Stokgolm hujumi: Rahmat Oqilov aybini tan oldi

подозреваемый Image copyright Swedish police

Stokgolmda 4 odamning o'limiga sabab bo'lgan terror hujumi gumondori Rahmat Oqilov aybini tan olgan. Bu haqda o'zbekistonlik 39 yoshli Oqilovning advokati ma'lum qilgan. Hujum bo'yicha 600 dan ortiq guvoh so'roq qilingan.

Oqilovga aloqadr deb ko'rilgan va hujumlarda gumonlanib qo'lga olingan yana bir O'zbekiston fuqarosidan gumondorlik olib tashlangan. Biroq uni Shvetsiyadan deport qilish qarori berilgan.

Oldinroq Shved politsiyasi olomonning ustiga atayin mashina bilan bostirib borganlikda gumon qilinib O'zbekiston fuqarosi Rahmat Oqilovning hibsga olganini ma'lum qilgan edi.

7 aprel kuni piyodalar ustiga yuk mashinasi bilan hujum natijasida 4 kishi qurbon bo'lgan, 15 inson jarohatlangan.

Hujumda foydalanilgan yuk mashinasi mahalliy vaqt bilan 15:00 atrofida Stokgolm markazida olib qochilgan. U mahalliy Spendrups pivo ishlab chiqaruvchi korxonaga tegishli bo'lgan. Kompaniya vakilining aytishicha, haydovchi restoranga tovar olib kirayotgan vaqti mashina yo'qolib qolgan.

Mashinani olib qochuvchi shaxs unda 6 mavzeni kesib o'tgan va Stokgolmning markaziy ko'chasi - Drottninggatanga kirib borgan. Faqat piyodalarga mo'ljallangan yo'l boshidagi kichikroq to'siqni buzib kirgan va trotuar bo'ylab yurgan odamlarni urib keta boshlagan. Shundan so'ng Ahlens do'koni vitrinasiga borib urilgan.

Shved politsiyasiga ko'ra, hujum yuzasidan 7 kishi hibsga olingan, ulardan 4 nafari qo'yib yuborilgan.

Boshpana izlovchi

Odnoklassniki va VKontakte ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida Oqilov o'zining Samarqandda tug'ilgani va Samarqand shahridagi 46-o'rta maktabda tahsil olganini aytgan.

Shved rasmiylarining Bi-bi-siga aytishlaricha, Rahmat Oqilov 2014 yilda Shvetsiyadan boshpana so'ragan, ammo 2016 yil oxirida rad javobini olgan.

Shvetsiya politsiyasining bayonotiga ko'ra, o'tgan yilning 16 dekabrida Oqilovga Shvetsiyani tark etishi uchun to'rt hafta muhlat berilgan.

Shundan so'ng Oqilov g'oyib bo'lgan va Shvetsiyada qidiruvga berilgan.

Bi-bi-siga ma'lum bo'lishicha, Rahmat Oqilov so'nggi paytlarda Stokgolmdagi o'zi ro'yxatdan o'tgan manzilda yashamagan.

Shved matbuotining yozishicha, shu yil boshlarida o'zining sobiq hamkasbiga yo'liqqan Oqilov kunlarini "uyqu va chekish bilan" o'tkazayotganiin aytgan.

Xabarlarga ko'ra, u O'zbekistondan pul topish maqsadida chiqqan va ayoli hamda 4 nafar farzandiga pul jo'natib turishi kerak bo'lgan.

Qurilishda ishlagan Oqilovning bir necha oy avval ish joyida uxlab qolgani sabab ishidan ayrilgani aytiladi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq