O'zbekistonda rus tiliga qiziqish kuchaygan

Мактаб. Рус тили дарси

Londonda nashr etiladigan Financial Times ro'znomasi yozishicha, sobiq Sho'ro respublikalari o'zlarining til suverenitetini mustahkamlashga harakat qilarkanlar, rus tilining dunyodagi mavqei keskin pasayib bormoqda.

Natijada rus tilining dunyodagi o'rni 20 yil oldingiga solishtirganda tushgan, degan xulosaga kelgan Financial Times muxbiri Stiv Jonson.

Bu narsa Prezident Vladimir Putinning Ukraina va Suriyadagi vaziyatga harbiy aralashuv bilan sobiq qudratli davlatning dunyo sahnasidagi obro'sini qayta tiklashga harakat qilayotganiga qaramasdan, Rossiyaning ta'sir doirasi pasayib borayotganini ham ko'rsatadi, deyiladi "Rus tili postsovet inkor bilan yuzma-yuz kelmoqda" deb nomlangan maqolada.

Milliy so'rovlar va BMT ma'lumotlariga ko'ra, bu jarayon hammadan ham ko'ra tez Qozog'istonda yuz bermoqda. Bu mamlakatda 1994 yili o'z xonadonida rus tilida so'zlashadiganlar aholining 33,7 foizini tashkil etgan bo'lsa, 2016 yili bu raqam 20,7ga tushgan. Hoynahoy, bu tendentsiya bundan keyin ham davom etadi, chunki yaqinda Qozog'iston Prezidenti Lotin alifbosiga o'tilishi haqida e'lon qildi, deb yozadi ro'znoma muxbiri.

Estoniya va Latviyada rus tilini o'zining ona tili deb aytgan fuqarolarning soni 10 foiz kamaygan, bunga o'xshash manzara Ukrainada ham kuzatilmoqda. Rusiyzabon aholining soni Ozarbayjon, Litva, Turkmaniston va O'zbekistonda ham qisqargan.

2008 yildagi Rossiya bilan urushdan keyin Gruziyadagi rus tilida so'zlashadigan fuqarolarning soni 1,1 foiz kamaydi, sobiq prezident Mixail Saakashvili esa maktablarda ikkinchi til sifatida o'qitiladigan rus tilini ingliz tili bilan almashtirishga topshiriq berdi.

Macro-Advisory konsalting shirkati katta sherigi Kris Uiferning tushuntirishicha, "bu mamlakatlar Sovet rejimi asirligida edilar, ozod bo'lganlaridan keyin esa bu asirlikni yodga solib turadigan hamma narsa, shu jumladan, tildan ham ozod bo'lishni xohladilar".

Kris Uiferning aytishicha, sobiq Sho'ro mamlakatlari Rossiyaning madaniy va eng avvalo siyosiy ta'siridan uzoqlashish, shuningdek, Rossiya targ'iboti va yangiliklari o'zlarining ichki ishlariga aralashishidan xavotirlanganlari uchun rus tilidan voz kecha boshladilar.

Faqatgina bir mamlakat - Belarusdagina boshqalaridan farq qiladi. 1994 yili Belarusda aholining yarmidan sal ko'prog'i rus tilini o'z ona tili deb bilgan bo'lsalar, 2016 yili bu raqam 71 foizga etgan.

Bu Belarusda rus tilini ikkinchi davlat tili deb e'lon qilish haqidagi referendumni tashkillashtirgan Prezident Aleksandr Lukashenkoning xizmatidir.

O'zbekistonda-chi?

Image copyright AKORDA.KZ

Financial Times tahlilida aytilganidek, O'zbekiston ham mustaqillikdan keyin Rossiya etakchiligidagi siyosiy tashkilotlar a'zoligiga ehtiyotkorlik bilan yondashib keldi.

Marhum prezident Islom Karimov sobiq SSSR o'rnida barpo etilgan Mustaqil Davlatlar hamdo'stligidan tashqari Rossiyaning ODKB, EVRAZES singari tashabbuslariga qo'shilmadi.

Sho'ro zamonini eslatadigan nomlar, tadbirlardan voz kechildi.

Xususan, 9 may - G'alaba bayrami Xotira va Qadrlash kuni deb o'zgartirildi.

Maorifda ham rus tili darslari kamaytirildi.

2000 yillarda rus tilining jamiyatdagi roli ham pasayganini ko'rish mumkin edi.

Biroq so'nggi yillardagi vaziyat O'zbekistonda rus tilidagi muloqot, rus tilining jamiyatdagi o'rni yana ko'tarilganini namoyon etmoqda.

Image copyright stroycenter.uz

Misol uchun, Toshkent shahri va boshqa yirik shaharlarda yangi faoliyat boshlagan xususiy korxona, do'kon yoki tamaddixona peshtoqiga "Mы открылись" deb e'lon berish urfga aylangan.

Buni turli millat vakillari istiqomat qiladigan shaharda nafaqat o'zbeklar, balki boshqa millat vakillariga mansub mijozlarni jalb qilish istagi bilan tushuntirish mumkin.

Rus tiliga qiziqish - o'zbek tilidagi ta'lim sifati ko'rsatkichi

O'zbekistonda o'zbek va rus sinflarida tahsil oladigan ikki bolaning darsliklarini solishtirish bilan qaysi bolaga sifatliroq bilim berilishini tushunib olish qiyin emas.

O'zbekiston: maktablarda hamon Rossiya darsliklaridan foydalanilmoqda

Mamlakatda deyarli har yili turli fanlar bo'yicha turli sinflar uchun darsliklar nashr qilinadi.

Misol uchun, o'tgan yili vazirlik tomonidan majburiy deb ko'rsatilgan o'zbek maktablarining 6-sinfi uchun tarix darsligi bu yil o'zgartirilgani holatlari ko'p yuz berdi.

Ota-onalar va o'qituvchilar fikricha, sifatsiz darslik o'zbek maktablarida ta'lim oladigan bolaning bilimiga salbiy ta'sir ko'rsatib kelayotgan bir necha omillardan biridir.

Shu bois, o'zbek maktabiga solishtirganda rus maktabida bola yaxshiroq ta'lim oladi, degan qarash ustun va imkoniyati bor ota-onalar farzandlarini rus maktablariga berayotganlari haqiqat.

Rus tili - malakasiz bo'lsangda yaxshi maosh kafolati

Image copyright RIA NOVOSTI

O'zbekistondagi maoshlarning ozligi millionlab insonlarni xorijdan daromad qidirishga undadi va ko'pchilik O'zbekistondagi o'qituvchi bilan Rossiyadagi farroshning moyanalarini solishtirish natijasida shimoliy o'lkadagi muhojirlikni afzal ko'rdilar.

Oxirgi yillarda Rossiya hukumati migrantlardan rus tili imtihonlarini topshirishni talab qilgani o'z yurtida kafolatli yaxshi daromad manbasini topolmagan o'zbekistonliklarni rus tilini o'rganishga majbur etdi.

Bugunga kelib rus tili O'zbekistonda yoshlar eng ko'p o'rganayotgan xorijiy tilga aylandi, deydi Toshkent shahrida o'quv markazi tashkil qilgan Abdumalik Saliev.

Poytaxtdagi ko'p sonli o'quv markazlarida bo'lgani singari bu markazda ham xohlovchilarga bir necha tillardan pullik saboqlar berilgan.

Rus tiliga qiziqish nega ortgani haqidagi kuzatishlari bilan Abdumalik Saliev.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Ўзбекистонда фаолият юритадиган ўқув марказларида ёшлар энг кўп ўрганаётган тил рус тили.

Siz bu haqda nima deb o'ylays?

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.iz?

Bu mavzuda batafsilroq