Andrey Grozin: "Mirziyoyev Karimovning yumshoqroq koʻrinishi"

Kremlin Image copyright Kremlin.ru

Moskvaga tashrif buyurgan Prezident Shavkat Mirziyoyev Kremlda Prezident Vladimir Putin bilan muzokaralar olib borgan. Ikki davlat rahbarlari anʼanaviy doʻstlik aloqalari, iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish haqida gapirganlar. Tashrif chogʻida jaʼmi 16 milliard dollarlik shartnomalarning imzolanishi maʼlum qilingan. Har ikki tomon asosan, iqtisodiy hamkorlikka urgʻu qaratmoqda. Ammo Putin-Mirziyoyev uchrashuvning siyosiy kun tartibi haqida nimalar maʼlum? BBC Moskvadagi MDH instituti tahlilchisi Andrey Grozin bilan suhbatlashgan.

Andrey Grozin: Uchrashuvning siyosiy kun tartibi unchalik ham tigʻiz emas. Har ikki tomonning soʻnggi kunlarda qilgan bayonotlariga koʻra, asosan iqtisodiy mavzudagi masalalar muhokama etiladi. Ammo albatta, siyosatsiz iqtisod boʻlmaydi va qandaydir siyosiy masalalar ham yechilishi tabiiy. Jumladan, harbiy-texnik hamkorlik masalasi. Rasmiy Toshkent oʻz Qurolli Kuchlari va harbiy sanoatini tezlik bilan zamonaviylashtirish rejasini eʼlon qilgan. Bundan tashqari, xavfsizlik masalasi albatta kun tartibida boʻladi. Bir tomondan, anʼanaviy tahdidlar, ikkinchi tomondan hozirgi paytda Oʻzbekistonda yangi shaxs rahbarligida qaror topayotgan yangicha siyosiy tartib duch kelishi mumkin boʻlgan yangi chaqiriqlar ham bor.

BBC: Moskvaga tashrif kutilganining aksiga, Mirziyoyevning xorijga birinchi ham, ikkinchi ham tashrifi boʻlgani yoʻq. Ayrim tahlilchilar Oʻzbekiston va Qozogʻiston bir navi ittifoq tuzishga, Rossiyaning mintaqadagi taʼsirini birgalikda muvozanatlashga urinmoqda, degan fikrlarni ham aytishdi. Oʻzbekistonning mintaqadagi faollashuvi Kreml tomonidan qanday qabul qilinmoqda?

Andrey Grozin: Bu kabi ehtimolni istisno qilib boʻlmaydi albatta. Sababi Toshkentdagi va Ostonadagi oʻyinchilar anchayin idddaoli. Ularning har ikkalasi uchun shubhasiz, mintaqaviy siyosiy mavqeʼlari muhim. Rossiya, AQSh yoki Xitoyning mintaqadagi manfaatlari Oʻzbekiston va Qozogʻistonning mustaqil siyosat yuritishlari uchun maʼlum toʻsiqlarni paydo qiladi. Bu hamma vaqt shunday boʻlgan va boʻladi. Oʻzbekistonning yangi rahbari shubhasiz, mintaqada yangi siyosiy konfiguratsiyani yaratishga harakat qilayapti. Hozir bir tomondan yaqin qoʻshnilar bilan, ikkinchi tomondan, dunyodagi yetakchi qudrat markazlari-Moskva, Pekin hamda Vashington bilan aloqalarni yangidan yoʻlga qoʻyish jarayoni ketmoqda. Ichki siyosatda Shavkat Miromonovich Oʻzbekiston iqtisodining rivojlanishi uchun turtki beradigan omillarni ishga tushirishga harakat qilayapti. Chunki mamlakatda iqtisodiy muammolar toʻplanib qolgan. Ammo aniq siyosiy yoʻnalishni tanlamasdan turib, iqtisodiy muammolarni hal qilib boʻlmaydi. Oʻzbekiston iqtisodini zamonaviylashtirish uchun katta sarmoyalar, texnologiyalar va shubhasiz, siyosiy dastak kerak. Mirziyoyev albatta tajribali siyosatchi, ammo xalqaro siyosatda hozir koʻp narsalarni oʻrganayapti. Shuning uchun Rossiyaga tashrif koʻproq tanishuv xarakteriga ega va undan qandaydir siyosiy burilishlarni kutib boʻlmaydi. Oʻzbekistonning ichki va tashqi siyosati anchayin inertsion, shoshilmas. Marhum prezident davrida keskin burilishlar boʻlgan, ammo bu burilishlar ham mamlakat ichi va atrofidagi uzoq muddatli siyosiy trendlar natijasida yuzaga kelganligini unutmasligimiz kerak. Men hozircha Oʻzbekiston va Qozogʻistonning Rossiyaga qarshi qandaydir ittifoqi haqida gapirmagan boʻlardim. Agar shu kabi jarayon boʻlsa ham, u juda sekinlik bilan kechadi. Chunki ikki mamlakatning iqtisodlari bir-biridan butkul farq qiladi va tashqi siyosatdagi ustuvor yoʻnalishlari ham ancha farqli. Bu yerda Qozogʻistonning eski va Oʻzbekistonning yangi rahbarlarining siyosiy irodasining oʻzi yetarli emas.

BBC: Karimov siyosiy sahnadan ketishi ortidan Rossiyada mana endi Oʻzbekiston Rossiyaga koʻproq yaqinlashadi, ODKB yoki Yevrosiyo Ittifoqiga aʼzo boʻladi qabilidagi kutishlar paydo boʻlgan edi. Bu kabi kutishlar hozir ham bormi?

Image copyright Sputnik
Image caption Andrey Grozinning fikricha, Moskva-Toshkent aloqalarida jiddiy burilishlar kutilmaydi.

Andrey Grozin: Bilasizmi, hatto oʻsha paytdagi kutishlar ham anchayin marginal xarakterga ega edi. Oʻzbekiston siyosati bilan yaqindan tanish boʻlgan jiddiy tahlilchilar bunday bashoratlar qilishgani yoʻq. Umuman olganda, bularning hammasi siyosiy publitsistika edi, xolos. Mening oʻzim boshidan Toshkentning tashqi siyosatida jiddiy burilishlarni kutishga asos yoʻqligini aytib kelaman. Buning bir qator obʼektiv va subʼektiv sabablari bor. Oʻzbekistonning tashqi siyosati ancha muhofazakor. Unda favqulodda burilishlar kamdan-kam boʻladi. Faqat Andijon singari fors-major vaziyatlarda shu kabi burilishlarga guvoh boʻlganmiz. Hozir Oʻzbekistondagi ichki siyosiyo vaziyatda bu kabi manzara kuzatilayotgani yoʻq. Nazariy jihatdan, Oʻzbekiston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidagi aʼzoligini qayta tiklashi mumkin. Ammo buning uchun janubda mavjud boʻlgan anʼanaviy tahdidlar ancha keskin tus olishi, Oʻzbekiston va mintaqadagi siyosiy tizimlarga jiddiy xavf solishi kerak boʻladi. Hozircha buni koʻrmayapmiz. Albatta, Afgʻonistonda muammolar yetarli. Ammo Toshkent ODKBning eshigini qoqadigan darajada emas. Qolaversa, Toshkent Moskva bilan xavfsizlik kafolatlariga doir ikki tomonlama shartnomalarga ega. Bu shartnomalar Andijon voqealaridan soʻng imzolangan edi va ularni hech kim bekor qilgani yoʻq.

BBC: Bilamizki, Karimov oʻz vaqtida Rossiyaning mintaqadagi taʼsiriga chiranib kelgan. Sizningcha, Putinga Mirziyoyev bilan muzokara olib borish osonroq va Rossiya manfaatlarini ilgari surish qulayroq boʻladimi?

Andrey Grozin: Qisman osonroq boʻladi albata. Chunki Islom Karimov bilan muzokara olib borish juda qiyin edi. Inson sifatida u murakkab xarakterga ega boʻlgan va qoʻshnilar, hamkorlar bilan qanday muzokara olib borish yuzasidan qatʼiy qarashlari bor edi. Albatta, Mirziyoyev ham anoyi emas. Moskvadagi tahlilchilar unga nisbatan "Karimovning yumshoqroq koʻrinishi" va hatto "Karimov light" degan iborani ham ishlatishyapti. Shavkat Miromonovich Karimovdan yoshroq va sal yumshoqroq, xolos. Ammo albatta, Mirziyoyev yangi odam va yangi odam bilan munosabatlarni oʻrnatish osonroq. Ayniqsa, siz bu odamni yaxshi bilsangiz. Putin bosh vazirlik davrida Mirziyoyev bilan yaqindan ishlagan va uni yaxshi biladi. Ikki rahbar oʻrtasida oʻziga yarasha shaxsiy aloqalar ham bor. Agar Oʻzbekiston iqtisodiy modernizatsiya jarayonini boshlay olsa, Rossiya biznesining bu jarayonda faol ishtirok etishiga imkoniyat paydo boʻladi. Rossiyada esa yirik biznesning hammasi, bilasiz, Kreml bilan aloqador. Shu maʼnoda ha, Moskvada kutishlar bor. Ammo bu kutishlarni men boʻrttirmagan boʻlardim. Albatta, munosabatlar yangidan boshlanadi, yangi sahifa ochiladi. Ammo bularning hammasi, taʼbir joiz boʻlsa, alohida fanatizmsiz qilinadi, deb oʻylayman.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring