'Komilov taklifimga samimiyat bilan rozi bo'ldi'

Жасур Ҳамроев Image copyright Instagram

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri selfi tushdi. Vazir Abdulaziz Komilov bilan selfi tushishga esa, O'zbekistondagi 'shov-shuv.uz' veb sahifasi asoschisi, mamlakatda ko'pchilikka yaxshi tanish jurnalist Jasur Hamroev muvaffaq bo'ldi.

Ta'kidlash joiz, bir o'zbek jurnalistining hukumat vaziri bilan selfi tushishi hodisasi O'zbekistonda kuzatilmagan voqe'lik bo'ladi.

Selfini 14 aprel kuni o'zining 'Instagram'dagi akkauntiga joylarkan, jurnalist unga tagso'z o'laroq "Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning ilk selfisi! Samimiy inson va haqiqiy diplomatligini yana bir bor isbotlagan rahbar!", degan so'zlarni yozib qoldirgan.

"Bu bitta selfi hech narsani hal qilmasligi mumkin. Lekin men eng avvalo o'zim uchun yaxshi xulosa qildim: o'zgarish bizda zo'r davom etayapti. O'zgarish, rahbarlarning oddiy odamlarga nisbatan qarashlarining o'zgarayotgani, ular bilan judayam yaqin bo'lishayotgani meni judayam quvontirdi va faqat mana shu narsa ko'nglimni ko'tarishi mumkin", - deydi jurnalist Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida.

Suhbatdoshimizning so'zlaridan ma'lum bo'lishicha, jurnalist sifatida o'zida bunday imkoniyat O'zbekistonda yaqinda ish boshlagan Xalqaro press-klubning 7 aprel kuni Toshkentda bo'lib o'tgan davra suhbati chog'ida paydo bo'lgan.

"O'zbekiston tashqi siyosatining yangi bosqichdagi dolzarb masalalari" mavzusiga bag'ishlangan bu davra suhbatida esa, mamlakat tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Oliy Majlis Senati raisining birinchi o'rinbosari Sodiq Safoevlar jurnalistlarning savollariga javob qaytarishgan.

Image copyright official

"Yaqinlik ruhi"

"Haqiqatan, xalqqa judayam yaqinlik ruhiyati sezilayapti. Oldin, masalan, bizda hamma rahbarlar faqat xonaning ichida o'tirvolib, buyruq berish yoki xonaning ichidan o'tirib, boshqarish tizimini yaxshi ko'rgan bo'lsa, ayni paytda aksi bo'layapti. Hammasi xalq bilan yaqin bo'lib, xalqning dardi, ichi, qalbiga kirishga yo'l topayapti, deb o'ylayman. Men shu ruhiyatni Abdulaziz Komilovda sezdim...", - deydi Toshkentdan jurnalist Jasur Hamroev.

"O'sha tadbir tugadi. Yana bir qancha jurnalistlar o'sha davra suhbatida bera olmagan savollarini tadbirdan keyin berishga muvaffaq bo'ldi. Shu o'rinda men ham (Abdulaziz Komilov bilan - tahr.) ko'rishib, salomlashib, shunchaki selfi tushish taklifini berdim. Eng xursand bo'ladigani - masalan, o'sha paytda Abdulaziz Hafizovichning yonlarida judayam ko'p odamlar bor edi, ammo, shunga qaramasdan, hech bir e'tirozsiz, samimiyat bilan rozilik bildirdi va biz suratga tushdik", - deya so'zlarida davom etadi u.

Jurnalist suhbatdoshimizning aytishicha, o'sha paytda bu selfining shunchalik mashhur bo'lib ketishini xayoliga ham keltirmagan.

"Shunchaki, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifamda o'zimning do'stlarim bilan bo'lishdim, lekin tez tarqab ketibdi", - deydi u.

"Chunki xalq kutgan ekan-da shunaqa yaqinlikni. Endi, bilmayman, masalan, men hali Abdulaziz Hafizovichning selfisini ko'rmaganman. Shuning uchun ham juda ko'pchilikka qiziq bo'lgan. Mana, oddiy odamlar ham "yaqinlashib bo'lmaydigan" rahbarlar bilan selfi tushsa yoki bo'lmasa, suhbatlashsa, dardlashsa, yaqinlashsa bo'larkan-ku, deb...Menimcha, shuning uchun ham, juda ko'pchilikka yoqdi. Bu rahbarlar ham xalqqa yaqin bo'lishga tayyor ekanligining bir belgisi bo'ldi, deb o'ylayman".

Nima uchun aynan O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan selfi tushishga qaror qildingiz, degan savolimizga esa, jurnalist, "qani, shu inson bunga qanday yondasharkin, deb, birinchidan, o'shanda sinab ko'rmoqchi bo'ldim. O'zim uchun u kishining bir rahbar va inson sifatida samimiyligini bilmoqchi bo'ldim. Ikkinchidan, bu insonni men bolaligimdan taniyman. Diplomat sifatida u kishiga, albatta, hurmatim baland. Va shunchaki xohladim va buni qaysidir ma'noda uddaladim ham...", - deb javob berarkan, o'z tabassumini yashira olmaydi.

"Haqiqatan, haqiqiy diplomat, (u kishiga - tahr.) o'z o'rniga munosib eng kuchli diplomat siyosatchilardan biri sifatida qarayman", - deydi shu o'rinda suhbatdoshimiz qat'iyat bilan.

"Birinchi o'zbek siyosatchisi"

Image copyright Getty Images

Suhbatdoshimizga ko'ra, o'z hayoti va faoliyati davomida juda ko'p mashhur insonlar bilan selfi tushishga muvaffaq bo'lgan esa-da, O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov o'zi uchun birinchi o'zbek siyosatchisi bo'lgan.

Uning so'zlaridan ayon bo'lishicha, bungacha faqat Xitoyda Avstraliya sobiq Bosh vaziri bilan birga suratga tushishdan tashqari, yaqindan tanishib, suhbatlashishga ham muvaffaq bo'lgan.

Jurnalist Jasur Hamroevning aytishicha, "selfi an'anasi"ni hali yana davom etdirish niyatida.

"Agar, mana shunday bir davralarda boshqa bir rahbarlarimiz bilan ham uchrashib qolish imkoniyati bo'lib qolsa, ularni ham bir sinab ko'ramiz. "Ha", bo'lsa, ha, "yo'q", bo'lsa yo'q. "Yo'q" bo'lsa ham xafa bo'lmaymiz", - deydi suhbatdoshimiz.

"Siz nazarda tutgan kishi O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev bo'lsalar ham?", - degan savolimizga esa, jurnalist, "harakat qilib ko'rishi"ni aytadi.

"Men yurtboshimizning bugun qilayotgan ishlariga yuz foiz ishonaman. Masalan, men faxrlanib aytishim mumkin, Markaziy Osiyo, undan uzoq yoki yaqin bo'lgan davlat rahbarlarining ham bugun aynan Mirziyoevdan o'rnak olishlarini istagan bo'lardim. Chunki prezidentimiz so'ziga javob berayotgan rahbar bo'layapti. Masalan, mana, oddiy tramvayda yurish, xalq bilan birga bo'lish, xalqning ichiga yanada ko'proq kirib borish...Agar, Mirziyoev bilan selfi tushgan taqdirimizda ham, biz bir nechinchisi bo'lishimiz mumkin. Chunki, xabaringiz bor, Qoraqalpog'istonda allaqachon bu ishni uddalab qo'yishdi va xalq bundan juda mamnun, deb o'ylayman".

"Bugun (u kishi - tahr.) zamonaviy qarashlarining balandligi meni judayam quvontiradi. Umuman, san'atga, madaniyatga, hayotga, hatto, o'sha selfilar yoki boshqa narsalar. Shuning uchun ham, o'ylaymanki, bu narsani ham uddalaymiz, deb o'ylayman. Bo'lsa, boshimiz ko'kka etadi", - deydi Toshkentdan jurnalist suhbatdoshimiz Jasur Hamroev suhbatimiz yakunida.

Uning eng so'nggida aytishicha, o'zbek jurnalisti bo'lgan o'zi bilan ilk selficining bu qadar mashhurlashib ketishiga O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning munosabati hali o'ziga ma'lum emas.

O'tgan yilning 14 dekabr kuni O'zbekistonning yangi prezidenti sifatida rasman qasamyod keltirgan Shavkat Mirziyoev shu yil boshida Qoraqalpog'istonga tashrif buyurgan.

Mamlakat yangi prezidentining oddiy odamlar bilan bemalol selfiga tushayotgani aks etgan videotasvirlar esa, ilk bor uning ayni shu safari chog'ida internetda bo'y ko'rsatgandi.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқалибоғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМ каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг.