O‘zbekistonda maxsus navli kartoshka yetishtiriladi

Бозор

"Sharq" kompaniyasi viloyatlarda o'z filiallarini ochib kartoshka yetishtirish bilan shug'ullanadi. Konsernga bu ishda Fanlar akademiyasi va "Agrover" mas'uliyati cheklangan jamiyat yordam beradi. Bu haqda "Axborot" dasturiga tayanib kun.uz nashri xabar bergan.

Kartoshka yetishtirish haqida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga tashrifi chog'ida ma'lum bo'lgan.

"O'zbekiston havosi, iqlimi, qo'li gul dehqonlarining mehnatini ifoda etadigan bizga kartoshka super elita va elitasi kerak. Mana shuni "Sharq" konserni takliflari bilan o'tirib, har bir viloyatda laboratoriya, institutning filiali, "Agrover", Fanlar akademiyasi, "Sharq" konserni. Uchovi ta'sischi bo'lib "Kartoshka ishlab chiqarish ilmiy markazi", 15 kunning ichida Vazirlar mahkamasining qarori chiqishi kerak-da, har bir viloyatda sizlarning filiallaring bo'lishi kerak. Bu davlat siyosati. Bu kichkina narsa emas, bu - non", - degan Shavkat Mirziyoyev "Axborot" dasturi orqali.

Prezidentning so'zlaridan ayon bo'lishicha, "Sharq" kompaniyasi kartoshkaning "super elita" navini yetishtirish bo'yicha Prezidentga taklif bergan. Ijtimoiy tarmoqlarda "Sharq konsern"i matbaa kompaniyasi ekanligi aytilgan va bu qarordan ko'pchilik xayron qolgan. Biroq "Axborot" dasturida qaysi "Sharq" nazarda tutilgani aytilmagan.

Ayrimlar "Sharq" konserni Samarqand viloyatidagi alohida korxona ekanligini aytmoqda.

Tashkilot taklifi bilan har bir viloyatda laboratoriya tashkil qilinadi. Ularga Fanlar akademiyasi va "Agrover" mas'uliyati cheklangan jamiyat yordam beradi.

Prezident tilga olgan "Agrover" firmasi to'g'risida internetda ma'lumot juda ham oz. Ularning sayti deb ko'rsatilgan agrover.uz ishlamayapti va hamkor tashkilotlarida ko'rsatilgan telefon raqamlari terilganda javob bo'lmadi.

Ammo Toshkent viloyati Zangiota tumanida ro'yxatdan o'tgan ushbu firmaning qishloq xo'jalik mahsulotlari importi bilan shug'ullanishini anglash mumkin.

Xorijda bir nechta firmalar bilan hamkorlik qilgan va turli maxsulotlarni import qilgan. Shulardan biri Ukraina orqali 60 tonnadan ortiq qalin temir trossning O'zbekistonga bojxona to'lovlaridan ozod holda import qilinganini ko'rish mumkin.

Yana bir saytda firmaning kartoshka mahsulotlari texnikasi bilan shug'ullanuvchi xorij firmasi bilan hamkorlik qilganini bilish mumkin.

Kartoshka taqchilligida davlat aybdormi?

O'zbekistonda bu qish-bahor mavsumida kartoshka taqchilligi sezildi. Bu kabi muammolar mamlakatda vaqti-vaqti bilan sodir bo'lib turadi.

Oldingilaridan farqli ravishda bu safargi kartoshka taqchilligi muammosi Prezident e'tiboriga tushgani va u haqda ochiq gapirilganidir.

Biroq rasmiylar kartoshka taqchilligiga nima sabab bo'lgani borasida fikr bildirmaydi.

Kuzatuvchilar bu safargi taqchillikka aynan davlat tomonidan aralashuv sabab bo'lganini aytishadi. O'tgan yili O'zbekistonda kartoshka sotib olish bo'yicha davlat buyurtmasi yo'lga qo'yilgan edi.

2016 yilning 12 aprel kuni Prezident Islom Karimov "Meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka va poliz ekanlaridan foydalanish hamda sotib olish tizimini takomillashtirish chora tadbirlari to'g'risida" qaror chiqargan.

Qarordan maqsad ushbu mahsulotlarni qish-bahor mavsumida uzilishlarsiz ta'minlash va uni eksport qilish uchun yig'ish ekanligi yozilgandi. Unga ko'ra, dehqonlardan bozor narxlarida sotib olingan mahsulotlar qayta ishlanishi kerak edi.

Qaror bo'yicha ushbu ekinlarni yetishtiruvchilar va unga doir texnikalarni chetdan olib keluvchilarga imtiyozlar berilishi nazarda tutilgan.

Biroq amalda aynan kartoshka ta'minotida uzilishlar ro'y berdi. Uning bir kilosi ayrim joylardla 4500 so'mdan ham sotildi.

Hukumat ushbu taqchillikka barham berish niyatida xorijdan valyutaga kartoshka import qilishga majbur bo'ldi.

Kuzatuvchilar bozorga davlat tomonidan aralashuv mana shu kabi muammolarni keltirib chiqarishini aytishadi.

Ayrimlar bu kabi aralashuvlarning asl maqsadi ba'zi doiralarning manfaati uchun ham amalga oshishini aytib kelishadi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq