Stokgolm hujumi: "O‘zbekligimizni aytishdan uyalyapmiz"

Стокгольм Image copyright AFP

Stokgolmda yuk mashinasi bilan hujum ortida O'zbekiston fuqarosi gumon qilinayotgani ijtimoiy tarmoqlarda aks-sado berdi. Fikr bildiruvchilar bu kabi hujumlarda o'zbek degan nom aralashayotgani bois bosh ko'tarib yurish qiyin bo'lib qolganini yozmoqda. Ayrimlar jinoyat uchun millat emas, o'sha shaxs aybdorligini va buning uchun butun millat o'zini aybdor his qilishi noto'g'riligini aytmoqda.

Hujumchining O'zbekiston fuqarosi xaqidagi xabarlar chiqishi bilan o'zbekzabon ijtimoiy tarmoqlar ushbu hodisaga jiddiy e'tibor qaratganini va hujumni qattiq qoralashganini kuzatish mumkin.

Ko'pchilik ushbu hujumchining maqsadi nima ekanligini sira tushunmayotganini aytgan. Ayrimlar O'zbekistonda dindorlarga nisbatan qattiqqo'l munosabat va huquqlarning toptalishi mana shunday hujumlarga sabab bo'layotganini yozgan.

"Bu jinoyatlar zamirida faqatgina noto'g'ri siyosat yotibdi, xolos. Siz holatimizni, siyosatimizni ularga yaxshilab tushuntiring, shundagini ular bizni osongina tushunib olishadi", deydi Facebook ishtirokchisi.

Norvegiyada istiqomat qiluvchi jurnalist Ulug'bek Bakirov unga mahalliy jurnalistlar murojaat qilayotganini va hujumda gumon qilinayotgan shaxs o'zbekistonlik bo'lgani uchun qattiq uyalganini yozdi.

"Chet eldagi o'zbeklarimizga nima bo'lyapti?! Bu ketishda xorijdagi o'zbeklar bosh ko'tarib yurishimiz qiyin bo'ladi. Bugun ertalabdan Norvegiyadagi yetakchi gazetalar muxbirlari menga qo'ng'iroq qilishib, kecha Shvetsiyada bo'lgan voqea haqidagi munosabatlarimni so'rashyapti. Xuddi bu ishni o'zim qilgandek, uyalib ketdim. Yer yorilmadi, yerga kirib ketsam... Nima bo'lyapti, o'zi millatdoshlarimizga", - deydi u.

O'zbeklar yoki o'zbekistonliklarning nomi terror hujumlarda aloqadorlik bo'yicha bot-bot tilga olinadigan bo'lib qoldi.

3 aprel kuni Sankt-Peterburg metrosida portlab o'n kishining umriga zomin bo'lgan hujumda ham asosiy gumondor shaxs Qirg'izistonda tug'ilib o'sgan millati o'zbek Akbarjon Jalilov bo'lib chiqdi.

Shu yilning 1 yanvar kuni Istanbulning Reina tungi klubiga hujum natijasida 39 kishi umriga zomin bo'lgan hujumni asli o'zbekistonlik, 1983 yilda tug'ilgan Abduqodir Masharipov amalga oshirganini e'tirof etgan.

"Ilgari dunyoning biror joyida terroristik hujum yuz bersa, "ishqilib musulmon bo'lib chiqmasin", deb xavotir olganlar endi "ishqilib o'zbek bo'lib chiqmasin" deb o'ylaydigan bo'ldilar", deb yozadi jurnalist Jahongir Muhammad.

Turkiyada istiqomat qiladigan Rustam o'zbekligini ayta olmay qolganini yozdi.

"Afsuski, o'zbekligimizni ayta olmay qoldik. 16 yildan beri Turkiyada yashayman, shu vaqtga qadar o'zbek turkiman deb baralla aytardim. Yil boshidan beri o'zbekligimni ham yashiraman, ham ko'rqaman. Bir onda shu holga keldik", - deydi u.

Germaniyada istiqomat qiluvchi ayrim o'zbekistonliklar ham bu hujumlar dastidan bosh ko'tarib yurolmay qolganini aytgan.

Biroq ba'zilar bu kabi hujumlar uchun butun bir millatning o'zini aybdor his qilishi to'g'ri emasligini yozishgan.

"Aslida, boshqa millatlar ichidan terrorchilar qancha chiqsa, o'zbeklar ichidan ham shuncha chiqyapti. Lekin biz, "o'zimga bekman" deb maqtanadigan o'zbeklar qilmagan aybimiz uchun ham bo'ynimizni qisib, mute kayfiyatda yurishga o'rganib qolibmiz. Boshqalar esa bunday emas. Birovga hisob bermaydi", - deb yozadi Musannif Adham.

Unga ko'ra, terrorchimi, boshqa turdagi jinoyatchimi, millati emas, uning shaxsi va qilmishi muhokama qilinishi kerak.

"G'arbda shunday: o'zlaridan birontasi jinoyatga qo'l ursa, uning millati tilga olinmaydi. Vaholanki, yaxshi bilamiz: bironta g'arb davlati bir millatli emas. Lekin "uchinchi dunyo" - g'arbga Osiyo yoki Afrikadan borib qolganlar nimadir qilib qo'ysa, shov-shuv ko'tariladi. Ayniqsa, bizning bechora, hamma aybni o'ziga olaveradigan o'zbeklar juda yaxshi nishon", - deydi u.

Bizni Telegram kanalimizda ham kuzatib boring:https://t.me/bbcuzbek