Alisher Usmonov "Paxtakor" klubini sotib oladimi?

Усмонов Image copyright Interfax.ru

O'zbek saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda asli o'zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovning "Paxtakor" futbol klubi aksiyalarini sotib olishi mumkinligi haqida xabarlar chiqqan. "Paxtakor" klubi matbuot kotibi Behzod Nazarov Bi-bi-si O'zbek xizmatiga bu borada rasmiy xabar yo'qligini bildirdi.

Usmonovning o'zbek futbol klubi aksiyalarini sotib olishi mumkinligi haqidagi xabarni futbol xabarlariga ixtisoslashgan championat.asia sayti yozdi.

"Toshkentda mish-mish avjida. Emishki «Arsenal» klubining egalaridan biri bo'lgan Alisher Usmonov «Paxtakor» aksiyadoriga aylangan. Kuni kecha u ilk marotaba O'zbekiston davlat kanaliga ham intervyu bergan edi. Ikki davlat o'rtasida kelishilanayotgan loyihalarning istiqboli to'g'risida gapirib o'tgan milliarderning, «Paxtakor»ni rostdan ham boshqaradim yoki yo'q, bu savolga klubdan hozircha hech qanday rasmiy ma'lumot yo'q", - deyiladi xabarda.

Klub matbuot kotibi Behzod Nazarov Bi-bi-siga bu xabarlarda jon yo'qligini bildirdi.

"Biz ham shunaqa mish-mishlarni ko'chadan eshitdik. Lekin bu borada klubda hech qanday ma'lumot yo'q. Usmonovning "Paxatkor"ga qiziqish bildirayotgani borasida ham hech narsa ayta olmayman", - deydi Behzod Nazarov.

Asli o'zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov O'zbekistonga qaytishni "istashi" va "rejalayotgani"ni aytgan.

Bu haqda u o'tgan yilning dekabr oyida "Rossiya-24" telekanaliga bergan intervyusida ma'lum qilgan.

63 yoshli Usmonov Rossiyaning soliq rezidenti maqomiga qaytish-qaytmasligini O'zbekiston bilan bog'lagan.

"Rossiya soliq rezidentligini agar qachondir almashtirmoqchi bo'lsam, faqat O'zbekistonnikiga almashtiraman", - degan Usmonov.

U Rossiya soliq rezidentligidan vaqtincha chiqish qarorini o'zi rahbari bo'lgan Xalqaro qilichbozlik federatsiyasidagi faoliyati bilan bog'lagan.

Federatsiya qarorgohi Shveysariyada joylashgan va Usmonov 2016 yili birinchi marta Shveysariyaning eng boy odamlari ro'yxatidan ham o'rin olgan.

USM Holdings xo'jayini bo'lgan Alisher Usmonov nafaqat Rossiyada, balki Britaniyada ham eng badavlat shaxslardan biri sanaladi.

'Har doim tayyor'

Alisher Usmonov O'zbekiston va uning rahbariyatiga yordam berishga har doim tayyorligini izhor qilgan.

"O'zbekiston, uning rahbariyati uchun qo'limdan nima kelsa, qilishga tayyorman. Har doim va har daqiqada", - deb aytgan Alisher Usmonov.

U O'zbekistonga sarmoya kiritish rejasi borligi va buning uchun mamlakat rahbariyatining taklifini kutayotganini bildirgan.

"Aytmagan joyga borma, deyilgan. Men boshqa sarmoyadorlardan farqli o'laroq, hamisha taklif qilingan joyga boraman. Bungacha faqat mendan so'rashsagina yordam qilishim mumkin", -degan u.

Ammo ayni paytda Usmonov o'z vatanida xayriya jamg'armasini ochish uchun O'zbekiston rahbariyatidan ruxsat so'rashdan tortinmasligini ham aytgan.

"Hech bo'lmaganda, u yerda (O'zbekistonda-tahr) xayriya jamg'armasini ochish niyatim bor. Maqsad hozir Moskvada qilayotgan loyihalarimni u yerda ham qilish.Men buni albatta amalga oshirishga harakat qilaman. Buning uchun ruxsat so'rayman", - degan Alisher Usmonov.

"O'zbekiston iqtisodiga ham sarmoya kiritasizmi?" degan savolga Usmonov "bu alohida masala. Men har doim tayyorman", - deb javob bergan.

U Prezident Mirziyoyevni "har qanday vazifani uddalashga qodir rahbar" deb ta'riflagan.

"Hozir juda katta boshqaruv va davlatchilik tajribasiga ega odam (prezident etib-tahr.) saylandi. Mening nazarimda, u har qanday vazifani uddasidan chiqadi... O'zbekiston, uning

xalqi va prezidentiga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman",- degan Usmonov.

Marhum prezident Islom Karimov davrida Usmonov O'zbekistonda prezident bo'lish intilishlari borligini rad etgandi.

Karimovning vafotidan so'ng Kreml va uning xo'jayini Putinga yaqin milliarderning O'zbekistonga bot-bot borayotgani aytilgan.

Toshkentdagi ayrim manbalar O'zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Usmonovning tashriflaridan mamnun emasligini aytgan.

Alisher Usmonovning o'zi hozirga qadar O'zbekistonga qaytish rejalari haqida bunchalik batafsil gapirmagandi.

Rossiya matbuoti Shavkat Mirziyoyev bilan qarindoshlik rishtalariga ega bo'lgan Alisher Usmonov O'zbekiston rahbariyatiga ta'sir o'tkazayotgani haqida yozgan.

Usmonovning vakili bu xabarlarni rad etgan.

Bizni Telegram kanalimizda ham kuzatib boring

Bu mavzuda batafsilroq