Karimovning so‘zlari maqbarasiga arabcha yoziladi

Каримовнинг мақбараси сурати Image copyright youtube
Image caption Каримовнинг мақбараси сурати

O'zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning Islom dini va hayot haqida aytgan gaplari uning maqbarasiga arab tilida yozib qo'yiladi. Maqbarani Milliy gvardiyaning 10 nafar askari doimiy ravishda qo'riqlab turadi. Kuzatuvchilar dindorlarga nisbatan tazyiq o'tkazgan va hatto masjidlarda Qur'ondan savod chiqarishni taqiqlagan odamning maqbarasiga so'zlarining arab tilida yozib qo'yilishi sinoatini tushunmayapti.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 aprel kuni Samarqand viloyatiga tashrifini Islom Karimovning qabrini ziyorat qilish bilan boshlagani aytilmoqda.

Mirziyoyev Islom Karimovning maqbarasini qurish ishlari bilan yaqindan tanishgan va unga o'z fikrlarini bildirgan. "Axborot" dasturida ko'rsatilgan xabardan ma'lum bo'lishicha, Mirziyoyev Karimovning maqbarasi dindorlar ilm oladigan joy bo'lishi kerakligini urg'ulagan.

"Bu maskan, Amir Temur bobomizdan keyin ikkinchi ziyoratgoh. Agar davlatimizni, vatanimizni, tariximizni, o'zligimizni anglash nuqtai nazaridan, mustaqil O'zbekistonimizning birinchi Prezidentini tarannum etadigan bo'lsak, ichdan his qilsak, mana shu yerda Hazrati Hizr ziyoratgohida juda katta ilm-fan nurini yaratishimiz kerak. Kelgan hamma yoshlar, Islomga aloqasi bor odam o'ziga bilim olib ketsin", - degan Mirziyoyev

Prezident maqbara atrofida baland ayvon bilan o'ralishi va uning ichiga gilam to'shab qo'yish taklifini bergan. Qiblaga qarab o'tiradigan qilish kerakligini va ayvonning ichida Qur'oni Karimdan yozuv bo'lishi lozimligini urg'ulagan.

Mirziyoyev Islom Karimovning gaplarini o'zining maqbarasiga arab tilida yozib qo'yish kerakligini aytgan.

"Islom Abdug'aniyevich shu 25 yil ichida nimalar haqida aytgan, Islom to'g'risida, hayot to'g'risida, vatan to'g'risida, arab tilida yozib qo'yamiz. Lekin tagida Islom Karimov deb yozilgan bo'ladi. Aytgan gaplari Islom qadriyatlari va Islom ilmi bilan hamohang ekanligini bildirishimiz kerak. Kelgan odam, musulmon odam ichida o'qib o'ziga juda katta ma'naviyat-ma'rifat, ilm olib ketishi kerak. Bu odam yotganlarida ham odamlarga bilim tarqatayapti, ziyo, nur tarqatayapti, degan. O'tirganda ham orqaga qarasa ham, o'ngga qarasa ham o'qishi kerak", - degan Prezident Mirziyoyev

Uning ma'lum qilishicha, Islom Karimov maqbarasini Milliy gvardiyaning o'nta askari doimiy ravishda qo'riqlaydi.

"Dindorlarga tazyiq o'tkazgan Prezident"

Kuzatuvchilar umri davomida Islom diniga amal qiluvchilarga nisbatan uncha yaxshi munosabatda bo'lmagan Islom Karimovning so'zlari arab tilida yozilishidan ma'no ko'rmaganini bildirishgan.

Ularga ko'ra, Karimov yillar davomida masjidlar sonini qisqartirgan, u yerdagi azon tovushini mikrofonlardan uzgan, masjidlar qoshida tashkil qilingan Qur'on Karimni o'qitishni o'rgatuvchi savod kurslarini yopgan. Ayollar avratini yopib yurgani uchun maktab, universitet, ishxona va hatto ko'chalarda ham tazyiqlarga uchragani, kamsitilgani aytiladi.

Muxolifat faoli Namoz Normo'min Karimovning Islom dini va musulmonlarga qarshi repressiv siyosati ma'lum ekanligini aytadi.

"Islom Karimov Islom dini va musulmonlarga qarshi repressiv siyosati ma'lumdir. Karimovning eng salbiy katta xususiyatlaridan biri o'z aytganining teskarini qilishi edi. U dinimiz haqida biron yaxshi gap gapirsa, keyin musulmonlarga qarshi yangi repressiyalar boshlanardi", - deydi Namoz Normo'min.

Muxolifat faoliga ko'ra, agar Karimov o'z qabri tepasiga so'zlari arab tilida yozilishini tirikligi chog'ida bilsa, bunga aslo ruxsat bermagan bo'lardi.

"Karimovning biron marta namoz o'qigani ko'rilgan emas. Din u yoqda tursin o'zbek tilini ham yaxshi bilmas edi. Qurgan, tiklagan ziyoratgoh va maqbaralarining hammasi xo'ja ko'rsinga qilindi. Zotan Islomda maqbara tiklash bid'at va xurofat ishlardandir", - deydi Namoz Normo'min.

Karimov hukmron bo'lgan vaqtlarda minglab odamlar diniy e'tiqodi sabab qamoqqa tiqilgani aytiladi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring