"Oʻzbeklarning turli oqimlar taʼsiriga tushishi osonlashdi"

Stokgolm hujumi qurbonlari xotirasiga qoʻyilgan gullar Image copyright AFP Getty Images
Image caption Stokgolm hujumi qurbonlari xotirasiga qoʻyilgan gullar

Soʻnggi oylardagi Yevropada sodir etilgani uchun ommaviy axborot vositalari va dunyo hamjamiyatini koʻproq oʻziga jalb etgan zoʻravonliklar Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoga eʼtiborni qaratdi.

Afgʻoniston va Pokistonda ham asli kelib chiqishi oʻzbekistonlik jangarilar qoʻl urgan qon toʻkilishi hodisalari matbuotda yoritilgan, biroq hozirgidek aks-sado bermagan.

Turkiya, Rossiya va Shvetsiyadagi tinch aholi vakillari qurbon boʻlgan hodisalar "nega oʻzbeklar yoki Markaziy osiyoliklar buncha koʻp zoʻravonliklarga qoʻl urmoqdalar" degan savolni ham paydo qilgan.

2016 yilning 31 dekabri - yangi yil kechasida Istanbul shahridagi Reina tungi klubiga hujum sodir etildi.

Oqibatda 39 kishi halok boʻlgan, 40 odam yaralangan.

Qurbonlar orasida 16 nafar xorijlik, jumladan, Saudiya Arabistoni, Isroil, Livan, Iordaniya, Frantsiya va Belgiya fuqarolari boʻlgan.

Hujum yuz bergan payt klub ichkarisida bir necha yuz kishi boʻlgan.

NTV telekanalining xabar berishicha, ayrim odamlar oʻzlarini qutqarish uchun vahima ichida Bosfor boʻgʻoziga sakrashgan.

"Islomiy davlat" guruhi tungi klubga hujum uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olgan.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Qudrat Bobojonov: oʻzbeklarning oqimlar taʼsiriga tushishi osonlashdi

16 yanvar kuni Oʻzbekiston fuqarosi Abdulqodir Masharipov hibsga olindi.

Masharipovning Afgʻonistonda maxsus tayyorgarlikdan oʻtgani, u Turkiyaga oilasi bilan 2016 yil yanvarida noqonuniy borgani xabar qilindi.

3 aprel kuni tushki soat 14:30 larda Sankt-Peterburg metrosining "Sennaya" va "Texnologicheskiy institut" bekatlari oʻrtasida borayotgan poyezd vagonida portlash roʻy bergan.

Portlash oqibatida 11 inson halok boʻlgan, qariyb 50 kishi yaralangan.

Shifoxonada yana toʻrt inson hayotdan koʻz yumdi.

Portlashdan keyin metroning "Qoʻzgʻolon maydoni" bekatida ham portlovchi modda topilgani va uni zararsizlantirishga muvaffaq boʻlingani haqida xabar tarqatdilar Rossiya rasmiylari.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Poʻlat Oxunov: qiyin ahvoldagilarni terrorchilikka yollash oson

Rossiya Tergov qoʻmitasi portlashni sodir etgan shaxs 1995 yilda Qirgʻizistonning Oʻsh shahrida tugʻilgan Akbarjon Jalilov deb eʼlon qildi.

Akbarjon Jalilovning 2011 yili Rossiya fuqaroligini olgani xabar qilindi.

7 aprel kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolmning asosiy piyodalar yuradigan koʻchasi - Drottninggatanda piyodalar ustiga yuk mashinasi haydaldi.

Oqibatda toʻrt inson halok boʻldi, 15 kishi jarohatlangan.

Hujumda foydalanilgan yuk mashinasi mahalliy Spendrups pivo ishlab chiqarish korxonasiga tegishli boʻlgani va olib qochilgani maʼlum boʻldi.

Yuk mashinasi trotuar boʻylab odamlarni urib ketgan, soʻng Ahlens doʻkoni vitrinasiga borib urilgan.

Shu kuni Shved politsiyasi Oʻzbekiston fuqarosi Rahmat Oqilovni hibsga oldi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Kamoliddin Rabbimov: aslida Stokgolьmdagi teraktmi?

Mahkamada 39 yoshli Rahmat Oqilov 4 odamning oʻlimiga sabab boʻlgan terror hujumidagi aybini boʻyniga olgan.

12 aprel kuni Oʻzbekiston huquq-tartibot idoralaridagi manba Rahmat Oqilovga 2017 yil fevralida xalqaro jinoiy qidiruv eʼlon qilingani haqida xabar tarqatdi.

Rahmat Oqilovga Oʻzbekiston Jinoyat Kodeksining "jamoat xavfsizligi va ijtimoiy tartib uchun tahdid tugʻdiradigan materiallarni tayyorlash va tarqatish", "diniy va ekstremistik tashkilotlarga aʼzolik", "voyaga yetmagan shaxsni aksilijtimoiy harakatlarga jalb qilish" bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani maʼlum qilindi.

"Samarqandda istiqomat qiladigan qarindoshlari va yaqinlarini soʻrab-surishtirish natijasida shu narsa aniqlandiki, etnik tojik Oqilov Shvetsiyada boʻlgan payti "Islomiy Davlat"ning tojik boʻlimi emissarlari taʼsiriga tushib qolgan, jangarilar tarafida Suriyadagi jangovor harakatlarda ishtirok etishga uringan. Xususan, 2015 yili Oqilov Turkiya-Suriya chegarasini kesib oʻtishga harakat qilgan, biroq qoʻlga olingan. Unda "qochqin" maqomi borligi sababli ortga Shvetsiyaga deportatsiya qilingan", deb xabar tarqatgan Rossiyaning RIA "Novosti" axborot agentligi.

Xoʻsh, nega oʻzbeklar yoki Markaziy osiyoliklarning zoʻravonliklarga qoʻl urishi hodisalari koʻpaymoqda?

BBC ushbu savol bilan Shvetsiyada istiqomat qiladigan oʻzbekistonlik mustaqil jurnalist Qudrat Bobojonov, oʻzbekistonlik muxolif siyosatchi Poʻlat Oxunov, Frantsiyada yashaydigan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovga murojaat qildi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring