Toshkent ‘Stokgolmdagi terakt gumondori o'z fuqarosi ekani’ni tasdiqladi

Ўзбекистон Ташқи ишлар вазирлиги Image copyright official

Toshkentdan olingan xabarlarga ko'ra, bu haqda bugun - juma kuni O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bayon qilgan.

Buyuk Britaniyaning nufuzli "Reyter" axborot agentligi muxbiri savoliga javob berarkan, Komilov Shvetsiyada 7 aprel kungi teraktni sodir etganlik gumoni bilan qo'lga olingan Rahmat Oqilov 1978 yilda Samarqandda tug'ilgan O'zbekiston fuqarosi ekanini aytgan.

Rahmat Oqilovning 2014 yilda Stokgolmga ketgani va u erda qurilish ishlarida ishlaganini bildirgan.

Komilov Oqilovning chet elda ekan, internet orqali IShID xalqaro "terrorchi" guruhining emissarlari tomonidan ular saflariga yollangan bo'lganini ma'lum qilgan.

"O'zlarida bo'lgan ma'lumotlarga ko'ra, IShID saflarida jang qilish uchun vatandoshlarini Suriyaga safar qilishga undagan".

"O'zbekistondagi davlat, boshqaruv organlari va huquq-tartibot tizimlari xodimlariga qarshi zo'ravon amallarga undashga urinib ko'rish uchun ko'p bor "terrorchilik" mazmunidagi targ'ibot maqsadini ko'zda tutuvchi videoroliklarni internet-messenjerlar orqali O'zbekistondagi yaqinlari va boshqa odamlariga yuborgan".

Yana bir jinoiy ish

Abdulaziz Komilovning javobidan ma'lum bo'lishicha, Rahmat Oqilovga qarshi Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan jinoiy ish qo'zg'atilgan va ish O'zbekiston Jinoyat Kodeksining 127, 244 va 244-1 moddalari bo'yicha olib borilmoqda.

Rahmat Oqilov, jumladan, ""voyaga etmaganlarni g'ayri-ijtimoiy xulq-atvorga jalb qilish, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash yoki tarqatish, diniy-ekstremist, bo'lginchi, fundamental va yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlarga boshchilik qilish va ular faoliyatida ishtirok etish"da ham ayblanmoqda.

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirining so'zlaridan ma'lum bo'lishicha, "avvalroq Rahmat Oqilovning jinoiy amallariga oid ma'lumotlar shved tomonini ogoh etishi uchun xavfsizlik xizmatlari liniyasi orqali g'arblik hamkorlaridan biriga etkazilgan" bo'lgan.

Rossiyaning "Novosti" axborot agentligi 12 aprel kuni O'zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi o'z manbasiga tayanib, Shvetsiya poytaxtidagi hujumda ayblanayotgan Rahmat Oqilov fevral oyida xalqaro qidiruvga berilgani haqida ham xabar bergandi.

Komilovga ko'ra, "mavjud voqe'lik terrorchilik va ekstremizm tahdidi global xarakter kasb etishi va bu kabi chaqiriqlarga qarshi turish ham xuddi shunga muvofiq xalqaro miqyosdagi keng va muvofiqlashtirilgan choralarni talab qilishiga dalolat qilishi"ni aytgan.

Ayon bo'lishicha, O'zbekiston Tashqi ishlar vazirining bu xususdagi bayonoti poytaxt Toshkentda, xalqaro Press-klub yig'ini chog'ida yangragan.

Xalqaro Press-klubning sessiyasi "O'zbekiston tashqi siyosatining yangi bosqichdagi dolzarb masalalari" mavzusiga bag'ishlangan.

Xabarlarga ko'ra, unda Abdulaziz Komilovdan tashqari O'zbekiston Oliy Majlis Senati raisining birinchi o'rinbosari Sodiq Safoev ham jurnalistlarning savollariga javob qaytargan.

Tarixcha o'rnida

Shvetsiya poytaxti Stokgolmdagi "terakt" o'tgan juma kuni yuz bergan.

Drottninggatan ko'chasida yuk mashinasi odamlarning ustiga haydalgan, natijada to'rt kishi qurbon bo'lgan, 15 nafari tan jarohati olgandi.

Hodisa bilan aloqadorlikda Shvetsiyada ikki kishi qo'lga olingan.

Xabarlarda har ikki gumondorning ham O'zbekiston fuqarosi ekani aytilgan.

39 yoshli Rahmat Oqilov o'sha kuni yuk mashinasi rulida bo'lgani gumon qilingan.

Uning ustidan dastlabki mahkama jarayoni 11 aprel kuni bo'lib o'tgan.

Sud jarayonida Rahmat Oqilov "o'z aybini tan olgan".

Oqilov advokatining Bi-bi-siga ma'lum qilishicha, hujum yuzasidan 600 dan ortiq guvoh so'roq qilingan.

Rahmat Oqilov va "terakt"ga aloqasi borligi gumoni bilan qo'lga olingan boshqa bir o'zbekistonlikdan esa, gumondorlik olib tashlangan.

Biroq uni Shvetsiyadan deportatsiya qilish qarori berilgan.

Rahmat Oqilov

Odnoklassniki va VKontakte ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida Oqilov o'zining Samarqandda tug'ilgani va Samarqand shahridagi 46-o'rta maktabda tahsil olganini aytgan.

Shved rasmiylarining Bi-bi-siga aytishlaricha, Rahmat Oqilov 2014 yilda Shvetsiyadan boshpana so'ragan, ammo 2016 yil oxirida rad javobini olgan.

Shvetsiya politsiyasining bayonotiga ko'ra, o'tgan yilning 16 dekabrida Oqilovga Shvetsiyani tark etishi uchun to'rt hafta muhlat berilgan.

Shundan so'ng Oqilov g'oyib bo'lgan va Shvetsiyada qidiruvga berilgan.

Bi-bi-siga ma'lum bo'lishicha, Rahmat Oqilov so'nggi paytlarda Stokgolmdagi o'zi ro'yxatdan o'tgan manzilda yashamagan.

Shved matbuotining yozishicha, shu yil boshlarida o'zining sobiq hamkasbiga yo'liqqan Oqilov kunlarini "uyqu va chekish bilan" o'tkazayotganiin aytgan.

Xabarlarga ko'ra, u O'zbekistondan pul topish maqsadida chiqqan va ayoli hamda 4 nafar farzandiga pul jo'natib turishi kerak bo'lgan.

Qurilishda ishlagan Oqilovning bir necha oy avval ish joyida uxlab qolgani sabab ishidan ayrilgani aytiladi.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг