Aun San Su Chi: "Etnik tozalash" deyish haddan oshirib yuborish

Aun San Su Chi Image copyright AFP

Myanmarning amaldagi rahbari Aun San Su Chi mamlakatida Rohinja musulmonlariga nisbatan etnik tozalash yuz berayotganini rad etdi.

Oxirgi yillarda Rohinja musulmonlari uchun Birmada yashab boʻlmay qolgani haqidagi xabarlar juda koʻp tarqaldi, BBCga eksklyuziv intervyusida Nobel mukofoti laureati Aun San Su Chi musulmonlar huquqlari poymol etilayotganini inkor etgan.

Aun San Su Chi Rohinja musulmonlari yashab kelgan Raxine shtatida muammolar bor, lekin Rohinjalarga qarshi etnik tozalash boʻlayapti, deyish haddan oshirib yuborish boʻladi, degan.

"Bu yerda etnik tozalash boʻlayapti, deb oʻylamayman. Oʻylaymanki, etnik tozalash degan taʼrif yuz berayotgan narsalarga nisbatan juda qattiq ifoda", deb aytgan BBCning maxsus muxbiri Fergal Keane bilan suhbatda.

"Bu yerda katta dushmanlik bor - agar rasmiylar bilan hamkorlik qilayapti, deb oʻylasalar, musulmonlar musulmonlarning oʻzini oʻldirayaptilar", deb aytgan San Su Chi.

"Bu siz aytayotgandek etnik tozalash masalasi emas - bu boʻlinishning ikki tarafida boʻlib qolgan insonlarning masalasi. Biz bu boʻlinishni yoʻqotishga harakat qilayapmiz", degan Su Chi xonim.

Image copyright Reuters
Image caption Bangladeshdagi qochqinlar jamlogʻida yashayotgan qizaloq koʻz yoshlarini toʻxtatolmaydi

Myanmar hukumati Rohinja musulmonlariga fuqarolik berishni rad etib keladi.

Rohinjalarning ota-bobolari shu yerda yashab kelganiga qaramasdan, ularga Bangladeshdan kelgan nolegal migrantlar deb qaraladi, ular muntazam ravishda rasmiy va jamoaviy kamsitishlarga yuzma-yuz keladilar.

2012 yili roʻy bergan zoʻravonliklardan keyin oʻn minglab Rohinjalar oʻzlarining yashab turgan joylarini tashlab ketishga majbur boʻldilar, hozir ular Birmaning oʻzidagi, Bangladeshdagi qoʻlbola qochqinlar jamloqlarida kun oʻtkazmoqdalar.

Raxine shtatida Myanmarning 9 politsiyachisi oʻldirilganidan keyin bu shtatda goʻyoki hujumchilarni qidirib topish vaji bilan yirik harbiy amaliyotlar boshlandi.

Aslida harbiy amaliyot deb nomlangan harakatlar Rohinjalarga nisbatan qirgʻinga aylangani haqida xabarlar tarqaldi.

Soʻnggi oylarning oʻzida 70000 atrofida Rohinjaning Bangladeshga qochib oʻtishdan oʻzga chorasi qolmadi.

Oʻtgan oy Birlashgan Millatlar tashkiloti Myanmar harbiylarining qotilliklar, qiynoqlar va jinsiy zoʻrlashlarni sodir etganlari ustidan tergov oʻtkazishga chaqirdi.

Image copyright EPA
Image caption Rohinja musulmonlariga Myanmar fuqaroligini berish rejasi norozilik namoyishlariga ham sabab boʻldi

Myanmar hukumati bu xabarlarni ham rad etadi.

Dunyodagi koʻpchilik nazarida Su Chi xonimning Rohinjalarga nisbatan boʻlayotgan zugʻumlarga sukut saqlagani uning xalqaro obroʻiga putur yetkazdi.

Aun San Su Chi bir necha oʻn yil uy qamogʻida saqlangan, harbiy xuntaga qarshi kurashchi, inson huquqlari va demokratiya uchun koʻzga koʻringan faol obroʻsiga ega edi.

Endi Myanmardagi qudrat Aun San Su Chi qoʻliga oʻtganidan keyin Rohinjalar masalasida koʻzini yumib kelayotgani uchun u xalqaro bosimlar ostida qolmoqda, bu bosim tobora ortib bormoqda.

BBC bilan suhbatda u bu savolga bundan oldin javob berganman, deb aytdi.

"Savol 2013 yili Raxineda oxirgi zoʻravonliklar boshlangandan buyon koʻtarib kelinadi. Va ular(jurnalistlar) menga savol berishlari va men ularga javob berishim va odamlar meni hech narsa aytmadi, deyishlari mumkin. Buning sababi oddiy, chunki men odamlar xohlagan bayonotlarni, men qilishimni xohlagan bayonotni, yaʼni men bir jamoani yoki boshqasini qoralaydigan bayonotlarni bermadim", deb aytgan Aun San Su Chi.

Aun San Su Chi aytishicha, u oʻtgan yili oktyabrida nega hujumlar sodir boʻlgani sababini bilmaydi.

Image copyright Reuters
Image caption Bangladesh hududiga qochib oʻtgan Rohinja musulmonlari tashkikl qilgan roʻyxatdan oʻtkazilmagan qochqinlar jamlogʻi

Biroq bu Myanmar davlati bilan boshqa turli qurolli etnik guruhlar oʻrtasida boshlangan tinchlik muzokaralarini izdan chiqarish urinishi boʻlishi mumkin, deb aytgan.

Su Chi xonim, shuningdek, Myanmar armiyasi "koʻngliga kelganini qilavermaydi", degan.

"Ular jinsiy zoʻrlash, talon-taroj qilish va qiynoqqa solish borasida oʻz erkiga qoʻyib qoʻyilmaganlar. Ular borib jang qilishda erkindirlar. Bu konstitutsiyada yozilgan. Harbiy masalalar armiya ixtiyoriga berilishi kerak", deb aytgan u.

Ammo Aun San Su Chi hukumat harbiylar ustidan nazoratni oʻz qoʻliga olishga umid qilayotganini tan oldi.

Mamlakatdagi joriy konstitutsiya boʻyicha harbiylar qudratdagi partiyadan mustaqil ravishda faoliyat yurita oladi.

Ogʻir ahvoldan qochib Myanmarga qoʻshni mamlakatlarga qochib ketgan Rohinjalar ortga qaytishlari mumkin, deb aytgan Su Chi.

"Agar ular qaytishsa, ular xavfsiz boʻlishadi. Bu narsa ularning oʻzining ixtiyorida, ayrimlar qaytishdi ham. Biz ularning ortga qaytishlarini xush qarshilaymiz", deb aytgan Aun San Su Chi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq