O‘zbek-tojik chegarasidagi hodisada kim aybdor?

ўзбек чегарачилари Image copyright Sputnik

15 aprel kuni O'zbekiston va Tojikiston chegarasida qurolli hodisa yuz bergan. Natijada o'zbek chegarachilari tojikistonlik cho'ponni otib o'ldirgan. Hodisa yuzasidan ikki tomon vaziyatni turlicha talqin qilmoqda va bir-birini ayblamoqda. Chegaradagi tortishuv O'zbekiston va Tojikiston o'rtasida aloqalar qayta jonlanayotgan manzarada ro'y bermoqda.

O'zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tarkibidagi Davlat chegara-qo'riqlash qo'mitasi matbuot xizmatining podrobno.uz saytiga bergan ma'lumotida hodisa mahalliy vaqt bilan soat 18:10 sodir bo'lgani aytiladi.

2017 yilning 15 aprel kuni soat 18:10 da O'zbekiston Respublikasi chegara xizmatchilari Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani Quruqsoy aholi yashash punktida Tojikistondan O'zbekistonga katta tuyoqli mollar podasi o'tganini ko'rishgan. O'zbek chegarachilarni qoramollarni Tojikiston tmoniga qarab hayday boshlagani aytiladi.

"Mollarni haydash vaqtida chegarachilarga Tojikiston tomondan uch noma'lum shaxs yaqinlashgan, ular O'zbekiston chegarasiga 50 metrcha kirib borishgan va chegarachilarga mollarni noqonuniy ravishda haydab solayotgani uchun haqoratli so'zlarni ishlatgan tarzda norozilik bildirgan. Chegarachilar bilan janjal chiqarishga urinishgan. Chegarachilarning Tojikiston Respublikasiga qaytib o'tish talabiga bo'ysinishmagan va pichoq, tayoqlar bilan O'zbekiston Respublikasi chegarachilariga hujum qilishgan", - deyiladi chegara xizmati bergan ma'lumotda.

Xabarda aytilishicha, shaxsiy xavfsizlikni himoya qilish, hujumni qaytarish va qurol egallab olishning oldini olish maqsadida O'zbekiston Respublikasi qonunchiligida ko'rsatilgan tartibda qurol ishlatilgan.

Natijada Tojikiston fuqarosi Tursunzoda tumani, Shulum qishlog'idan Asliddin Adbujabbarovich Shoimov olgan jarohatlar natijasida halok bo'lgan. Qolgan ikki kishi Tojikiston hududiga yashirinishga muvaffaq bo'lgan.

O'zbekiston chegara xizmatining ma'lum qilishicha, chegarachilarga hujum natijasida chegarachilar bosh va bo'yin qismidan jarohat olgan. Mazkur holat yuzasidan O'zbekiston huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan jinoiy ish qo'zg'atilgan.

O'zbek tomoni hodisani muhokama qilish uchun Tojikiston tomonini chaqirganini, ammo ular kelmaganini aytgan.

Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik qo'mitasi Chegara qo'shinlari matbuot markazi chiqargan xabarda, hodisa bo'yicha O'zbekiston chegarachilari aybdor qilib ko'rsatilgan.

Tojikiston tomoniga ko'ra, 15 aprel Dushanbe vaqti bilan soat taxminan 17:30 da o'zbek chegarachilari Tojikiston davlat chegarasini buzib 100 metr ichkariga kirishgan. U yerda molini boqib yurgan Shulum qishlog'ida yashovchi Tojikistonning uch fuqarosiga qurolli hujum uyushtirgan.

Tojikiston ushbu hodisa yuzasidan surishtiruv o'tkazgan.

Xabarda aytilishicha, O'zbekistonning Quruqsoy aholi yashash punkti tomonida xizmat qilayotgan o'zbekistonlik ikki chegarachi tojikistonliklar cho'pon va mollarni ushlash uchun chegarani buzib o'tgan.

"Bo'layotgan hodisani ko'rgan Tojikiston fuqarolari qoramolni Tojikiston Republikasi hududining ichkarirog'iga haydashga qaror qilishadi. Biroq ketishga ulgurmasidan O'zbekiston Respublikasi chegarachilari tomonidan ushlanadi. Qo'lga olish jarayonida ular o'zbekistonlik chegarachilarga Tojikiston hududida yurishganini va ularning noqonuniy harakati haqida Tojikiston Respublikasi chegara zastavasi boshlig'iga xabar berishlarini aytishadi. Bu gapni eshitgan o'zbekistonlik bir chegarachining jahli chiqadi va "men senga ko'rsatib qo'yaman", deb uch metrlik masofadan o'q otar quroldan o't ochadi. Natijada bir o'q bilan Tojikiston fuqarosi Shoimov Asliddin Abdujabborovichni o'lar darajada jarohatlaydi, uning yonida turgan ukasi Shoimov R. A.ni o'ng qo'li va oyog'iga uch marta o'q uzib yaralaydi", - deyiladi Tojikiston Chegara qo'shinlari chiqargan xabarda.

Unda aytilishicha, O'zbekiston chegarachilari o'zlarining noqonuniy harakatlarini yashirish maqsadida cho'ponning jasadini O'zbekiston hududiga olib ketadi, qolganlarni hodisa joyidan qo'yib yuboradi.

  • Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAM kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.