Beslan fojiasi: "Yashash huquqi poymol etilgan"

Beslan Image copyright Getty Images
Image caption Beslanlik onalar hanuz tergovga savollari borligini aytishadi

Yevropa inson haqlari mahkamasi 2004 yildagi Beslan fojiasida halok boʻlgan bolalarning ota-onalari hamda voqealarda omon qolgan, ammo jarohatlanganlarning shikoyatlarini qondirgan.

Mahkama arizachilarning Rossiya hukumati ularning yashash huquqlarini (Evropa konventsiyasining 2-bandi) poymol etgani haqidagi daʼvolarini asosli, deb topgan.

Mahkama qarorida aytilishicha, Rossiya hukumati Beslanda qurbon boʻlganlarning hayotini saqlab qolish uchun yetarli choralarni koʻrmagan.

Bundan tashqari Yevropa inson haqlari mahkamasi Rossiya rasmiylari binoni zabt etish amaliyotini rejalash jarayonida garovdagilarning hayotiga tahdidni kamaytirishning uddasidan chiqmagan, deya xulosa qilgan.

Mahkamaga koʻra, Rossiya maxsus kuchlari va harbiylari haddan ortiq kuch ishlatgan, hukumat hodisalar yuzasidan samarali tergov olib bormagan.

Shunday qilib, Yevropa mahkamasi arzdorlarning oʻz yaqinlarining yashash huquqi poymol etilganiga doir shikoyatlarini barcha bandlar boʻyicha qondirgan.

Oʻz qarorida mahkama Rossiyadan arizachilar foydasiga moddiy tovon talab qilmagan, ammo Rossiya yetkazilgan maʼnaviy zarar uchun 3 million yevro miqdorida tovon puli toʻlashi kerakligini aytgan.

Shuningdek, har bir qurbonning yaqinlariga 10 ming yevro va ogʻir jarohatlangan har bir odam uchun 7 ming, oʻrtacha jarohat uchun 5 ming va yengil jarohat olganlarga 3 ming yevro miqdorida tovon puli belgilangan.

Beslan voqealarida qizi Zarina garovga olinganlar orasida boʻlgan Ella Kasayeva BBC rus xizmati bilan suhbatda Yevropa mahkamasi qarorini "gʻalaba" deb atagan.

"Ayniqsa, 2-modda buzilganining eʼtirof etilishi. Biz davlat qarorni bajarmasligidan xavotirda emasmiz. Bu ikkinchi darajali va bizni mutlaqo bezovta qilmaydi. Amaldorlar uni shundoq ham bajarishmaydi. Asosiysi-nufuzli mustaqil sud davlatning aybini tan oldi", - deb aytgan beslanlik ona.

Mahkama "Beslan onalari" guruhi tomonidan taqdim etilgan bir necha arizani birdaniga koʻrgan.

Arizachilarning umumiy soni 409 kishi boʻlib, Yevropa inson haqlari mahkamasining Beslan boʻyicha birinchi majlisi 2014 yilda boʻlib oʻtgandi.

Ular Rossiya hukumati terrorchilik hodisasining oldini olmasdan oʻzining fuqarolar hayotini asrash majburiyatini bajarmaganini aytishgan.

Jumladan, 1 sentyabr arafasida mahalliy huquq-tartibot idoralariga terrorchilik amali tayyorlanayotgani haqida maʼlumot kelib tushgani va 31 avgust tunida esa odamlarni garovga olish rejalanayotgani haqida aniq maʼlumot olinganiga eʼtibor qaratiladi.

Ammo hujum vaqtida maktabni faqat bir nafar va quroli boʻlmagan militsiya xodimasi Fatima Dudayeva qoʻriqlayotgan boʻlgan.

2004 yil 1 sentyabr kuni Beslanning 1-sonli maktabidagi tantanali lineyka chogʻida bir guruh jangarilar 1128 kishini garovga olgan.

Garovdagilar maktab sportzali va boshqa binolarida uch kun davomida issiqda, suvsiz va ovqatsiz ushlab turilgan.

Maxsus kuchlarning maktabni zabt etishi oqibatida 334 kishi, jumladan, 186 nafar bola halok boʻlgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring