Migrant: ‘Sankt-Peterburgda hanuz tekshir-tekshir’

Россия Image copyright Getty Images

Bu haqda Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida Sankt-Peterburgda uch yildan buyon mehnat muhojirligida band Markaziy osiyolik suhbatdoshimiz bildirdi.

Uning aytishicha, Sankt-Peterburg metro yo'nalishida amalga oshirilgan va o'ndan ortiq insonning umriga zomin bo'lgan hujumdan o'n kuncha o'tib ham, shahar bo'ylab tekshir-tekshirlar hanuz tinmagan.

Metro bekatlarida haliyam o'nlab politsiya xodimlari ko'zga tashlanadi, hatto, mahalliy aholi vakillarining o'zlarini ham obdan tekshirib, so'ngra ichkariga qo'yishmoqda, deydi bu suhbatdoshimiz.

Unga ko'ra, bu kabi tekshiruvlardan Sankt-Peterburgdagi katta sondagi Markaziy osiyolik migrantlar ham mehnat qiluvchi qurilish sathlari-da chetda qolmayotir.

Noqonuniy maqomda ekanliklari aniqlanganlari esa, ortga deportatsiya etilishmoqda, deydi u kishi o'zining ayrim tanishlari misolida yuz bergan voqealarni ham nazarda tutib.

Suhbat tafsilotlari esa, videolavhamizda - nazardan qochirmang.

Suhbatdoshimizga ko'ra, Rossiyada qonuniy maqomda ekaniga qaramay, o'zi ham hujumlardan bir hafta o'tib, faqat shu dushanba kuni yana ishga qaytgan.

Chunki metro bekatlari yopiq, ish yo'q edi-da, deydi u kishi.

3 aprel kungi portlash ortidan Sankt-Peterburgda bo'lgan faol suhbatdoshimiz Markaziy osiyolik aksariyati noqonuniy maqomda bo'lgan mehnat muhojirlarining "qo'rqqanlaridan ish tugul, hatto, ko'chaga chiqolmay o'tirishgani" haqida aytgandi.

Bugun - chorshanba kuni esa, portlash qurbonlarining soni 15 kishiga chiqqan, Harbiy-tibbiy akademiyada qolayotgan yaralanganlardan biri hayotdan ko'z yumgan.

Hodisada o'nlab kishilar yaralangan, ularning orasida bir o'zbekistonlisi doxil qator Markaziy Osiyo fuqarolarining ham borliklari xabar berilgandi.

Agar, mahalliy faollarning hisob-kitoblariga tayanilsa, ham o'zbekistonlik va ham ja'mi markaziy osiyolik migrantlarning soni bo'yicha Sankt-Peterburg poytaxt Moskvadan keyin ikkinchi o'rinda turadi.

Xuddi shu raqamlar manzarasida shaharda yarim millionga yaqin o'zbekistonlikning mehnat qilishi aytiladi.

Ma'lum bo'lishicha, aksariyati noqonuniy mavqe'da bo'lgan bu mehnat muhojirlari asosan qurilish, maishiy xizmat ko'rsatish sohalarida band va yana farroshlik qilishadi.

3 aprel kungi portlashga aloqdorlik gumoni bilan qo'lga olingan va o'tgan juma kuni bo'lib o'tgan mahkama ortidan, shu yilning 2-3 iyun kunlariga qadar hibsga qoldirishga qaror qilingan 8 nafar gumondorning barchasi ham Markaziy Osiyo fuqarolari bo'lishadi.

Portlash ijrochisi sifatida esa, 22 yashar asli o'shlik, Rossiya fuqarosi Akbarjon Jalilov gumon etilmoqda.