Usmonov Navalniyga qarshi: daʼvo mahkamada

Alisher Usmonov Image copyright Getty Images
Image caption Alisher Usmonovning aytishicha, uni ayblashga Navalniyning "maʼnaviy haqi" yoʻq

Moskvaning Lyublino tuman mahkamasiga "Metalloinvest" xoldingi egasi Alisher Usmonovning muxolifatchi Aleksey Navalniyga qarshi daʼvosi kelib tushgan.

Bu haqda mahkamaning rasmiy saytidagi xabarda maʼlum qilinadi.

Unda daʼvogarning shaxsan Alisher Usmonov, javobgar esa Aleksey Navalniy va uning "Korruptsiyaga qarshi kurash" (FBK) jamgʻarmasi ekani aytilgan.

Avvalroq Usmonov Navalniyni oʻziga tuhmat qilishda ayblagan va mahkamaga berish bilan tahdid qilgandi.

2 mart kuni Aleksey Navalniyning "Korruptsiyaga qarshi kurash" jamgʻarmasi "U sizga Dimon emas" nomli tadqiqotini eʼlon qilgan.

Unda Bosh vazir Dmitriy Medvedevga aloqasi borligi aytilgan koʻp sonli koʻchmas mulk obʼektlari haqida soʻz boradi.

Navalniyning daʼvo qilishicha, Rossiya bosh vaziri bu mulkka egalik qiladi, ammo uni oʻz kursdoshlari nomidagi notijoriy jamgʻarmalar tarmogʻi orqali boshqaradi.

Jumladan, tadqiqotda taʼkidlanishicha, Medvedev foydalanadigan Rublyovkadagi uyni shu kabi jamgʻarmalardan biriga Alisher Burxonovich Usmonov ismli kishi sovgʻa qilgan.

Bu ism Rossiyaning eng badavlat tadbirkorlaridan biri, mamlakatdagi eng yirik togʻ-metallurgiya xoldinglaridan boʻlgan "Metalloinvest"ning egasi, milliarder Alisher Usmonovning ismiga butkul mos tushadi.

Medvedev Navalniyning tadqiqoti ommaga taqdim qilinishidan bir oy oʻtib munosabat bildirgan.

Uning aytishicha, bu kompromatning ortida "odamlarni koʻchalarga olib chiqish" harakati turibdi.

Medvedev tadqiqot materiallarini "safsata va qandaydir qogʻozchalar" deb atagan.

Alisher Usmonovning aytishicha, uni ayblashga Navalniyning "maʼnaviy haqi" yoʻq, chunki u oʻz ishlarini "shaffof va qonuniy" olib boradi,

Asli oʻzbekistonlik milliarder 100 mingdan ziyod odamni ish bilan taʼminlagani, xayriya xarajatlari esa yiliga 100 million dollardan oshishini eslatgan.

Aleksey Navalniy Usmonovning tahdididan qoʻrqmasligi va uni ayblashda davom etishini aytgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring