Ijtimoiy fikr: Gaz va elektr ta’minoti yaxshilandi

таппи Image copyright RFE/RL

"Ijtimoiy fikr" o'tkazgan so'rovnoma ishtirokchilari Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon gaz va elektr energiyasi ta'minoti yuqori darajaga ko'tarilganini ma'lum qilgan. Shu bilan birga so'rovnomada aholining ijroiya idoralar faoliyatidan qoniqmayotganligi o'z aksini topgan. "Ijtimoiy fikr" bu vaqtgacha gaz-chiroq muammosini so'rovnomalarga kiritmagandi.

So'rovnoma ishtirokchilari yaxshi maosh topishi va uni o'z vaqtida olayotganini ham bildirishgan.

O'zA axborot agentligining xabar berishicha, "Ijtimoiy fikr" jamoatchilik fikrini o'rganish markazi tomonidan o'tkazilgan navbatdagi so'rovnomada O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi haqida fuqarolarning xabardorligi tekshirilgan.

Unda qancha odam va qaysi tabaqa vakillari ishtirok etganligi to'g'risida ma'lumot berilmagan.

E'tiborli tomoni bu safargi so'rovnomaga berilgan javoblar oldingilarga o'xshab yaqqol ustunlik bilan ajralib turmaydi.

Fuqarolar hokimiyatning ijroiya organlari faoliyatidan 12,1 foiz odam rozi emasligini bildirgan. Har uchinchi odam ushbu faoliyatdan qisman roziligi bildirgan. Har ikkinchi respondent hokimiyat ijroiya organlari ishidan mamnunligini aytgan.

Ishtirokchilarning 33,9 foizi hokimiyat ijroiya organlari rahbarlari faoliyatini fuqarolarga ochiq emas, deya baholagan. 40,7 foiz respondentga ko'ra, barcha ma'lumotlar ochiq va yetarli.

"Ijtimoiy fikr" tomonidan shu vaqtgacha o'tkazilgan so'rovnomalarning aksari aholining hamma narsadan mamnunligi yaqqol ustunlik bilan ko'rsatib kelingan.

Shu vaqtgacha har doim kamida 80 foiz odam turmushidan, Prezident olib borayotgan siyosatdan mamnunligini va ertangi kunga ishonchlari yuqari ekanligini bildirib kelgan.

Biroq kuzatuvchilar real hayotda hammasi "Ijtimoiy fikr" so'rovnomalarida ko'rsatilganidek emasligini aytishadi.

Maoshlar kamligi va ishsizlik tufayli millionlab o'zbekistonliklar xorijda mehnat qilishga majbur. Korrupsiya va poraxo'rlik oddiy odamlar qatori tadbirkorlarning ham charchatgan.

Gaz eksporti bo'yicha turli davlatlar bilan ko'p millionlik shartnoma imzolayotgan O'zbekistonning ko'plab joylarida gaz tanqisligi muammosi kuzatilishi aytiladi.

O'zbekistonnning yangi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o'z chiqishlarida bir necha bor jamiyat botib qolgan muammolarni tilga olgan. Hatto muammolar haqida gapirmayotgan "Axborot" ko'rsatuvini ham tanqid qilgan edi.

Prezident tomonidan muammolarning gapirila boshlashi "Ijtimoiy fikr" markazi so'rovnomasi natijalariga ham ta'sir qila boshlagan ko'rinadi.

Bizni Telegram da ham kuzatib boring:https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq