Oqilov O'zbekistonda jinoiy qidiruvda bo'lgan

Кузатув камерасидан олинган Раҳмат Оқилов фотосурати Image copyright SWEDISH POLICE

Rossiyaning "Novosti" axborot agentligi O'zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi o'z manbasiga tayanib xabar tarqatishicha, Shvetsiya poytaxtidagi hujumda ayblanayotgan Rahmat Oqilovga nisbatan fevral oyida xalqaro qidiruv e'lon qilingan.

O'zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari Rahmat Oqilovga nisbatan uch jinoiy band bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atganlarini ma'lum qilgan RIA "Novosti"ning o'z ismi-sharifi e'lon qilinishini istamagan manbasi.

Bular O'zbekiston Jinoyat Kodeksining "jamoat xavfsizligi va ijtimoiy tartib uchun tahdid tug'diradigan materiallarni tayyorlash va tarqatish", "diniy va ekstremistik tashkilotlarga a'zolik", "voyaga etmagan shaxsni aksilijtimoiy harakatlarga jalb qilish" bandlaridir.

"Samarqandda istiqomat qiladigan qarindoshlari va yaqinlarini so'rab-surishtirish natijasida shu narsa aniqlandiki, etnik tojik Oqilov Shvetsiyada bo'lgan payti "Islomiy Davlat"ning tojik bo'limi emissarlari ta'siriga tushib qolgan, jangarilar tarafida Suriyadagi jangovor harakatlarda ishtirok etishga uringan. Xususan, 2015 yili Oqilov Turkiya-Suriya chegarasini kesib o'tishga harakat qilgan, biroq qo'lga olingan. Unda "qochqin" maqomi borligi sababli ortga Shvetsiyaga deportatsiya qilingan", deb yozilgan RIA "Novosti" xabarida.

11 aprel kuni Stokgolmdagi mahkamada 39 yoshli Rahmat Oqilov ustidan ilk mahkama jarayoni bo'lib o'tgan.

Sudda 4 odamning o'limiga sabab bo'lgan terror hujumi gumondori Oqilov o'z aybini tan olgan.

Oqilov advokatining BBCga ma'lum qilishicha, hujum bo'yicha 600 dan ortiq guvoh so'roq qilingan.

Oqilovga aloqadr deb ko'rilgan va hujumlarda gumonlanib qo'lga olingan yana bir O'zbekiston fuqarosidan gumondorlik olib tashlangan. Biroq uni Shvetsiyadan deport qilish qarori berilgan.

Oldinroq Shved politsiyasi olomonning ustiga atayin mashina bilan bostirib borishda gumon qilinib O'zbekiston fuqarosi Rahmat Oqilovning hibsga olganini ma'lum qilgan edi.

7 aprel kuni piyodalar ustiga yuk mashinasi bilan hujum natijasida 4 kishi qurbon bo'lgan, 15 inson jarohatlangan.

Hujumda foydalanilgan yuk mashinasi mahalliy vaqt bilan 15:00 atrofida Stokgolm markazida olib qochilgan.

U mahalliy Spendrups pivo ishlab chiqaruvchi korxonaga tegishli bo'lgan.

Kompaniya vakilining aytishicha, haydovchi restoranga tovar olib kirayotgan vaqti mashina yo'qolib qolgan.

Mashinani olib qochuvchi shaxs unda 6 mavzeni kesib o'tgan va Stokgolmning markaziy ko'chasi - Drottninggatanga kirib borgan.

Faqat piyodalarga mo'ljallangan yo'l boshidagi kichikroq to'siqni buzib kirgan va trotuar bo'ylab yurgan odamlarni urib keta boshlagan.

Shundan so'ng Ahlens do'koni vitrinasiga borib urilgan.

Shved politsiyasiga ko'ra, hujum yuzasidan 7 kishi hibsga olingan, ulardan 4 nafari qo'yib yuborilgan.

Boshpana izlovchi

Odnoklassniki va VKontakte ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida Oqilov o'zining Samarqandda tug'ilgani va Samarqand shahridagi 46-o'rta maktabda tahsil olganini aytgan.

Shved rasmiylarining BBCga aytishlaricha, Rahmat Oqilov 2014 yilda Shvetsiyadan boshpana so'ragan, ammo 2016 yil oxirida rad javobini olgan.

Shvetsiya politsiyasining bayonotiga ko'ra, o'tgan yilning 16 dekabrida Oqilovga Shvetsiyani tark etishi uchun to'rt hafta muhlat berilgan.

Shundan so'ng Oqilov g'oyib bo'lgan va Shvetsiyada qidiruvga berilgan.

Bi-bi-siga ma'lum bo'lishicha, Rahmat Oqilov so'nggi paytlarda Stokgolmdagi o'zi ro'yxatdan o'tgan manzilda yashamagan.

Shved matbuotining yozishicha, shu yil boshlarida o'zining sobiq hamkasbiga yo'liqqan Oqilov kunlarini "uyqu va chekish bilan" o'tkazayotganiin aytgan.

Xabarlarga ko'ra, u O'zbekistondan pul topish maqsadida chiqqan va ayoli hamda 4 nafar farzandiga pul jo'natib turishi kerak bo'lgan.

Qurilishda ishlagan Oqilovning bir necha oy avval ish joyida uxlab qolgani sabab ishidan ayrilgani aytiladi.

Bizni Telegramda ham kuzatib boring: https://t.me/bbcuzbek

Bu mavzuda batafsilroq