Sabzavot eksportchisi Oʻzbekistonda kartoshka qimmatladi

kartoshka

Oʻzbekiston bozorlarida soʻnggi kunlarda kartoshka va piyoz bahosi yanada qimmatlashgan. Kartoshkaning bir kilosi oʻrtacha 4,5 ming soʻmdan (1.20 dollar) sotilmoqda, piyoz 2 ming soʻmga chiqqan. Kartoshka bahosining oshishi pensioner, talaba va kambagʻal oilalarni qiyin ahvolga solib qoʻygan.

Kartoshka bilan birga piyoz narxlarida ham sezilarli oʻsish boʻlgan. Piyozning bir kilosi oʻrtacha 2 ming soʻmdan sotilmoqda.

Ushbu poliz mahsulotlari asosan Oʻzbekistonda yetishtirib kelingan.

"Oʻtgan yil qishda oʻrtacha 1,5 ming soʻmdan sotilgandi. Bu yil qishi boʻyicha 2 mingdan tushmadi. Endi 4,5 ming soʻmga chiqib ketdi. Kam-kamdan olib juda ham tejab ishlatayapmiz. Olmasangiz boʻlmaydi", - deydi talabalardan biri.

Yana bir uy bekasining aytishicha, Oʻzbekistonda palovdan tashqari deyarli barcha taomlar kartoshka solib pishiriladi. Shuning sababdan uning narxi koʻtarilishi koʻp oilalarni tang ahvolga solib qoʻygan.

Podrobno.uz saytining maʼlum qilishicha, "Oʻzbekoziqovqatzahira" uyushmasi aholini uzluksiz taʼminlash uchun bu yilgi qish-bahor mavsumida mamlakatga 15 ming tonna kartoshka olib kirgan. Biroq shunga qaramasdan bozorlarda narx barqarorligi taʼminlanmagan.

Saytga koʻra, ayni kunlarda Oʻzbekiston bozorlarida Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston va hatto mintaqa uchun yangi boʻlgan Pokiston kartoshkalarini koʻrish mumkin. Mahalliy aholi Oʻzbekistonda yetishtirilgan kartoshkaga oʻrgangani aytiladi.

Oldin ayrim bozorlarda kartoshkani rasta ostidan sotish holatlari ham boʻlgani aytilmoqda. Maʼlum boʻlishicha, maʼmuriyat tujjorlarga kartoshkani belgilangan arzonroq narxda sotishni talab qilgan. Biroq oʻz zarariga sotishni istamagan savdogarlar uni rasta ostidan qimmatroq sotishgan.

Oʻzbekiston meva-sabzavot yetishtirish boʻyicha mintaqada yetakchi mamlakatlardan biri hisoblanadi. Hukumat ushbu mahsulotlarni eksport qilish orqali davlat gʻaznasiga valyuta tushirishni ustivor yoʻnalishlardan biri sifatida koʻradi.

Biroq ayrim sabablarga koʻra, mamlakat ichida kundalik ehtiyoj uchun zarur boʻlgan piyoz, kartoshka va boshqa poliz yoki meva mahsulotlari yetishmasligi uchrab turadi.

Bunga ayrim holatlarda ob-havo sabab qilib koʻrsatilsa, boshqa holatlarda dehqonlarning poliz mahsulotlarini oldindan belgilab olingan reja va buyurtmalar asosida emas, balki uyushmagan holda ekin ekishi sabab qilib koʻrsatiladi.

Ayrim kuzatuvchilar, poliz mahsulotlari yetishmovchiligida, dehqonlarning ishiga davlat buyurtmasi aralashayotgani va bu aralashuv boshqaruvsizlik sabab mana shunday holatlarni yuzaga olib chiqayotganini aytishadi.

Rasmiylar bozorlarda kartoshka va piyoz narxlarining oshib ketayotgani borasida biror munosabat bildirmagan.

Bizni Telegram orqali ham kuzatib boring: https://t.me/bbcuzbek

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring