Kreml AQSh zarbalarini tajovuz deb atadi

Putin Image copyright EPA

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQShning Suriyaga raketa hujumlarini mustaqil davlatga qarshi tajovuz deb hisoblaydi.

Bu haqda Putinning matbuot kotibii Dmitriy Peskov maʼlum qilgan.

"Ushbu qadam shundoq ham ayanchli ahvolda boʻlgan Rossiya-Amerika munosabatlariga qattiq zarar yetkazadi", - deya taʼkidlagan Peskov.

Putinning fikricha, raketa hujumlari xalqaro terrorchilikka qarshi kurashdagi nihoiy maqsadga yaqinlashtirmaydi, aksincha, terrorchilikka qarshi kurashda xalqaro ittifoq yaratish saʼy - harakatlariga jiddiy toʻsiqlar qoʻyadi.

Favqulodda yigʻilish

Dmitriy Peskovning aytishicha, Rossiya Xavfsizlik Kengashi bugun AQShning Suriyadagi hujumlarini muhokama qilish uchun favqulodda yigʻilish oʻtkazadi.

U Prezident Tramp saylovoldi targʻibotlari chogʻida xalqaro terrorchilikka qarshi ittifoq tuzish vaʼdasini bergani, ammo Suriyadagi hujumlar buning tom teksarisi ekanini aytgan.

"Bizning juda ham hafsalamiz pir boʻldi va chuqur xavotirdamiz", degan Peskov.

Unga koʻra, Qoʻshma Shtatlar nima uchun havo hujumlarini boshlagani oʻzlariga qorongʻu.

"Bu havo hujumlari faqat Jabhat-al Nusra, IShID va boshqa terrorchi guruhlarning manfaatiga toʻgʻri keladi", degan Peskov.

Unga koʻra, AQShning havo hujumlari "Rossiyaning ittifoqichisiga qarshi tajovuz"dir.

Rossiya hujumlardan ogohlantirilganmidi, degan savolga Peskov "ha, tegishli kanallar orqali maʼlumot olingandi", deb javob bergan.

Avvalroq Rossiya hukumatiga qarashli "Rossiyskaya gazeta" Moskva AQSh hujumlariga harbiy javob qaytarmasligini aytgan.

Rossiya Davlat Dumasining vitse-spikeri Pyotr Tolstoy "xalqaro qonunlarni himoya qilish uchun xotirjam va mantiqiy" qadamlarni qoʻyishga chaqirgan.

"Tajovuz"

Ayni paytda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Qoʻshma Shtatlarning Suriyadagi harakatlarini 14 yil muqaddam Iroq urushning boshlanishiga oʻxshatgan.

U AQSh Suriya harbiy havo bazasiga hujumni oqlovchi bironta ham dalil keltirmaganini urgʻulagan.

"Bu yolgʻon bahona bilan boshlangan tajovuz amalidir va hamma narsa 2003 yildagi vaziyatni yodga soladi. Oʻshanda AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa qator ittifoqchilar BMT Xavfsizlik Kengashining maʼqullashi boʻlmasdan, xalqaro qonunchilikni oyoq osti qilgan holda Iroqni ishgʻol etishgandi. Biroq unda hech boʻlmasa, qandaydir dalil koʻrsatishga uringandilar", - deb aytgan Lavrov.

Unga koʻra, Sergey Lavrov Suriyadagi rus harbiylari orasidagi talofatlar borasida maʼlumotga ega emasligini aytgan.

"Maʼlumotlarga qaraganda, hech qanday talofat yoʻq", - degan Lavrov.

Ayni paytda Suriyadagi AQSh raketalari hujumga tutgan harbiy havo bazasi yaqinida boʻlgan "Rossiya-24" kanali muxbiri Yevgeniy Poddubniyning aytishicha, hujum natijasida Suriya kuchlariga qarashli 9 harbiy samolyot yoʻq qilingan.

Rossiyalik jurnalistning soʻzlariga koʻra, harbiy aeroportning uchish yoʻlagi vayron boʻlmagan, ammo oʻq qoldiqlari bilan toʻla.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring