Turkiya: "Idlibda kimyoviy qurol ishlatilgan"

Suriya Image copyright Getty Images
Image caption 4 aprel ertalab roʻy bergan hujum oqibatida 72 inson halok boʻlgan

Turkiyada oʻtkazilgan tekshiruvlar Suriyaning Idlib viloyatida tinch aholiga qarshi kimyoviy qurol ishlatilganini tasdiqlagan.

Bu haqda Turkiya Adliya vaziri Bakir Boʻzdogʻ maʼlum qilgan.

Uning soʻzlariga koʻra, Idlibda halok boʻlganlarning jasadlarini yorib koʻrish natijasida kimyoviy qurol qoʻllanilgani tasdiqlangan.

"Jasadlarni yorib koʻrish natijasida maʼlum boʻldiki, Idlibda kimyoviy qurol ishlatilgan", - deb aytgan turk hukumati mulozimi.

Seshanba kuni ertalab Idlib viloyatining Xan-Shayxun shahridagi bombardimonlar natijasida oʻnlab odamlar halok boʻlgan.

Qurbonlarning koʻpchiligida ogʻir kimyoviy zaxarlanish asoratlari kuzatilgan.

30 kishi chegara osha qoʻshni Turkiyaga yetkazilgan, ulardan 3 nafari vafot etgan.

Suriya harbiylari kimyoviy qurol ishlatganini rad etmoqda.

Ularga koʻra, zaharli gazlar Al-Qoidaga aloqador "Hayyat Tahrir ash-Shom" guruhi tomonidan ishlatilgan.

Rossiya harbiylarining farazicha, Suriya havo kuchlari jangarilarning kimyoviy qurol saqlangan yirik omborini nishonga olgan.

Avvalroq AQSh Prezidenti Donald Tramp Suriyada tinch aholiga qarshi aftidan, kimyoviy qurol ishlatilganini qoralagan.

"Bu insoniyatga qarshi haqoratdir. Begunoh odamlar, bolalar va chaqaloqlarni oʻldirish chegarani oshishdir", deb aytgan Tramp.

AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens Rossiyaga 2013 yildagi bitimga muvofiq, Suriyadagi kimyoviy qurollarni yoʻq qilish majburiyatini eslatgan.

BMT Xavfsizlik Kengashiga taklif etilgan rezolyutsiya loyihasida Suriya hukumatidan Idlib viloyatidagi hujumga oydinlik kiritish talab qilinadi.

Buning uchun Prezident Bashar al-Assad hukumati kimyoviy hujum borasida xalqaro tergov oʻtkazilishini taʼminlashi, tekshiruvchilarga harbiy aviabazalarni borib tekshirib koʻrishlariga ruxsat berishi, 4 aprel kuni Suriya armiyasi tarkibidagi tikucharlar amalga oshirgan parvozlar, vertolyotlar joylashgan harbiy qismlar rahbarlarining ism-shariflarini taqdim etishi talab qilingan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring