O‘zbekistonda IIV tuzilmasi yanada kengayadi

милиция Image copyright Akadmvd.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ichki ishlar organlari faoliyati to'g'risidagi farmondan ushbu tuzilmaning yanada kengaytirilayotganini kuzatish mumkin. Farmonga ko'ra, IIV tizimida bir necha yangi boshqarmalar tuziladi, tumanlarda yangi lavozim tashkil qilinib qo'shimcha ravishda mingga yaqin militsiya tayanch punktlari quriladi.

10 aprelda imzolangan Preziden farmonida aytilishicha, IIV tizimida qo'shimcha to'rtta boshqarma tashkil qilinadi. 8 ta bo'lim qaytadan tuziladi. Ikkita bilim yurti oliygohga aylantiriladi. Qo'shimcha ravishda 999 ta miliitsiya tayanch punktlari tashkil topadi. Har bir tumanda yoshlar masalasi bo'yicha boshliq o'rinbosari yangi lavozimi tashkil qilinadi.

O'zbekistonda 2016 yilning sentyabr oyida ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish maqsadida "Ichki ishlar organlari to'g'risida"gi qonun qabul qilingan.

Prezidentning 10 aprelda chiqqan farmoniga yozilgan sharhda aytilishicha, ushbu qonunni amaliyotga joriy etish imkoniyatlari bu sohada hali muammolar borligini ko'rsatgan.

"Biroq mazkur Qonun talablarini amaliyotga joriy etish imkoniyatlari, shuningdek, fuqarolarning ichki ishlar organlari faoliyatiga doir murojaatlarini o'rganish sohada hamon o'z yechimini kutayotgan ko'plab muammo va masalalar mavjudligini ko'rsatmoqda", - deyiladi farmon sharhida.

Farmonda quyi bo'g'indagi bo'linmalarning asosiy vazifa va funksiyalari aniq tasdiqlanmaganligi va quyi bo'linmalar zimmasiga haddan ziyod xizmat vazifalari yuklanishi aytilgan.

Unda ichki ishlar idoralari mansabdor shaxslari va inspektorlarining fuqarolar bilan muomala madaniyati pastligicha qolayotgani, murojaatlar yuzaki ko'rib chiqilayotgani, ularga rasmiyatchilik uchungina javob berilayotgani fuqarolarning noroziligini keltirib chiqargani yozilgan.

Farmon ushbu kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgani aytilgan.

Militsiya ustidan jamoatchilik nazorati tashkil qilish yo'lga qo'yilishi mumkin. Ichki ishlar vaziri yilda ikki marta Oliy Majlis Senati oldida xisobot berishi ko'zda tutilgan. Viloyat, tuman, shahar militsiya boshqarmalari Xalq derutatlarining hududlardagi Kengashlariga hisobot berib boradi.

Toshkentdan huquq faoli Surat Ikromov militsiya tizilmasini isloh qilish uchun ularning sonini kamaytirish kerakligini aytadi.

"2001 yillarda kuch ishlatar tizimlardagi xodimlarining sonini keskin qisqartirish borasida ishlar boshlangandi. Ammo Andijon voqealaridan so'ng ushbu tashabbus kun tartibidan qoldi. Militsiyani isloh qilish uchun, avvalo, ularning sonini qisqartirish kerak. Maoshini ko'tarib. vazifalarini qonunda aniq belgilab qo'yish kerak", - deydi u.

Huquq faoliga ko'ra, O'zbekiston militsiya huquqi ko'p toptaladigan kasblardan biri. Ularning belgilangan soatlardan ko'p ishlashi va uning evaziga hech qanday tovon olmasligi odat tusiga kirgan.

"O'zlarining vazifalariga kirmaydigan ishlar bilan kuniga 12 soatlab ishlashiga to'g'ri keladi. Usileniye bo'lgan vaqtlari, hatto bir necha kun uyiga ham kelolmaydi", deb aytadi u.

Biroq farmonda militsiya xodimlari soni qisqarish haqida so'z bormayapti. Aksincha vazirlik miqyosida bir necha boshqarma va mingga yaqin yangi militsiya tayan punktlarining qurilishi ushbu tuzilmaning yanada kengayishi mumkinligini anglatadi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq