Blog: Yangi oʻzbek alifbosi nima boʻladi?

lotin Image copyright Taqvim.uz

Qozogʻiston lotin grafikasiga asoslangan yangi alifboga oʻtishini maʼlum qildi. Jarayon shu yil boshlanib, 2025 yilda toʻliq yakunlanishi kerak.

Oʻzbekistonliklar shu yangilik bahona yana bir bor yangi alifbo haqida eslab olishdi. Oʻzbekiston 20 yildan ortiq vaqt mobaynida toʻliq joriy etishni eplay olmayotgan lotin alifbosi haqida. Asosan ikki xil gap. Bir taraf Qozogʻiston bekor qildi, bizga oʻxshab na u va na bu alifboda yoza oladigan chalasavodlar koʻpaygani qoladi, demoqda. Ikkinchi taraf esa, axir bu Oʻzbekiston emas, Qozogʻiston xuddi Turkmaniston va Ozarbayjon kabi oʻz vaqtida lotinga oʻtadi, biz oʻshanda ham arosatda yurgan boʻlamiz, deya uqtirmoqda.

Menimcha, ikki tarafning ham gapida jon bor. Qozogʻistonda alifboni oʻzgartirish masalasi kecha paydo boʻlgani yoʻq. Nursulton Nazarboyev bu haqda ancha oldin gapirgan va vaqti kelib, Qozogʻiston albatta lotinga oʻtishini taʼkidlagan edi. Yaʼni bu qaror puxta oʻylanib, pishib yetilgach, qabul qilinmoqda. Qolaversa, Qozogʻistonda alifbo almashishi "siyosiy sabablarga koʻra" amalga oshirilayotgan boʻlsa ham, alifboning oʻzi siyosatdan xoli. "Turkiya alifbosiga oʻxshab qolmasin" (Oʻzbekistonda, masalan, Turkiya bilan bogʻliq hamma narsa panturkizm sifatida koʻriladi) degan vaj bilan amalda qoʻllanilishi qiyin xarf va belgilar kiritilmasligi aniq.

Yana bir muhim jihat, Qozogʻiston yangi alifboni iqtisodiy tomondan ancha oyoqqa turib olgan, axborot texnologiyalari rivojlangan, aholi, ayniqsa yoshlar ingliz tilini yaxshigina oʻzlashtirgan bir davrda kiritmoqda. Yaʼni Qozogʻistonda yangi kitoblar chop etish, dasturlar yaratishda iqtisodiy muammolar ham, kompyuterda yoʻq ramzlar bilan bogʻliq muammolar ham, ingliz tilini bilgan odamlarda yangi alifboga koʻnika olmaslik bilan bogʻliq muammolar ham boʻlmaydi. Kamida muammolar u qadar ogʻriqli boʻlmaydi.

Shu oʻrinda ingliz tili va uni biladigan aholining oʻrni yangi alifbo joriy etilishida juda muhim ekanini taʼkidlab oʻtish lozim. Turli atamalar, joy nomlari, ism-familiyalarning ruscha emas, asl yoki ingliz tilidan olinishi lotinga oʻtishning asl maqsadlariga erishishga imkon beradi. Lotin alifbosi shunchaki, kirill alifbosining transliteratsiyasi boʻlib qolishining oldini oladi. Masalan, Stokholm Stokgolьm, Zyurix Syurix yoki Harri va Hitler Garri va Gitler shaklida yoziladigan boʻlsa, lotin alifbosiga oʻtishning hojati yoʻq.

Qozogʻistonda yangi alifbo boshqa toʻsiqlarga duch kelishi mumkin. Masalan, baʼzi rus ommaviy axboro vositalari "Qozogʻiston Rossiyadan uzoqlashmoqda", "Lotinga oʻtish Qozogʻistondagi rusiyzabon aholiga salbiy taʼsir oʻtkazadi" degan maʼnoda maqolalar chop etishdi. Qozogʻistondagi ruslar lotinga oʻtishni oʻzlariga qarshi harakat sifatida baholab, oʻzlarini jarblanuvchi qilib koʻrsatishi ehtimoli ham yoʻq emas. Rossiyaning chetdagi rusiyzabon aholini himoya qilish istagi kuchli ekanini hisobga olsak... Hay mayli, ish bu darajagacha yetib bormasligiga umid qilamiz.

Xoʻsh, Oʻzbekiston, aniqrogʻi, oʻzbek alifbosi nima boʻladi?

Menimcha, Oʻzbekiston oʻzi uchun aniq, uzil-kesil bir qarorga kelib olishi va ikki alifbolik davriga nuqta qoʻyishi kerak. 1993-yili lotinga oʻtish qarori xato boʻlganini, alifbo islohoti muvaffaqiyatsiz tugaganini, yangi alifboni oʻrganish va oʻrgatishga sarf etilgan mablagʻlar havoga uchganini tan olib, kirill alifbosiga qaytish mumkin. Bu oʻrinda rus propagandasining, oʻzbeklar bizsiz alifboni ham eplolmay, sovet davrida biz tuzib bergan alifboga qaytishga majbur boʻldi, qabilidagi gap-soʻzlariga chidash kerakligini ham eslab oʻtish oʻrinli boʻlsa kerak. Ikkinchi yoʻl-amaldagi alifboga ayrim oʻzgartirishlar kiritib (aslida eng yaxshi yoʻl 1993-yilgi ilk alifboga qaytish boʻlar edi), lotinga oʻtish jarayonini kuchli nazorat ostiga olib (kirillni taqiqlash desa ham boʻladi), hech boʻlmasa, Qozogʻiston bilan barobar lotin alifbosiga oʻtish jarayonini yakunlash kerak.

Blog mualliflarining nuqtai nazari tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmaydi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring