Mirziyoyev Kremlda: "Bunaqasi hali boʻlmagan"

Kremlin.ru Image copyright Kremlin.ru

Rossiyaning yetakchi nashrlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning Moskvaga tashrifi koʻtarinki va konstruktiv ruhda oʻtgani haqida yozgan.

Oʻzbekistonning yangi rahbarini rossiyalik oʻquvchilar ommasiga taqdim etarkan, Kreml jurnalistlari uning marhum Islom Karimovdan farqli jihatlarini urgʻulashga harakat qilganliklari kuzatiladi.

Prezident Putining eng sevimli jurnalisti sifatida nom chiqargan "Ъ" (Kommersantʼ) siyosiy sharhlovchisi Andrey Kolesnikov payshanba kuni chop etilgan maqolasi muqaddimasidayoq Mirziyoyevning "kuchli taassurot qoldirishi"ni taʼkidlaydi.

"Oʻzbekistonning yangi prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev juda kuchli taassurot qoldiradi. Aftidan, "Rossiya" soʻzini talaffuz qilganda, uning bagʻri bexosdan ochilib ketadi va u har qanday shamolni bagʻriga bosishga tayyor. Va bu shamollarning hammasi unga yoʻldosh", deb yozadi Kolesnikov.

Kommersantʼ muxbiri Mirziyoyevning ikki oʻrtadagi tovar ayirboshlash hajmiga doir raqamlardan toʻlqinlangani haqidagi hayajonini tasvirlarkan, oʻzi ham hayajonini yashirmaydi.

"Vladimir Vladimirovich,— deya hayajonini yashirolmaydi Shavkat Mirziyoyev,- bunaqasi hali boʻlmagan!!! Va bu oxirgi 4 oydagi ishlar natijasi!

Asosiysi, bularning barchasi haqiqat!".

"Miromonovich!"

Ayni paytda Kreml jurnalistlari va rasmiy anjuman boshlovchilari yangi oʻzbek rahbarining ismi-sharifini talaffuz qilishga oʻrganishlari uchun maʼlum vaqt ketadigan koʻrinadi.

Kommersantʼ nashri Mirziyoyevning familiyasini "Mirziyeev" shaklida yozgan.

Shartnomlarni imzolash marosimida esa Mirziyoyevning otasining ismi-"Miromonovich"ni talaffuz qilishga qiynalgan Kreml suxandoni Yevgeniy Xoroshevni shaxsan Vladimir Putinning oʻzi tuzatishga majbur boʻldi.

Zalda kulgi koʻtarilarkan, "Miromonovich!" deya baland ovozda taʼkidladi Putin.

Mirziyoyevning oʻzi xijolat boʻlmaslikka tirishgani koʻrinib turardi.

Bu kabi noqulaylik Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Aleksandrovich Kolokolьtsevning familiyasini oʻqib eshittirish chogʻida ham takrorlandi va suxandon "Tfu, kechirasiz" deya uzr ham soʻradi.

Ushbu ikkinchi holatga eʼtibor qaratgan Kommersantʼ Oʻzbekiston rahbarining ismini talaffuz qilish chogʻidagi noqulaylikni chetlab oʻtgan.

"Mana, men Shavkat Mirziyoyevga qarab turibman. Ha, bu boshqa odam. Islom Karimov masalan, boshqacha kulardi. Va boshqacha gapirardi ham. Boshqacha oʻylardi. Bu jilmayish esa, aytishga kishining yuragi ham betlamaydi, dovdiratib qoʻyadi"", deydi Kommersantʼ muxbiri.

Kremlga yaqin tajribali jurnalistning aytishicha, "Kremlda anchadan buyon bunaqasi boʻlmagandi".

"Qiziqarli tashrif"

Aynan Kolesnikov 2005 yildagi Andijon voqealari ortidan Sochiga borgan Karimovning tashrifini yoritgan va Putin Oʻzbekiston rahbaridan koʻra, oʻzining iti Koniga koʻproq eʼtibor qaratgani toʻgʻrisida istehzo bilan yozgan edi.

Mirziyoyevning Rossiyaga ilk tashrifi natijalarini sarhisob qilgan Lenta.ru nashri oʻzbek hayʼati Kremlni "qanot chiqargan" alfozda tark etganini sarlavhaga chiqargan.

"Qanot chiqargan" iborasini Rossiya nashri Prezident Mirziyoyevning soʻzlaridan olgan.

Mirziyoyev oʻz bayonotida Oʻzbekiston hayʼati Kremldan koʻtarinki ruh bilan ketayotganini aytgan.

U tashrif chogʻida erishilgan qariyb 16 milliard dollarlik shartnomalarni "mislsiz" deb atagan.

Ayni paytda ayrim mintaqaviy tahlilchilarning aksiga, rus matbuoti Mirziyoyev Moskvaga birinchi boʻlib emas, balki Turkmaniston va Qozogʻistondan soʻng tashrif buyurganidan katta narsa yasamagani va umumiyat-la, tashrifni ijobiy nuqtai nazardan turib yoritganini sezish mumkin.

Shuningdek, Rossiya matbuoti Oʻzbekiston yaqin kelajakda Moskva boshchiligidagi tuzilmalarga qoʻshilmasligini ham fakt sifatida qabul qilgan.

"Bu tashkilotlarga qoʻshilmaslik Toshkent tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida qolmoqda", - deb aytgan Lenta.ru nashriga Rossiya Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutidan Stanislav Pritchin.

Uning soʻzlariga koʻra, Putin va Karimovning shaxsiy munosabatlari ikki tomonlama amaliy hamkorlik darajasiga koʻtarila olmagandi.

"Hozir esa biz vazirlik va idoralar darajasidagi faol muloqotga guvoh boʻlyapmiz. Bu juda qiziqarli tashrif edi va barcha tomonlar muzokaralar natijalariga katta plyus baho qoʻyishlari mumkin", - deya xulosalaydi Pritchin.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring