Gulistonlik onaxon pensiya uchun tiqilinchda o‘ldi

Энди пенсия пулларини "Халқ банки" тарқатади Image copyright uz24.uz
Image caption Endi pensiya pullarini "Xalq banki" tarqatadi

Guliston shahrida yangicha tartibda pensiya olish uchun navbatda turgan 72 yoshli Mariya Xudoyqulova yuzaga kelgan tiqilinchda vafot etgan. Bu haqda hodisani atroflicha o'rgangan kun.uz nashri xabar bermoqda. O'zbekistonda 1 apreldan boshlab pensiya pullarini pochta xodimlari uyga olib kelmaydi. Nafaqa pullarini tarqatish "Xalq banki" zimmasiga yuklatilgan.

Kun.uz ning yozishicha, Mariya Xudoyqulova va uch mahallada yashovchi boshqa pensionerlar 6 aprel kuni tushdan keyin nafaqa pulini olish uchun "Navbahor" fuqarolar yig'iniga borgan. Pensiya uchun 100 dan otiq qariyadan iborat odam to'plangan.

Pul olishga harakat qilgan olomon ichida tiqilinch yuzaga kelgan va uning orasida bo'lgan Mariya Xudoyqulovada yurak xuruji ro'y bergan. Uning atrofidagilar qariyaga o'z bilganlaricha yordam berishgan, "tez yordam" chaqirilgan. Biroq tibbiyot xodimlari yetib kelguncha Xudoyqulovaning joni uzilgan.

Uning o'g'li kun.uz jurnalistiga onasi shu yilning yanvar oyida yurak xastaliklari shifoxonasida davolanib chiqqanini aytgan.

Shu vaqtgacha o'zbekistonlik pensionerlarning pullari pochtachilar tomonidan uyiga yetkazib berilar yoki pochta aloqa bo'linmalarida tarqatilardi. Biroq 1 apreldan boshlab yangi tartib bo'yicha pensiya pullarini tarqatish "Xalq banki" zimmasiga yuklangan.

Kun.uzning yozishicha, «Xalq banki» xodimi 6-8 aprel kunlari shaharning «Navbahor», «Sayqal», «Taraqqiyot» mahallalarida yashovchi pensionerlarga pensiya tarqatilishini bildirib, mahalla fuqarolar yig'ini raislariga bildirishnoma jo'natgan.

Bu uch mahallada 1290 nafar pensioner istiqomat qilishi aytilmoqda

Guliston shahridagi pensionerlarga pensiya tarqatish uchun javobgar bo'lgan bank xodimi baxtsiz hodisada mahalalar raislarini ayblagan.

Bank xodimlariga ko'ra, bir nafar kassirni qariya va bemor pensionerlarning pensiyasini uyiga olib borish uchun safarbar qiladi.

Tartib bo'yicha, mahalla fuqarolari yig'ini bunday pensionerlarning ro'yxatini bankka taqdim etishi kerak. Bu ro'yxatga marhuma Mariya Xudoyqulova kiritilmay qolgan bo'lishi mumkinligi va shu sabadan uning o'zi qo'shni mahallaga pensiyasini olish uchun borganligi aytiladi.

Bizni Telegramda ham kuzatib boring: https://t.me/bbcuzbek