hayʼat aʼzolari nafaqat mazasi, balki-da tayyorlanish texnikasi, tashqi qiyofasi va taqdimotiga ham qarab, bu kabi xulosaga kelishgan.

"Hazrati palov" tanlovi ishtirokchisi boʻlgan toʻqqiz davlat: Tojikiston, Afgʻoniston, Ozarbayjon, Eron, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Pokiston va kurd jamoasi vakillari orasidan ustunlikni Oʻzbekiston jamoasiga berishgan.

Bu yilgi xalqaro xayriya tanlovining birinchi bosqichi shu dam olish kunlarida Rossiya poytaxti Moskvada boʻlib oʻtgan.

Tadbir doirasida yana milliy liboslar namoyish etilgan, sharqona kuy-qoʻshiq, raqslar ijro etilgan, turli koʻrgazmalar ham tashkil etilgan.

"Hazrati palov" bu yil ham Moskvada boʻlgan minglab odamlarning eʼtiborlarini oʻziga jalb qilgan, xabarlarga koʻra, tanlov ishtirokchilari tomonidan tayyorlangan palov va boshqa taomlar taʼmini tatib koʻrish uchun uzundan-uzoq navbatlar tizilib ketgan.

Rossiyaning qoq bagʻrida gʻoliblik uchun kurash olib borgan bu toʻqqiz davlatni tanlovda oʻz milliy jamiyatlari va elchixonalari vakillari namoyon etishgan.

Birlari qoʻyning qovurgʻasi, boshqasi mol goʻshti, yana noʻxat, hoʻl va quruq mevalar, kashtan yongʻogʻiyu turli sabzavotlar solib, har bir ishtirokchi jamoa palovni faqat oʻzlariga xos uslubda tayyorlashgan.

Ularning "ijodlari mahsuli"ni baholagan turfa millatli hayʼat tarkibiga esa, Rossiyadagi yetakchi kulinariya tanqidchilari, Sharq oshxonasining bilimdonlari, sanʼat va madaniyat arboblari, taniqli jurnalistlar, ayrim nomdor chet el restoranlari Bosh oshpazlari kirishgan.

Bu hayʼatga raislik qilish esa, Oʻzbekiston Oshpazlar uyushmasining faxriy aʼzosi, usta oshpaz, koʻplab mashhur taomlar kitobi muallifi Hakim Gʻaniyev zimmasiga yuklatilgan.

"Tajriba"

Oʻzbekistonlik taniqli va isteʼdodli oshpaz, "Chustiy cuisine" restoranlar tarmogʻi rahbari, Oshxona.uz sayti bloggeri va asoschisi Bahriddin Chustiy 2015 yilda uyushtirilgan "Hazrati palov" ilk tanlovining ishtirokchisi boʻladi.

Uning Toshkentdan BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, bu kabi tanlovda gʻalaba qozonish oson ish emas.

"Adashmasam, yetti-sakkiz davlatdan jaʼmi 18 ta jamoa bor edi. Ularning ichida Argentina ham bor edi, hokazo va hokazo...Hindiston ham bor edi, Tojikiston ham...Raqobatchilar koʻp edi, Oʻzbekistonning oʻzidan bir nechta ishtirokchi bor edi. Raqobat juda kuchli edi. Men, masalan, uchinchi oʻrinni olishni xayol ham qilmagan edim aslida", - deydi Bahriddin Chustiy.

"Eng asosiysi - yutuq emas, ishtirok, deya borganmiz. Lekin yutuqli oʻrin nasib qilgan. Judayam xursand boʻlganmiz. Albatta hayajon boʻlgan".

"Oʻshanda pishirgan palovim 90 foizga oʻzim istagandek chiqqan, bir 10 foizcha oʻxshamagan. U paytda onlayn roʻyxatdan oʻtilardi. Har bir ishtirokchi oʻzining retseptini berishi kerak edi. Koʻrganimda har xil oshlar bor edi: Toshkentcha, Xorazmcha, Samarqandcha va hokazo...Ammo devzira guruchidan boʻlgan vodiy oshi yoʻq edi. Shu bois ham, men devzira guruchidan tayyorlanuvchi Fargʻonacha choyxona oshi taklifini kiritgan edim. Ammo Oʻzbekistondan chaqirtirgan devzira guruchim oʻsha paytda yetib kelmagan. Va guruchni Moskvadagi Dorogomilovskiy bozoridan sotib olishga majbur boʻlganman. Afsuski, guruch biz istagandek boʻlmagan. Biroz hisobda adashib qolganman, yaʼni...", - deya oʻzining "Hazrati palov" tanlovidagi xotiralari bilan oʻrtoqlashadi bu suhbatdoshimiz.

Gʻolib palov

Ayon boʻlishicha, bu yilgi "Hazrati palov" tanlovida "Izobiliye" - "Baraka", nomlanuvchi palov Oʻzbekiston jamoasiga gʻalaba keltirgan.

"Taʼbir joiz, Moskva zamonaviy palov dunyosining yulduzi boʻlgan Hakim Gʻaniyev shogirdlari tayyorlagan oshning hammasidan zoʻr boʻlishi tabiiy edi. Unga palovga solinishi mumkin boʻlgan hamma narsa solingandi. Alohida boʻlib turgan qoʻyning qovurgʻasi deysizmi, bedananing tuxumlari, noʻxat, anor donalari, behi, hamma, hammasi...palov haqiqatan mazali edi", - deydi xalqaro hayʼat aʼzosi, Moskvadagi Fargʻona.ru internet nashri Bosh muharriri Daniil Kislov.

"Hayʼat aʼzolari hamma narsani inobatga olishdi: taomning qanday idishda taqdim etilgani, qanday bezak berilgani, "ish joyi"ning qanchalik lozim meʼyorlar asosida tashkil etilgani, (chunki ochiqda tayyorlangani bois, hamma narsani chetdan keltirish lozim edi, suvni ham va xuddi shuning barobarida tozalik tartib-qoidalariga rioya etishingiz, chetdagilarga xalaqit bermasligingiz ham taqozo etilardi) - baho berishda bu parametrlarga ham diqqat qilishdi", - deya oʻz soʻzlarida davom etadi bu suhbatdoshimiz.

"Oʻzbekiston, Markaziy Osiyoda tugʻilgan va oshpazlikka usta har qanday inson yaxshi biladiki, palovning qanchalik yaxshiligini guruchi belgilaydi. Agar, guruch yomon boʻlsa va maromiga yetkazib, tayyorlanmasa, uni hech qanday bezak yoki narsa bilan yaxshilay olmaysan. Oʻzbekiston jamoasi tayyorlagan palov esa, qolganlaridan har bir jihatdan ajralib turardi. Guruchi ham qiyomida, taʼmi ham ajoyib, koʻrinishi ham bayramona edi", - deya xulosa qiladi Daniil Kislov.

Bu yilgi "Hazrati palov" tanlovida 2-oʻrin kurd jamiyati vakillariga nasib etgan boʻlsa, uchinchi oʻrinni Tojikiston jamoasi vakillari egallashadi.

"Tomoshabinlar eʼtirofi mukofoti" esa, festival aksariyat mehmonlarining yakdil ovozlari bilan qoʻshni Qirgʻiziston jamoasiga beriladi.

"Bishkek, Jalol-Obod va Qirgʻizistonning boshqa bir qancha viloyatlaridan boʻlgan qirgʻiz yigitlari rostmana oʻzbekcha - Oʻshcha palov tayyorlashdi. Fargʻona vodiysiga xos bir palov, Oʻzganning guruchidan tayyorlangan va "Erkak oshi", deb nomlangandi. Bu palov ham menga yoqdi. Moskvaliklar ham yoqtirishdi. Keyin bilsak, uni olqishlagan moskvaliklar palovni yaxshi tushunuvchi asli Fargʻona vodiysiliklar boʻlib chiqishdi", - deydi bu osh haqida soʻz ketganda xalqaro hayʼat aʼzosi boʻlgan suhbatdoshimiz Daniil Kislov kulgusini yashira olmay.

Palov

Oʻz oʻrnida eslatib oʻtish joiz, Moskva mezbonlik qilgan bu yilgi "Hazrati palov" tanlovi oʻzbekcha va tojikcha palov Birlashgan Millatlar Tashkiloti UNESCO jamgʻarmasi tomonidan "Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi" roʻyxatiga kiritilishidan toʻrt oy oʻtib uyushtirilgan.

Tadbir tashkilotchisi boʻlgan Rossiyaning "Fabrika festivaley" shirkatining bildirishicha, Moskvadagi tanlov bu yil hisobidan faqat boshlanishi boʻladi.

Joriy yil yakuniga qadar yana Sochi, Rostov-na-Donu, Sankt-Peterburg, Ufa, Samara, Nelidovo, Volgograd, Sevastopol, Astraxanь va Kavminvodyda "Hazrati palov" tanlovining keyingi bosqichlarini oʻtkazish rejasidalar.

Soʻnggi yangilik manzarasida Oʻzbekiston Oshpazlar Uyushmasi raisi Akbar Umarovning BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, bu kabi tadbirlar Oʻzbek xalqi madaniyatini targʻib etish, Oʻzbekistonni dunyoga tanitishda judayam katta xizmat qiladi.

"Bilamizki, har bir davlatning oʻzining tarixiy obidalari bor. Har bir xalqning oʻz madaniyati bor. Albatta, bizlar ham shu palov orqali oʻzimizning madaniyatimiz, tariximiz, kerak boʻlsa, xalqimizning qanchalik saxovatli ekanini tanitib boramiz...Mehmondoʻstligimiz shu taomlarni tayyorlab, koʻpchilikni kutib olib, ularga tortiq qilish orqali yetkazishda koʻrinadi. Albatta, bunaqa tadbirlardan keyin boshqa xalqlarning yurtimizga nisbatan, xalqimizga nisbatan hurmati umuman cheksiz boʻladi", - deydi u kishi.

Qanaqa osh...

Xuddi shu manzarada uzoq yillardan buyon Moskvada yashab, mehnat qilib kelayotgan oʻzbekistonlik suhbatdoshimizning oʻz kuzatuvlaridan kelib chiqib aytishicha, mahalliy aholi oʻzbeklarning milliy palovini juda yaxshi koʻrishadi va hozirga kelib, farqlash darajasigacha ham borishgan.

"Hatto, shu darajaga borishganki, masalan, Samarqand oshi, Buxoro oshi yoki Andijoncha osh, hammasining farqiga borishadi, oq osh...".

"Ammo moskvaliklar orasida eng mashhur oʻzbek oshlari Toshkent va Margʻilonchasi boʻladi", - deydi bu suhbatdoshimiz.

U kishining aytishicha, shu kunlarda Rossiya poytaxti restoranlarida bir kilogramm guruchdan tayyorlangan osh 7-8 kishiga 20-25 AQSh dollariga tushadi.

Shu bois, tushlikka boʻladimi va yoki kechki ovqatga, oʻzbek palovini doʻstlaringiz bilan birga, bir davrada oʻtirib tanavvul qilmoqchi boʻlsangiz, choʻntagingiz bemalol koʻtaradi, kishiga ogʻirlik qilmaydi- deydi bu suhbatdoshimiz.

Soʻnggi yillarda Moskvada oʻzbek milliy taomlari taqdim etuvchi restoran va yemakxonalar sonining keskin ortgani kuzatiladi.

Oʻzbek taomlarini xush koʻruvchi mahalliy aholi nazarda tutilmaganda ham, butun Rossiya boʻylab mehnat qilayotgan birgina markaziy osiyolik muhojirlar sonining oʻzi qariyb olti millionga yetishi aytiladi.

Agar, tadbir rasmiy web sahifasida imkonli boʻlgan maʼlumotlarga tayanilsa, bu loyihadan maqsad - Sharq oshxonasini ommalashtirish.

Rossiyaliklarni Sharq madaniyati bilan yanada yaqindan tanishtirish.

Rossiya va boshqa qoʻshni davlatlar xalqlarini bir-birlari bilan imkon qadar jipslashtirish.

Kam taʼminlangan, ehtiyojmand va xasta insonlarga koʻmak berishdir.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring