Dovudxon Nazarov: Aholiga hujumlarda Islomda asos yo‘q

Dovudxon Obidxon o'g'li Image copyright youtube
Image caption Dovudxon Obidxon o'g'li

Stokgolm va shu kabi shaharlarda tinch aholiga hujumlarni amalga oshirishda gumon qilinayotganlarning musulmonligi aytilmoqda. Ular bu harakatlari uchun jihodiy guruhlardan ilhomlanishi xabar qilinadi. Shvetsiyada istiqomat qiluvchi taniqli ulamo Obid qori Nazarovning o'g'li, islomovozi.org sayti mas'ullaridan Dovudxon Nazarovning aytishicha, hujumchilarning bu harakatlari uchun dinda biror asos yo'q. Unga ko'ra, shariat shartlaridan biri - dinsiz va dindor bilan kelishuvga birdek amal qilish kerak.

Bi-bi-si O'zbek Dovudxon Nazarovdan Stokgolmdagi hujumga munosabatini so'radi.

Dovudxon Nazarov: Avvalo, bu voqeada halok bo'lgan va jarohat olganlarga o'z hamdardligimizni izhor qilamiz. Ularga Alloh sabr bersin va hidoyatga boshlasin. Bu voqea sodir bo'lishi bilan OAV orqali eshitdik. Bu bir necha oydan beri yoki oxirgi yillarda sodir bo'lib kelayotgan terror shakliga o'xshash bir hujum ekanligini darhol anglab yetdim.

Buning ortidan yana musulmonlarning sha'niga, ularning hurmatiga zarar yetadigan hodisa bo'libdi, deb achindim. Keyinchalik uni amalga oshirgan shaxs 39 yoshli O'zbekiston fuqarosi ekanligi haqida xabarini topdik. Eshitib yana ham g'am-qayg'uga botdik. Nahotki, musulmon va o'zbeklarning ichida mana shunday vahshiy, razil niyatli odamlar bor, deb achindik.

Bi-bi-si: Bu kabi hujumlarda o'zbekistonlik yoki o'zbeklar birinchi marta aloqador deb ko'rilmayapti. Bu shaxslar hujumlarda Islom dinini asos qilayotganiga ishoniladi. Islom dinida ularning harakatini qo'llovchi biror dalil bormi?

Dovudxon Nazarov: Bu juda ham murakkab va og'riqli masala bo'lgan bugungi kunda. Terror hech qanday millat va din tanlamaydi. Hozirgi holat shuni ko'rsatayapti. Siz aytib o'tganingizdek ba'zi holatlarda o'zbekistonliklarning shu ishlarga aralashib qolganliklarini ko'rayapmiz. Buning sabablarini qidirganda bir nechta jihatlarga e'tibor berish kerak, deb o'ylayman.

Birinchi o'rinda, bunday ishlarni qiladigan odamlarning 99 foizi ilmsiz, johil, jaholatdan kelib chiqib qiladi. Bu insonlar o'zicha dinning nomidan qilayapman, deb o'ylasa ham, bu odamlarning o'ziga e'tibor bersangiz, kelib chiqishiga e'tibor bersangiz ular dindan to'liq xabari bo'lmagan odamlar. Ibodatda ham mustahkam bo'lmagan odamlar. Ular qayerda o'qigan, ta'lim olgan, ustozi kim degan savollarni bersangiz vaziyat ma'lum bo'ladi. Bu narsa ilmsizlik, johillik oqibatida qilinganligi ko'rinadi.

Bi-bi-si: Lekin jihodni targ'ib qiluvchi saytlar Qur'oni Karimdan kofirlarni o'ldiringlar mazmunidagi oyatlarni iqtibos keltirib qo'yadi. Ular o'z ishlarini oyat va hadislarga tayanib amalga oshirmayaptimi?

Dovudxon Nazarov: To'g'ri, ba'zi birlari o'zlarining qilayotgan ishlarini oyat va hadislar bilan asoslashga harakat qilishyapti. Mening o'zim ham ularning gapirayotgan va qilayotgan ishlarini matbuot orqali muntazam kuzatib boraman. Qilayotgan amali uchun oyat va hadislarni asos qilib keltirishi kifoya qilmaydi. Buning o'zi ham ularning shariat, din ilmidan to'liq boxabar emasligini ko'rsatadi.

Chunki shariatda bir ishni qilmoqchi bo'lsangiz, agar u ish mana shunday jihod va urushga taalluqli masala bo'lsa, bu narsani bir kishining o'zi hal qilmaydi. Bir kishi oyat yoki hadisni o'qib o'shandan xulosa chiqargan holda ishni amalga oshirmaydi. Bu harom bo'ladi, katta jinoyat va xato bo'ladi. Bunday urush, jihod masalalarida tarixdan har doim ulamolar hay'ati va Islom davlati barpo bo'lgan shaklda qabul qilinadigan qarorlardan hisoblanadi.

Yakka shaklda, shaxslar o'zicha yoki kichik-kichik guruhlar o'zicha qabul qiladigan xulosalar yo qarorlar emas. Kimlardir o'zicha oyat va hadislardan olib o'ziga asos qilib ko'rsatayotgan bo'lsa, bu ularning dinni yaxshi tushunmasligining isboti, aslida. Ikkinchi jihati, agar muayyan holat haqida gapiriladigan bo'lsa, o'sha holat avval to'liq o'rganilib chiqiladi.

Agar o'sha oyat yoki hadisni o'sha muayyan holatga solaman deydigan bo'lsa, u oyat Payg'ambarimiz zamonlarida qanday holatda va nima sababdan nozil bo'lganligini hamda hadislarni ham qanday holatda, kim uchun va nima sababdan aytilganini to'liq, tubdan, hissiyotga berilmagan holda, xotirjamlik bilan shariat ilmi bo'yicha olamga, dunyoga nomi ketgan e'tiborli, hurmatli olimlarning ishtirokida qabul qilinadigan ishlar bular. Shuning uchun bu masala oddiy emas. Kimdir oyat va hadisdan dalil qilib keltirayotgan bo'lsa, buning gapida asos bor shekilli deb soddalik bilan qabul qilib ketishlik xato bo'ladi.

Bi-bi-si: Bir necha odamning umriga zomin bo'layotgan ba'zi hujumchilar, bu ishni amalga oshirsam jannatga kiraman degan aqidaga ishonadi. Ularning bu qarashi noto'g'ri bo'lsa, Islomda nimaga asoslanib shunday deysiz?

Dovudxon Nazarov: Stokgoldagi hodisani misol qilib olsak, mening va juda ham ko'p olim-ulamoralarning nazarida bu shubhasiz juda ham og'ir ish va jinoyat. Hozir bu ish bo'yicha tergov ishlari ketayapti va bu borada xulosa chiqarishga erta. Lekin shu odam o'zining diniy tushunchasidan kelib chiqib qilgan taqdirda ham, bu o'rinda bir nechta diniy va shar'iy masalalar chiqadi. Buning diniy jihatdan noto'g'ri ish ekanligi, shubhasiz bilinib turibdi.

Misol uchun bu inson Shvetsiyaga nima uchun kelganligi savol qilib qo'yiladi. Shvetsiyada u o'ldirgan insonlar urush holatidagi insonlarmi, degan savol chiqadi. Islomda shubhasiz ittifoq qilingan narsa - tinch aholini o'ldirishlik harom. Agar u jihod qilayapman deb o'ylayotgan bo'lsa yoki kofirlarni o'ldirib Islom buyurgan ishni qilayapman deb o'ylaydigan bo'lsa, unda avval jihod hukmini o'rganishi kerak.

Jihodning hukmlarini bilmasligi uchun shu ishni qilayotgani bilinib turibdi. Urush holatida qanday bo'ladi, tinchlik holatida qanday bo'ladi. Bu ikki holatda urushning uslublari alohida alohida ta'riflab hukmlari aytilgan. Shvetsiyada yuz minglab tinch aholi yurayotgan ko'chada, hech kim birovga hujum qilmayotgan holatda orqasidan kelib odamlarni bosib o'ldirishlik - Islom bilan oqlab bo'lmaydigan narsa. Bu ayni Islomda qaytarilgan, og'ir jinoyatlardan hisoblanadi. Begunoh, sizga hujum qilmayotgan odamni o'ldirishlik - juda ham og'ir jinoyat.

Undan tashqari bu ishni bu yerga kelib qilayotgan inson, Shvetsiyaga kelishdan oldin yoki qaysidir mamlakatdan borishdan oldin u yerning qonun qoidalari va urf odamlarini avvaldan o'rganib va shunga amal qilishlikka rozi bo'lib kelishuvga kirgan holda keladi. Bu masala ham diniy masala. Dindor yoki dinsiz bilan kelishuv masalasi, aniq-tiniq qilib shariatda ko'rsatilgan. Agar siz bir masalada dinsiz odam bilan kelishgan bo'lsangiz ham yoki dindor odam bilan kelishgan bo'lsangiz ham uning hukmi birdek farz bo'ladi. Kelishuvga amal qilinishi shart bo'ladi. Shundan kelib chiqib oddiy odam ham bu narsaning xato ekanligini ayta oladi.

Bi-bi-si: Suriyada jang qilib yurgan o'zbek guruhlaridan biri o'z veb sahifasida siz mas'ullik qilayotgan islomovozi.org saytiga havola bergan, maqolalardan ko'chirib bosgan. O'zlarini sizlarga xayrixohdek ko'rsatgan. Bu narsaga qanday munosabatdasiz?

Dovudxon Nazarov: Bu normal holat, men ham ko'p ko'rganman. "Islom ovozi" sayti bo'lsin yo boshqa ilmiy saytlar bo'lsin turli fikrli insonlar bu saytlardan manba sifatida foydalanadi. Manba sifatida foydalanishi, bizning ularga yoki ularning bizga xayrixohligini bildirmaydi, aslo.

Biz o'zimiz mas'ul bo'lgan Islom ovozi saytidagi materiallar haqida gapiradigan bo'lsak, u yerda asosan dadamlarning hayotlari davomidagi ilmiy faoliyatidan mustaqil o'rganib va xulosa qilib olingan va yozilgan materiallar bor. Bu narsani har kim istaganicha foydalanishi mumkin. Ichidan ma'lum bir kontekstlarni kesib-kesib olib, mana Obidxon Qori akaning mana bunday so'zi bor, deb o'zining maqsadi, manfaatida foydalanishi mumkin. Bu bir kitobning ichidan bir-ikkita oyat olib manba sifatida butun Qur'onni ko'rsatayotgandek gap.

Bi-bi-si: Shu yo'l bilan ular sizlarga, Obidxon Qoriga xayrixoh bo'lgan musulmon jamoasini o'ziga qo'shib olishga harakat qilayotgan bo'lishi ham mumkinmi?

Dovudxon Nazarov: Shunday qilayotgan bo'lishi ham mumkin. Biz bunday holatlarni eshitsak yoki guvohi bo'lsak o'zimizning munosabatimiz va mavqe'imizni, ya'ni dadamlar o'z mavqe'ni keskin, keskin aytib kelganlar. Inson o'zining yo'nalishini tanlagan paytda, ochiq bemalol aytishi kerak bo'ladi.

Hozirgi holatda qurolli, harbiy ish olib borish, qon to'kilishiga olib keladigan ishlarni qilishga biz hech qachon qo'shilmaymiz va qo'shilmaganmiz ham. Bu ish hozirgi vaziyat va holatda noto'g'ri ish ekanligini dadamlar doim ta'kidlab kelganlar.

Biz nohaqlik, zulmga qarshi bo'lishlik va zolimlarni to'g'ri yo'lga chaqirish bilan, ularga nasihat qilishlik bilan birgalikda, aslo qurolli uslubni tanlamasligimizni aytamiz. Qurolli harakat qon to'kilishiga, insonlarga hozirgi holatdan ham yomonroq zararlarni olib kelishiga ishonganimiz uchun, bu narsani doim dadamlar o'zlari ochiq ta'kidlab kelganlar.

Bu mavzuda batafsilroq