Yetakchi musulmon davlatlar Suriyaga hujumni yoqlamoqda

Suriya Image copyright digitalglobe

Xalqaro miqyosda taʼsirga ega koʻpchilik musulmon davlatlar AQShning kimyoviy hujumga javoban Suriyaga bergan raketa zarbalarini yoqlab chiqqan. Saudiya Arabistoni va Turkiya kabi davlatlar havo hujumlarini oqlagan boʻlsa, shia musulmonlari koʻpchilikni tashkil qiluvchi Eron uni qoralagan.

Suriya mojarosida asosiy oʻrin tutuvchi va shu kunlarda AQSh bilan aloqalarida iliqlik kuzatilayotgan Turkiya havo hujumlarini "ijobiy" deya baholagan.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Asad rejimi xalqaro miqyosda oʻz jazosini olishi kerakligini aytgan. Anqara Suriya osmonini parvozlar holi hudud sifatida eʼlon qilish taklifi bilan chiqqan.

Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovushoʻgʻli Turkiya hukumatining Asadga oid talabini yana bir takrorlagan.

"Mavjud rejim Suriya boshqaruvidan ketishi kerak", - degan u.

Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi "Xalqaro hamjamiyat Asad rejimini toʻxtatolmagan bir vaqtda Donald Trampning jasurona harakati"ni olqishlagan.

Mintaqada asosiy oʻyinchilardan boʻlgan Isroil hukumati ham havo hujumlarini qoʻllab quvvatlashini bildirgan. Bosh vazir Benyamin Netanyahu Isroil havo hujumlar orqali yuborilgan qatʼiy va aniq mujdani butunlay qoʻllab-quvvatlashini aytgan. U bu kabi mujda nafaqat Damashqqa, balki Tehron va Pxenyanga ham yuborilishi kerakligini aytgan.

Bundan tashqari Britaniya, Ovroʻpo ittifoqi, Avstraliya, Yaponiya va Suriya muxolifati ham ushbu hujumlarni yoqlab chiqqan. Suriya muxolifatiga koʻra, ushbu havo hujumlari yetarli emas, yana bombalanishi kerak boʻlgan 26 havo bazalari bor. Ularning taʼkidlashicha, aynan shu aerodromlardan tinch aholi hujumga tutiladi.

Ayni vaqtda AQShda boʻlib turgan Xitoy Prezidenti maʼmuriyati ushbu hodisaga munosabat bildirmadi. Biroq Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bayonot bilan chiqdi. Unda vaziyatning yanada keskinlashib ketishiga yoʻl qoʻymaslik oʻta muhimligi taʼkidlanadi.

"Biz har qanday davlat, tashkilot va shaxs tomonidan kimyoviy qurollarning har qanday sharoit va maqsadda qoʻllanilishiga qarshimiz", - deyiladi bayonotda.

Suriyaga nisbatan havo hujumlariga Rossiya soʻng eng keskin munosabat bildirgan davlat Eron boʻldi.

Tehron Suriyaning Shayrat havo bazasiga boʻlgan raketa hujumlarini keskin qoralashini bildirgan.

"Eron har qanday bir tomonlama hujumlarni qoralaydi, bu kabi amallar Suriyadagi terroristlarni kuchlantirishi va Suriya hamda mintaqadagi vaziyatngi chigallashtirishi mumkin", - degan Eron Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Bahrom Qosimiy.

U Eron yaqin tarixda kimyoviy hujumning eng katta qurboni sifatida kimyoviy qurol qoʻllashga qarshi ekanligini bildirgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring