Mirziyoyev Jahongirni ortga qaytara oladimi?

Rossiya rublini sanayotgan odam Image copyright Reuters
Image caption Rossiyadagi eng kam maosh ham Oʻzbekistonda "katta pul"

"Hozir Shoʻrchiga qaytsam, 500 u yoqda tursin, 100 dollarlik oylik topolamanmi?", degan savolni oʻziga-oʻzi beradi Jahongir.

Jahongir 20 yoshda va bir yildan buyon Podmoskovьeda. Qurilish mollari korxonasida elektr arava haydayapti. Rossiyaga kelgan boshqa vatandoshlarinikiga solishtirganda uning ishi qiyin emas. Yana bir yaxshi tomoni, shu korxonaning hududida yashashga ruxsat berishgan. Jahongir va yana bir necha hamqishlogʻi shu yerda yotib-turishadi.

Jahongir Rossiyaga kelishdan oldin koʻp oʻylandi: "yoʻl uchun qarz-qavola koʻtarib borganimga yarasha tuzuk ish topa olamanmi? "Daromadli ish topib beraman" deb pulni olib, qul qiladiganlarning qoʻliga tushib qolmaymanmi? Ana, televizorda qullikka tushib qolganlarning nechtasini koʻrsatishyapti-ku. Yoʻq, toʻgʻri Moskvada ishlayotgan hamqishloqlarining oldiga borsa, aldanib qolishining oldi olinadi. Lekin maoshi tuzuk ish topib boʻlarmikan? Mana otasi ikki marta Rossiyaga borib keldi. Birinchi marta yetti yilcha oldin Moskvaga borib qurilishda ishladi. Oʻshanda biroz pul yigʻib ham qaytdi. Ikkinchi martasida esa qaytaga sogʻligini yoʻqotib, pul jamgʻarish u yoqda tursin, uyga qaytganidan keyin yana qarindoshlardan qarz olib davolanishiga toʻgʻri keldi".

Image caption Elektr arava haydash quruvchi yoki farroshdek koʻp jismoniy mehnatni talab qilmaydi.

Shuning uchun dastlab Jahongirning Rossiyaga borishiga uyidagilar roʻyxushlik berishmadi. Ammo otasi kirakashlik qilib uch-toʻrt soʻm topib yurgan eski "Jiguli" buzilib, ham taʼmirlamasa va ham balonlarini yangilamasa boʻlmay qoldi. Tanish usta arzonroqqa taʼmirlab berishga koʻndi. Arzoni ham bir yil oldingi narx boʻyicha bir million soʻmdan oshib ketar ekan. Shundan soʻnggina Rossiyaga ketishiga ota-onasi ham rozi boʻlishdi.

Jahongirning Rossiyaga borishi uchun 500 dollar qarz koʻtarishdi. Yetib borib pul ishlab topa boshlaganidan keyin qarzni uzish sharti bilan. Oʻtgan yil aprelida Moskvaga yetib bordi, ikki oy vaqti "dokument qilish"ga behuda ketdi. Iyun oyidan buyon shu yerda yotib shu yerda ishlayapti. Qiladigan ishi - elektrokarda eshik-romlar, boshqa tayyor mahsulotlarni omborxonaga yetkazib qoʻyish. Maoshini 30000 rubl deb kelishishgan, ammo har oy qoʻliga tegadigani har xil. Baʼzan 500 dollarga yetadi, baʼzan undan ham kam oladi.

Jahongir Shoʻrchidagi kasb-hunar kollejlaridan birida oʻqidi. Biroq Oʻzbekistonda kollej emas, universitetni bitirgan taqdirda ham oladigan maosh hatto yoʻlkiraga yetmasa, nima qilish kerak?

Image copyright RIANovosti
Image caption Rossiyadagi ogʻir mehnatni talab qiladigan koʻp ishlarni mehnat muhojirlari bajaradilar.

Jahongir oʻqishini tugatganidan keyin mol boqish haqida oʻyladi. Qoʻy yoki qoramol sotib olish uchun ham pul kerak. Molboqarlik ham darrov daromad keltirmaydi, sotib olgan molingni kamida 1 yil boqish kerak. Hozir shulxa va kunjaraning kilosi falon pul. Qimmat boʻlsa ham topib boʻlmaydi. Toshkentdan tovar olib kelib bozorda sotish, Paynet ochib pul qilish, qoʻshnisi Usta Neʼmatning bolalariga qoʻshilib quruvchilik qilish, eski kolxozning butun boshli brigadasi yerini oʻziniki qilib olgan Chori fermer qoʻlida ishlash yoʻllarini ham koʻrib chiqdi. Faqat bir oʻzi emas, otasi, onasi, amakisi va xolalari ham "bosh qotirishdi" Jahongirni ishli qilish uchun. Oʻzining qishlogʻidan tuman markazigacha odam tashish - "ota kasbi" bilan shugʻullanay desa ham, bozorda u-bu narsa sotay desa ham "konkurent" koʻp, har bir sohaning "bozori" allaqachon egali boʻlib boʻlgan ekan. Bir qarindoshi oʻzi ishlaydigan gʻisht ishlab chiqaradigan xususiy korxonada ish bor-yoʻqligini surishtirdi. Ishi ogʻir, oyligi 500 ming soʻmlar atrofida. Ammo bu tsexga ishchi kerak emas ekan. Otasi 20 soʻtixli tomorqalarining yarmiga har xil mevali daraxtlarning koʻchatlarini oʻtqazgan, bu nihollarning meva tugishini ham hali yana bir-ikki yil kutish kerak. Xullas, koʻplar qatori Jahongir ham Rossiyani tanladi.

Image caption Ishsizlikmi yoki minimal ehtiyojni ham qondirmaydigan maoshli ishmi?

Haftada yoki ikki haftada bir uyidagilari bilan telefonlashib turadigan Jahongir Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlarga ish topib berish siyosatini boshlaganini eshitgan. Bir yil oldin radio bilan televizor yoshlarning ishsizligi haqida emas, oʻz vatanida "boriga qanoat qilmasdan, xorijda yengil yoʻl bilan pul topishni istagan dangasalar" haqida gapirar edi. Endi esa davlat rahbari vazirlar va hokimlardan yangi ish oʻrinlari tashkil qilishni talab qilayapti, bu vazifani uddalagan hokim maoshiga 15 foiz qoʻshiladi, uddalamaganining 15 foiz maoshi ushlab qolinadi.

Oddiy odamlar mol, tovuq yoki baliq boqishga, limonariy yoki bogʻ barpo etishga, oʻz biznesini yoʻlga qoʻyib, boshqa qonuniy daromad yoʻllarini topib bola-chaqasini boqishga daʼvat qilinyaptilar. Banklarning xodimlari uyma-uy yurib odamlarga kredit taklif qilishmoqda.

Image copyright Reuters
Image caption Prezident Mirziyoyev bilan Prezident Putinning Moskvadagi uchrashuvida Oʻzbek migrantlariga bagʻishlangan bitimlar ham imzolandi

Lekin hozircha Jahongirga "qaytib kel, shu yerning oʻzida yaxshi maoshli ish bor", deb hech kim aytgani yoʻq. U Rossiyadagi naqd maoshi bilan Oʻzbekistonga qaytsa yuzma-yuz keladigan mavhumlik haqida oʻylanib qolgan:

"Mart oyida qoʻliga 28000 rubl berishdi. 28 ming qariyb 500 dollar. Hozir Oʻzbekistonda bozorda 1 dollar 7500 soʻmga chiqibdi. 500 dollar soʻmda 3 million 750 ming degani. Men hozir Shoʻrchiga qaytsam, 3 million soʻmlik maosh beradigan ish topa olamanmi?", degan savol ustida boshi qotgan vatanini, qarindoshlarini sogʻingan Jahongirning.

Prezident Mirziyoyev boshlagan yangi ish oʻrinlarini tashkil qilish siyosati samara bersa, samara berganida ham Oʻzbekistondagi bir oylik maosh bir oilaning ehtiyojini qondiradigan darajagacha koʻtarilsagina, Jahongir va boshqa muhojirlarda vatanga qaytish-qaytmaslik masalasida ikkilanish boʻlmaydi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq