Shvetsiya Komilov so'zlari borasida nima deydi?

Швеция Image copyright Reuters

Agar, shved ommaviy-axborot vositalariga tayanilsa, O'zbekiston Tashqi ishlar vazirining bugun Toshkentda yangragan so'zlariga ham Shvetsiya Tashqi, ham Ichki ishlar vazirligi va ham Xavfsizlik Xizmatining javobi juda qisqa bo'lgan.

"Aftonbladet" nashridagi maqola O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Stokgolmdagi "terakt" gumondori, asli samarqandlik Rahmat Oqilov bilan aloqador "Reyter" axborot agentligi muxbiri savoliga bergan javobidan qisqa vaqt o'tmay chop etilgan.

Mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 08:26 da chop etilgani anglashilgan bu maqola "O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri: Shvetsiyani Rahmat Oqilov borasida ogohlantirganmiz", - deya nomlangan.

Xalqaro Press-klubning Toshkentdagi sessiyasi chog'ida Komilov, "shved tomonini ogoh etishi uchun Rahmat Oqilovning jinoiy amallariga oid ma'lumotlar avvalroq xavfsizlik xizmatlari liniyasi orqali g'arblik hamkorlaridan biriga etkazilgani" haqida aytgan.

Rahmat Oqilovning 2014 yilda O'zbekistonni tark etib, Shvetsiya poytaxti Stokgolmda qo'nim topgach, o'sha erda internet orqali IShID guruhi saflariga yollangan bo'lganini ma'lum qilgandi.

Munosabatlar

"Biz bunga o'xshash biror bir ma'lumot olmaganmiz. Tashqi ishlar vazirligida bu kabi hujjat olingani qayd etilmagan", - deb aytgan vazirlik matbuot xizmati vakilasi "Aftonbladet" nashriga.

Shved nashri O'zbekiston Tashqi ishlar vazirining ayni so'zlari yuzasidan bu haqda Shvetsiya Xavfsizlik Xizmati - SAPO ning ham munosabatini olishga uringan.

Ammo, "Aftonbladet"ning yozishicha, SAPO ning kommunikatsiya masalalari bo'yicha strategi Karl Melin, "gap bu kabi ma'lumotlarga kelganda, ular yuzasidan biror bir sharh bera olmasliklari"ni aytib, javob bergan.

Nashrning, "hujumdan avval bu shaxs borasida O'zbek mas'ullari bilan muloqotda bo'lishgani-yo'qligi" savoliga javobga kelganda ham, strateg, yana bir bor "o'zlarining Ovro'po Xavfsizlik Xizmatlari bilan qanday ish olib borishlari yuzasidan bir so'z aytolmaslik"larini aytib, gapni kalta kesgan.

"Aftonbladet"ning, "Ammo O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri bergan ma'lumotlarni tasdiqlay olasizmi?", - degan savoliga ham Karl Melinning javobi muxtasar bo'lgan.

Shvetsiya Xavfsizlik Xizmati kommunikatsiya masalalari bo'yicha strategi yana bir bor, "bu kabi ma'lumotlarni na-da tasdiqlay va na-da rad eta olishlari"ni ta'kidlagan.

Ammo, avval ham aytganlaridek, 2016 yilda bu shaxsga oid"ayrim josuslik ma'lumotlarini qo'lga kiritganliklari"ni qo'shimcha qilgan.

Stokgolmdagi so'nggi terakt manzarasida shved maxsus xizmatlari Rahmat Oqilov o'zlarining ko'z ostlariga o'tgan yil tushgani, ammo uni "tahdid" emas, balki "marginal" sifatida ko'rganliklarini e'tirof etishgan.

Avvalroq

2016 yilda Oqilovga oid ham ayrim josuslik ma'lumotlarini qo'lga kiritishgani, ammo ularni tasdiqlay olmaganliklari va shu bois ham uni o'zlari uchun muammo, deb bilmaganliklarini aytishgandi.

Hozirga kelib ayon bo'lishicha, SAPO bu xususda o'zining rasmiy "Twitter" akkauntida ham yozgan, maxsus press-reliz ham chiqargan.

Ammo bu xususda "ma'lumotlar va mish-mishlar juda ko'p ekani"ni aytgan.

"Ularning turli forumlarda keng tarqalgan va turli maqsadlarni ko'zlovchi turli manbalardan ekani, mohiyatidan kelib chiqib, bu kabi ko'plab mish-mishlarni Xavfsizlik Xizmati sharhlamasligi"ni bildirgan.

"Aftonbladet" bu xususda Shvetsiya Ichki ishlar vaziridan ham rasman izoh olishga uringan, Andres Ygeman ham o'z matbuot voizi orqali bu kabi ma'lumotlarni "sharhlay olmasliklari"ni bayon qilgan.

Voiz Fredrik Persson, "Bu haqda mamlakat Xavfsizlik xizmati bilan so'zlashish"ni tavsiya qilgan, "faqat ulargina bunga haqli" ekanliklarini aytgan.

Orada kechgan bir necha soat vaqt davomida ayni masalaga Shvetsiya Davlat televideniesi ham o'z e'tiborini qaratgan. Ular ham ayni masalaning tagiga etish, bu xususda mamlakat mas'ul idoralarining munosabatlarini olishga urinishgan.

Rahmat Oqilov

Stokgolm tuman mahkamasi seshanba kuni Rahmat Oqilovni hibs ostida qoldirishga qaror qilgan.

Shvetsiya poytaxtidagi "terakt"dan bir hafta o'tib, Toshkent rasman O'zbekiston fuqarosi ekanini tasdiqlagan Rahmat Oqilov "terrorchilik"ka aloqador ayblarda ayblanmoqda.

Uning advokati esa, xuddi o'sha kuni mijozining "o'z aybini tan olgani"ni ma'lum ham qilgandi.

Agar, O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning bugungi javobiga tayanilsa, Rahmat Oqilovga nisbatan ona viloyati Samarqandda ham allaqachon jinoiy ish ochilgan.

Vazirga ko'ra, bu jinoiy ish O'zbekiston Jinoyat Kodeksining 127, 244 va 244-1 moddalari bo'yicha olib borilmoqda.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг