‘Bombalarning onasi’ Rossiyaga ‘qaratilgan’mi?

Путин ва Трамп Image copyright Getty Images

Prezident Donald Tramp boshchiligi ostidagi yangi AQSh ma'muriyatining kutilmaganda Suriya va Afg'onistonda qisqa vaqtning ichida ketma-ket amalga oshirgan hujumi hozir ham mintaqaviy va ham xalqaro tahlilchilar orasida xuddi shu kabi baholarga sabab bo'lmoqda.

Shu oy boshida AQSh Idlibdagi "kimyoviy hujum"ga javoban o'ta keskin mavqe'ni namoyon etgan, Birlashgan Millatlar Xavfsizlik Kengashi aksariyat doimiy a'zolari diplomatiya tarafdori bo'lgan bir manzarada rasmiy Damashqqa nisbatan kuch qo'llashga qaror qilgan.

Tahlilchilar nazdlarida so'nggi paytlarda ham Suriya va ham Rossiya uchun ahamiyati ortib borayotgan "Shayrat" havo bazasini o'nlab raketalari yordamida bombardimon qilgan.

Rasmiy Moskvaning g'azabnok munosabatiga sabab bo'lgan mazkur hodisadan bir hafta ham o'tar-o'tmas esa, AQSh Afg'onistonning Pokiston bilan chegaradosh, IShID guruhining mamlakatdagi asosiy "istehkomi" va Yaqin Sharqdagi islomiy xalifatining "viloyati" sifatida e'lon qilgan Nangarxor viloyatida o'zining noyadroviy arsenalidagi eng yirik bombasini qo'llagan.

Ilk bor 2003 yilda sinab ko'rilgan va "bombalarning onasi" sifatida ma'lum bo'lgan mazkur bomba bungacha amerikaliklar tomonidan biror bir harbiy amaliyotda qo'llanmagan bo'lgan.

Bu voqe'lik esa, Rossiya eng avvalo o'zining mintaqadagi geosiyosiy manfaatlarini ko'zda tutib AQSh ning ziddiga Afg'oniston va Afg'oniston masalasida faollashish harakatida bo'lgan bir manzarada kuzatilgan.

Ustiga ustak, AQSh tomonidan Rossiyaning shundoqqina janubiy chegaralarida joylashgan Afg'onistonga "bombalarning onasi" rasmiy Moskva mezbonlik qilgan va o'ndan ortiq mintaqa davlati ishtirokidagi afg'on mojarosiga diplomatik yo'l bilan echim topishga qaratilgan tinchlik muzokaralarining uchinchi bosqichi arafasida tashlangan.

Tolibon tuzumi qulatilgan 2001 yildan buyon har tomonlama Afg'onistonda etakchi so'zni aytib kelayotgan AQSh tomoni esa, Rossiya boshchiligi ostida bo'lib o'tgan bu muzokaralarda ishtirok etish taklifini rad etgan.

Bunga sabab qilib, rasmiy Moskva takroran rad etib kelayotgan esa-da, Rossiyaning Afg'oniston Tolibon harakati bilan yaqinlashish urinishlari, muzokaralar kun tartibidan o'zlarining avvaldan ogoh etilmaganliklari va uning asl maqsadidan bexabar ekanliklarini asosiy vaj qilib keltirgan.

Rossiya poytaxti Moskvada o'tgan juma kuni boshlangan uchinchi bosqich tinchlik muzokaralarida esa, afg'on mojarosi echimida muhim o'rin tutuvchi mintaqadagi barcha yirik o'yinchi davlatlar qatorida ilk bor besh Markaziy Osiyo Respublikasi vakillari ham ishtirok etishgandi.

Faollashuv

Image copyright COURTESY

Rasmiy Moskva AQSh va ayrim yirik Ovro'po davlatlari boshchiligi ostidagi qator harbiy koalitsiyalarning faolligi manzarasida o'zining harbiy ishtiroki "tub burilish" yasagani aytiluvchi Suriyadagi "muvaffaqiyatli" harbiy ishtirokidan qisqa vaqt o'tmay Afg'onistonda ham faollashish harakatiga tushib qolgan.

Kuzatuvchilarga ko'ra, bunga boshqa tomondan, rasmiy Kremlning Ukraina inqirozida tutgan o'rni bois, G'arb tomonidan ustma-ust joriy etilgan turli sanktsiyalardan Suriyada faollashish hisobiga qutulish urinishlari kutilgan natijani bermagani ham sabab bo'lgan.

Mintaqaviy tahlilchilar esa, rasmiy Moskvaning bu kabi sa'y-harakatlarini, hozirga kelib, Rossiyaning Afg'oniston borasida siyosiy tafakkuri o'zgargani bilan izohlashgan.

Rossiya mintaqadagi uzoq muddatli geosiyosiy va geostrategik maqsadlari uchun Afg'onistonning qanchalik muhim davlat ekanini anglab etganini aytishgandi.

Tahlilchilarga ko'ra, xuddi shu bois, Rossiya hozir G'arb boshchiligidagi ittifoq qo'shinlarining 2014 yilgi ommaviy safarbarliklari ortidan ham, Amerika Qo'shma Shtatlarining Afg'onistondagi davomiy harbiy hozirligini o'ziga nisbatan tahdid sifatida ko'rmoqda.

Rossiya tomonining da'vo qilishicha, mavjud vaziyat Amerikaning geosiyosiy nuqtai nazardan ancha uzoqni ko'zlagani: Afg'onistondan turib, o'zlari, Xitoy, Eron, Pokiston va boshqa muhim o'yinchi davlatlarni ko'zining ostida tutib turishni maqsad qilganiga dalolat qiladi.

Ta'kidlash joiz, joriy paytda AQSh harbiylari afg'on tuprog'ida 10 ga yaqin bazadan istifoda etish imkoniyatiga ega.

2014 yilgi ommaviy safarbarlik ortidan Afg'onistonda qolgan va hozirlik muddatlari rasman shu yil yakunida o'z nihoyasiga etishi rejalangan ja'mi 10 mingdan ortiq xorijiy askarning aksariyatini ham amerikaliklar harbiylar tashkil etishadi.

Xuddi shu manzarada Rossiyaning kutilmaganda "IShID tahdidiga qarshi" Afg'oniston Tolibon harakati bilan yaqinlashish, ularga qurol-yarog' etkazib berish va moliyaviy ko'mak qilish harakatida ekaniga oid xabarlar Afg'onistonning Suriyadan keyin dunyoning bu ikki qudratli davlati o'rtasida "yangi proksi urushi" maydoniga aylanishiga oid xavotirlarni paydo qilgan.

"Rossiyaparast" yangi respublikachi prezidenti Donald Tramp boshqaruvi ostida ikki geosiyosiy raqib: Amerika va Rossiya o'rtasidagi aloqalarning yaxshilanishiga oid umidlar esa, bor-yo'g'i bir necha oyning o'zidayoq chippakka chiqishni boshlagan.

Ayniqsa, Donald Trampning "Shayrat" havo bazasini bombalash qarori ortidan, har ikki taraf oshkora va rasman shundoq ham iliq bo'lmagan o'zaro aloqalarining bu yaqin tarixda kuzatilmagan darajada sovib ketganini e'tirof etish darajasigacha borishgandi.

Bu orada AQSh Qurolli kuchlarining Bosh qo'mondoni general Jon Nikolson "jang jabhasida o'zgarish yasash uchun" mamlakati va uning ittifoqchilaridan Afg'onistonga qo'shimcha minglab harbiylar yuborishlarini so'ragan.

General Nikolson, bundan tashqari, yaqinda AQSh Kongressida qilgan chiqishida Afg'oniston Tolibon harakati bilan "aloqalari uchun" Rossiya va Eronni keskin tanqid qilishga ham ulgurgandi.

Shunday ekan...

Image copyright EPA

Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, Suriya va Afg'onistondagi so'nggi bombalash hodisalarining ham AQSh tashqi va ham ichki siyosatiga yo'naltirilgan ishoralari bor.

"Buning Rossiya va xalqaro hamjamiyatga qaratilgan nuqtasi shundan iboratki, Amerika an'anaviy siyosatga qaytayapti. Shu paytgacha Amerika, ya'ni Tramp izolyatsionizm siyosatini e'lon qilib kelayotgandi. Endi esa, bu - Amerikaning yana qaytadan kuch ishlatish orqali o'zining qudratini parvarishlash siyosatiga qaytishi, qaytganda ham anchayin bir yuqoriroq nuqtada qaytayotgani"ga dalolat qiladi, deydi tahlilchi suhbatdoshimiz.

"Barak Obama prezidentligi davrida Amerikaning tashqi dunyoda kuch ishlatish doktrinasi borgan sari qisqarib borgan edi. Lekin Tramp Suriya va Afg'onistondagi kutilmagan, hech kimning xayoliga kelmagan harbiy faollashuvi bilan Rossiya, rasmiy Kremlga bizdan kutganlaring noo'rin, biz bu hududlarni osonlikcha bermaymiz, sen faqat bizning manfaatlarimizga bo'ysinishing, bizni tan olishinggina ma'qul ish bo'ladi, degan mujdani berayapti".

Prezident Donald Tramp boshchiligi ostidagi yangi AQSh ma'muriyatining Suriya hukumatiga qarashli "Shayrat" havo bazasini bombalash qaroriga rasmiy Moskvaning munosabati o'ta keskin bo'lgan.

Rossiya rahbariyati "Amerikaning amali - xalqaro huquq me'yorlarining buzilishi va bir suveren davlatga qarshi tajovuz" bo'lganini aytgan.

Rasmiy Moskva G'arb davlatlaridan Suriya hukumatining Idlibdagi so'nggi kimyoviy hujumga aloqadorligini isbotlashi mumkin bo'lgan dalillarni taqdim etishlarini talab qilishini ham bayon qilgan.

Buning ortidan Donald Tramp mamlakati "to'ppa-to'g'ri ish qilgani"ni bayon qilib chiqqan.

Rasmiy Vashington, o'z o'rnida, Moskva Suriya hukumatiga kimyoviy hujum asoratlarini yashirishda ko'mak berganligini da'vo qilishgacha borgandi.

Ammo, bir tomondan, o'zining faollashish intilishlari, ikkinchi tarafdan, Nangarxorda "bombalar onasi" -tahdididan o'zlari jiddiy xavotirda bo'lgan IShID guruhi jangarilariga qaratilgan bo'lganiga qaramay, rasmiy Moskva AQSh yangi ma'muriyatining Afg'onistonga oid so'nggi kutilmagan qarori yuzasidan tezkor bayonot bilan chiqmagan.

Agar, matbuot voizi Dmitriy Peskovning so'zlariga tayanilsa, ayni masala hujum ertasiga - 1- aprel kuni Kollektiv Xavfsizlik Tashkilotining Bishkek mezbonlik qilgan va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin shaxsan hozir bo'lgan yig'ini chog'ida ham muhokama etilmagan.

Afg'onistondan keluvchi tahdid masalasi, har doimgidek, umumiyatla muzokaralar kun tartibida bo'lgan.

O'z o'rnida eslatib o'tish joiz, rasmiy Kreml AQSh tomonining Bishkekdagi yig'in ortidanoq Afg'oniston masalasiga bag'ishlab poytaxt Moskva mezbonlik qilgan ko'p tomonlama muzokaralarda ishtirok etish taklifidan bosh tortish qaroriga ham oshkora o'zining rasmiy munosabatini bayon qilmagan.

Buyog'i nima bo'ladi?

Image copyright COURTESY

Londondan xalqaro harbiy tahlilchi suhbatdoshimiz Pol Rojersning Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, 80-yillardagi achchiq tajribasini yodda tutgan holda, o'zi ham ehtiyotkorona siyosat olib borayotganiga qaramay, Rossiya Afg'onistonning mintaqadagi geosiyosiy ahamiyatini yaxshi anglab etadi.

"Shu bois ham, Rossiya Afg'onistonning g'arbparast bir davlatga aylanishini istamaydi. Xuddi shu nuqtai nazardan Tolibonni dastaklash foydali bo'lishi mumkin. Chunki harakat ham Afg'onistonda qudrat uchun talashayotgan guruhlardan bittasi bo'ladi. Umuman olganda esa, Afg'onistondagi so'nggi sa'y-harakatlari bilan AQSh yana bir bor katta siyosatda o'zining nimalarga qodirligini ko'rsatdi. Ya'ni Nangarxorga tashlagan "bombalarning onasi" bilan Amerika jo'g'rofiy jihatdan Rossiya qanchalik yaqin bo'lmasin, mintaqada o'zini asosiy o'yinchi davlat sifatida ko'rishlarini istadi", - deydi u.

Ham mintaqaviy va ham xalqaro tahlilchilarning birdek e'tirof etishlaricha, Nangarxordagi "bombalar onasi" bilan bog'liq hujumning bu ikki qudrat o'rtasidagi shundoq ham sovigandan sovib borayotgan o'zaro aloqalar va mintaqadagi voqealarning bundan keyingi rivojiga ta'siri rasmiy Moskvaning bundan keyin qo'yajak qadamiga bog'liq bo'ladi.

"Ammo Rossiyaning bunga nima, deb javob berishini hozir bashorat qilish qiyin. Chunki Rossiya Tramp bilan til topishishni kutgan va ularda ana shu kelishuv orqali dunyoni boshqarish bir tafakkuri, kontseptsiyasi shakllanayotgan edi. Bu narsa amalga oshmadi. Demak, rasmiy Kremlning "tarvo'zi qo'ltig'idan tushib ketdi", deyishimiz mumkin", - deydi Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

"Menimcha, Moskva o'ylanayapti. Mana shu "agressivlik" va faollikka faollik bilan javob beradigan bo'lsa, konfrontatsiya jiddiy kuchayadi. Chunki Tramp doktrinasi bu - oldidan ta'bir qilib bo'lmaydigan doktrina sifatida shakllanayapti. Lekin mintaqa, Afg'oniston va Suriya uchun bu shiddatli kurashuv, geosiyosiy, bir-biriga xalaqit beradigan va muammolar yaratadigan bir kurashuvni anglatadi, xolos".

Shundoqqina devor-darmiyon qo'shnilari bo'lgan Afg'onistondagi vaziyat esa, yillarki, barcha Markaziy Osiyo davlatlarining birdek tashvishlariga sabab bo'lib keladi.

Ayniqsa, katta sondagi G'arb boshchiligidagi ittifoq qo'shinlarining ommaviy safarbarliklari ortidan kechgan bor-yo'g'i o'tgan ikki yil ichida Yaqin Sharqdagi IShID jangari guruhining Pokistonda o'zining mintaqadagi yangi tarmog'iga asos solib, Afg'onistonga har tomondan sizib kirishga muvaffaq bo'lganiga oid xabarlar esa, ularning xavotirlarini yanada kuchaytirgan.

Ularning o'tgan juma kuni Moskva mezbonlik qilgan Rossiya boshchiligi ostidagi uchinchi bosqich tinchlik muzokaralaridagi ilk ishtiroklari ham xuddi ana shu o'y-tashvishlari manzarasida kuzatilgan.

Image copyright COURTESY

Mintaqaviy tahlilchilarning birdek e'tirof etishlaricha ham, Afg'oniston Rossiya va AQSh uchun eng avvalo geosiyosat masalasi bo'lsa, Markaziy Osiyo davlatlari uchun bu birinchi navbatda xavfsizlik masalasi bo'ladi.

Ularga ko'ra, mavjud vaziyatdan kelib chiqib aytilsa, Markaziy Osiyo davlatlari Afg'oniston masalasida har qanday loyihada ishtirok etishga tayyor, imkon qadar mana shu loyihalar orqali Afg'onistondagi vaziyatni tom ma'noda barqarorlashtirishdan manfaatdor.

Tahlilchilar ayni o'rinda Markaziy Osiyo davlatlarining AQSh yoki Rossiya qadar qudratli emasligi omiliga diqqat qaratishadi.

Xuddi shundan kelib chiqib, bir necha ming sondagi jangarining paydo bo'lishi va yoki mintaqadagi vaziyatning izdan chiqishi Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizligi, byudjeti uchun katta muammolar yaratishini aytishadi.

Ammo, xuddi shuning barobarida, ularga ko'ra, Ukraina voqealari va umuman olganda, postsovet hududidagi keyingi davrdagi agressivlik siyosatidan keyin, Markaziy Osiyo davlatlari va umuman, postsovet hududi Rossiya bilan to'g'ridan-to'g'ri to'qnashmaslik, jahlini chiqarmaslik: bir tomondan, u bilan yaxshi munosabatlarda bo'lish, ikkinchi tarafdan, u bilan ma'naviy-madaniy aloqalari darajasini imkon qadar pasaytirish - bir vaqtning o'zida ziddiyatli siyosat olib borishga harakat qilishadi.

"Voqealarning so'nggi rivoji manzarasida Afg'onistonda bo'shliq paydo bo'lishi yoki Putin Tramp bilan kelishadigan bo'lsa, Markaziy Osiyo hududlarining Rossiya geosiyosiy tasarrufiga o'tishi mumkin, degan tasavvur shakllanayotgan edi, xavf-xatar bor edi. Mana shu xavf-xatar hozir chippakka chiqayotganga o'xshaydi. Ya'ni, Vashington tomonidan Rossiyaning tafakkuridagi manfaatlarni tan olish inkor qilinayapti. Demak, Markaziy Osiyoda ham muqobil geosiyosiy orientir sifatida Vashington qoladi va balkim, kuchayadi", - deya so'zlariga yakun yasaydi Kamoliddin Rabbimov.

AQSh va Rossiya

Xalqaro harbiy tahlilchi Pol Rojersning aytishicha esa, Rossiya AQShning Nangarxordagi hujumini bee'tibor qoldirmaydi va albatta, nazarida tutadi.

Unga ko'ra, Donald Trampning qay tariqa siyosat olib borishini rasmiy Kreml katta qiziqish bilan kuzatib boradi.

Image copyright AFP

"Chunki Tramp kuch qo'llash siyosatiga ko'proq urg'u berishni boshladi. Ayni o'rinda masala shundaki, Tramp harbiy kuch Amerikani yana buyuk qilishda ko'mak beradi, degan xayolda va xuddi shundan kelib chiqib, o'z harbiylarini Obamadan ko'ra ko'proq faollashtirmoqda. Bunga Suriya, Iroq, Liviya, Somali va Afg'onistonda guvoh bo'lishingiz mumkin. Rossiya esa, bularning barchasini o'ta ehtiyotkorlik bilan kuzatib boradi va ehtimoliy chora-tadbirlarini ko'rib qo'yishi lozimligini ham biladi. Ammo, shunda ham, chetdagi harbiylarining sonini oshirishga bormaydi. Chunki birgina Suriyaning o'zi ularga ancha qimmatga tushmoqda. Rossiya iqtisodi esa, u qadar kuchli emas. Ammo Putin har qanday urushda o'ta ustamon o'yinchi. Shu bois ham, Rossiya ortiqcha shov-shuv qilmasdan, Afg'onistonda o'z ta'sirlarini saqlab qolish va hatto, kuchaytirishga ham muvaffaq bo'lishiga guvoh bo'lishimiz mumkin", - deydi tahlilchi Pol Rojers.

"Rossiya, menimcha, harbiysidan ko'ra, ko'proq siyosiy va tashkiliy yo'ldan boradi. Qurol-yarog' etkazib berishi mumkin bo'ladi. Ammo bu - anchayin qaltis. Demoqchi bo'lganim, Afg'oniston doxil Markaziy Osiyoda o'zining ta'sirini kuchaytirish uchun Rossiya turli yo'llardan foydalanadi. Ular, ayniqsa, Afg'onistondagi vaziyatdan xavotirda. Chunki Tolibon qayta faollashgan. Afg'oniston hukumatining mamlakatda xavfsizlikni ta'minlashi qiyin bo'lmoqda. Shunday ekan, Amerika ham bunga muvaffaq bo'lmayapti. Rossiya nazdida esa, Amerika bu ishni eplay olmayaptimi, demak, bu - o'zlari uchun ham yomon".

Moskvadan mustaqil harbiy ekspert Pavel Felgengauerning Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha esa, Afg'onistonning Nangarxoriga o'zining "bombalar onasi"ni tashlash bilan prezident Donald Tramp boshchiligi ostidagi yangi AQSh ma'muriyati dunyoga o'zining hech narsadan tap tortmasligini namoyish etmoqchi.

"O'zlarida, deylik, Barak Obamada bo'lgani kabi gumanitar-patsifist bir kayfiyatning yo'qligi, kerak va manfaatli, deb bilgan taqdirlarida, harbiy arsenallarida bo'lgan har qanday qurolni qo'llashga hozir ekanliklariga ishora qilmoqchi", - deydi rossiyalik tahlilchi.

Ammo, bu suhbatdoshimizga ko'ra, Nangarxordagi hujum rasmiyatchilik nuqtai nazaridan xalqaro huquq me'yorlari asosida amalga oshirilgani bois, rasmiy Moskva bu xususda biror bir oshkora bayonot bilan chiqishga bormaydi, sukut saqlaydi.

"Chunki Rossiya prezident Assad roziligi bilan Suriyani bombalayotgani kabi, Amerika ham Nangarxordagi hujumni rasmiy Kobulning roziligi bilan amalga oshirgan", - deydi tahlilchi Pavel Felgengauer.

Prezident Donald Tramp boshchiligi ostidagi yangi AQSh ma'muriyati, agar, tashqi dunyoga siz ko'zda tutayotgan mujdani bermoqchi bo'layotgan bo'lsa, u holda bu Rossiya va Afg'onistonga shundoqqina qo'shni Markaziy Osiyo uchun nimani anglatadi, degan savolimizga esa, tahlilchi, "buning butun dunyo uchun turli urushlar ehtimoli kuchayishini anglatishi"ni aytib, javob beradi.

Ammo, tahlilchi Pavel Felgengauerga ko'ra, rasmiy Moskva hali muzokaralar uchun imkoniyat boy berilmagan, degan bir kayfiyatda va yangi AQSh ma'muriyati bilan hozir ham diplomatik yo'lda til topishishga urinib ko'radi.

"Boshqa tarafdan, joriy paytda kelasi sakkiz yilni ko'zda tutgan qurolsizlanish dasturi bormoqda. Mavjud holat esa, Rossiyaga Amerikaga "qarshi turishi"ga imkon beruvchi "ajoyib" qurol-yarog'lar uchun qo'shimcha pul so'rashiga imkon berishi mumkin", - deydi suhbatimiz yakunida bu suhbatdoshimiz.

Image copyright COURTESY

Toshkentdan tahlilchi Anvar Nazirovning aytishicha esa, "agar, Kreml Amerika bilan tortishaman, deb, Tolibon bilan ittifoq tuzadigan bo'lsa, bu Afg'onistonning parchalanishi, fuqarolar urushining kuchayishi, markaziy hukumatning endi-endi, zo'rg'a-zo'rg'a o'z nazoratini o'rnatish harakatlariga zarba berib, ham Afg'onistonda va ham Markaziy Osiyoda tinchlikning jiddiy izdan chiqishiga olib kelishi mumkin. Hamda bundan eng avvalo mintaqa zarar ko'radi".

Suhbatdoshimizga ko'ra, xuddi shu bois ham, Markaziy Osiyo davlatlari hozir bir yoqadan bosh chiqarib, Birlashgan Millatlar Tashkilotini shunga jalb qilib, Afg'oniston Sovuq urushning maydoni emasligini anglatishga urinib ko'rishlari kerak.

Boshqa tomondan, tahlilchiga ko'ra, agar, AQSh Afg'oniston masalasida ham harbiy va ham diplomatik yo'lda faollashishni boshlaydigan bo'lsa, Rossiyaga ancha qiyin bo'ladi.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқалибоғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМ каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг.