O‘zbekiston - Tojikiston: muz eridimi?

Mustaqil jurnalist, Tojikiston

Тожикистон Image copyright BBC Sport

O'zbek va tojik tadbirkorlari Tojikiston poytaxti Dushanbeda o'zaro hamkorlik haqidagi 20 ga yaqin hujjat imzolashgan. Mazkur shartnomalarning qiymati 35 million dollardan ortiqroq ekanligi bildirilgan. Ikki mamlakat o'rtasida savdo aylanmasi bir yilning ichida 6 barobarga oshgan. Biroq odamlar bundan ham ko'proq yaqinlik bo'lishini istashadi.

Jumladan, O'zbekistonning «O'zavtosanoat» avtomobilsozlik shirkati Tojikistonnning «Lesinvest» va «Tojmotors» shirkatlari bilan imzolagan shartnomaga ko'ra qo'shni mamlakatga o'z mahsulotlarini yetkazib beradi. Ikki yil davomida Tojikistonga 1,8 million AQSh dollariga teng o'zbek avtomobillari yetkazib beriladi. Bundan tashqari, «O'zavtosanoat» boshqa tojik shirkatlari bilan avtoqismlar yetkazib berish borasida kelishuvga erishgan.

Tojikistonlik mahalliy kuzatuvchilarga ko'ra Tojikiston yo'llarida dunyoning turli mamlakatlarida, jumladan, Olmoniya, AQSh, Yaponiya, Shvetsiyada ishlab chiqarilgan xilma-xil tamg'adagi avtomobillarni uchratish mumkin bo'lsa-da, o'zbek avtomobillariga bo'lgan talab ham mavjud.

Qo'shningda bo'lsa-yu, uzoqqa yugursang!

Ammo kuzatuvchilar fikricha. O'zbekistonda ishlab chiqariladigan mineral o'g'itlarni Tojikistonga yetkzib berish borasida tuzilgan shartnoma ayniqsa dehqonlar uchun qo'l keladi. Eslatib o'tish joiz, «O'zkimyosanoat» hissadorlik jamiyati Tojikistonga turli xildagi mineral o'g'itlar yetkazib berishga oid 5 ta shartnomaga imzo chekkan. 2017-2018-yillarni qamrab oladigan bu shartnomalar qiymati 28,4 million dollarga teng ekanligi ma'lum etilgan.

- Bundan o'n yillar oldin biz mineral o'g'itlarni qo'shni O'zbekistondan olib kelardik. O'zbekistonda ishlab chiqariladigan mineral o'g'itlar boshqa mamlakatlardagiga nisbatan arzon, sifati ham yaxshi, ustiga yo'l yaqin edi. Agar, Rossiyadan keltiriladigan mineral o'g'itga sarflanadigan mablag' bilan solishtirganda, O'zbekistonning bu mahsulotlari bizga ancha arzonga tushardi, - deydi Bobojon G'afurov tumanidagi dehqonchilik xo'jaliklaridan birining rahbari.

- Lekin keyinchalik bizga ma'lum bo'lmagan sabablarga ko'ra qo'shni mamlakatdan mineral o'g'it keltirish kamayib ketdi. Shundaygina ko'zdek qo'shningda bo'lsa-yu, uzoq-uzoqlarga yugursang, odamga alam qilarkan, - deydi u so'zida davom etib.

Image caption O'zbekistondan Tojikistonga qishloq xo'jalik texnikasi kirib kelishi mumkin

Faqat bu xo'jalik rahbari emas, balki biz suhbatlashgan boshqa dehqonlar ham qo'shni O'zbekiston bilan iqtisodiy munosabatlarning yaxshilanishi mineral o'g'it borasidagi ko'p muammolarini hal etishi mumkinligini aytishdi.

baribir, o'zingda bo'lgani yaxshi

O'zbekistonlik tadbirkorlar bilan qo'shni mamlakatga qurilish ashyolari yetkazib berish borasidagi kelishuvlarga erishilgani haqida gapirilar ekan, tojikistonlik quruvchilar keyingi yillarda Tojikistonning o'zida ham bu sohada oldinga siljishlar yuz berayotganligini ta'kidlashdi. Oldinlari qurilishdagi eng muhim ashyolardan biri - sement O'zbekistondagi Bekobod, Kuvasoy, Navoiy kabi sement zavodlaridan keltirilardi. O'zbekiston bilan oradagi sovuqlashishlar bois sement Qozog'iston va Qirg'izistondan keltirila boshlandi. Tojikiston Shimolida Xitoy bilan yirik sement qo'shma zavodining ishga tushirilishi chetdan bu mahsulotning keltirilishini keskin kamaytirib yubordi. Qaytaga yangi zavod mahsulotlari o'z sifati bilan qo'shni mamlakatlar e'tiborini tortdi. Hozirda bu zavodda tayyorlanayotgan sement O'zbekiston va Qirg'izistonga yuborilmoqda.

So'g'd viloyati Raisi matbuot yig'inida bu haqda gapirib, raqamlarni keltirar ekan, jurnalistlardan biri ikkinchisiga pichirlagandi: «Baribir, o'zingda bo'lgani yaxshi!»

Patenti borlar quvonchi

Shimoliy Tojikiston bozorlarida, do'konlarda O'zbekistonda tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlarini tez-tez uchratish mumkin. «O'zbekoziqovqatxolding» shirkati va Tojikistonning «Iqtidor» shirkatlari orasida tuzilgan shartnoma amalga oshirilsa, Tojikistonda qo'shni mamlakatda tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari sotilishi ko'payishi shubhasizdir. Mazkur shartnoma 2 million dollar qiymatga ega.

- Bizga firmalar Toshkentda tayyorlangan konfetlarni ham yetkazib berishadi, Sifati yaxshi, qog'ozlari chiroyli, unchalik qimmat emas. Shuning uchun bu shirinliklarning xaridorlari ko'payib borayotir, - deydi Xo'janddagi mashhur «Payshanbe» bozoridagi shirinliklar bilan savdo qiladigan do'kon sotuvchisi Shafoat Rasulova.

Image caption Ma'lum kiyim-kechaklar O'zbekistondan olib kelinadi

Oziq-ovqat bilan savdo qiladigan do'konlar mudirlari O'zbekistonda tayyorlangan mahsulotlarni firmalardan olishsa, kiyim-kechak bilan savdo qiluvchilarning ko'plari o'zlari bevosita O'zbekistonga qatnashadi.

- Avvaliga Toshkentdan erkaklar kostyumlari, shimlarini oz-ozdan olib kelardim. Do'konimizda O'zbekiston va Xitoy tovarlari yonma-yon sotiladi. Borgan sari Xitoy kostyum-shimlariga qaraganda, o'zbek tovarlariga talab oshib bormoqda. Toshkentlik chevarlar tikkan bejirim ayollar ko'ylaklari esa, juda tez sotilib ketadi. Shuning uchun endi Toshkentdan ko'proq mol olib kelyapman, - deydi Bo'ston shahridagi «Somoniyon» bozorida savdo qiladigan Ehson Jumayev.

Uning aytishicha Tojikistonda biznes yuritish uchun olgan patentini ko'rsatsa, O'zbekistonda besh kunlik viza berilar ekan. «Besh kun davomida Toshkentga borib, mahsulot tanlab, xarid qilib qayta olamiz», deydi Ehson Jumayev.

O'zbekistondan kelinlar ko'ylaklari, xo'jalik tovarlari, chinni va sopol idishlar olib kelib sotadigan tadbirkorlar ham patent bilan viza olish imkoni borligi o'zlari uchun qulaylik yaratayotgani haqida gapirishdi.

Ayni bir paytda, tadbirkorlar fikricha Tojikistonning «Esxata» banki va O'zbekistondagi «Asakabank» orasida hamkorlik shartnomasi imzolangani ularning ishini yengillashtirishi mumkin. «Esxata» bankidan bildirishlaricha, tojik tadbirkorlari O'zbekistonda sotib oladigan tovarlari uchun banklar orqali pul o'tkazish imkoniyatiga ega bo'lishdi. Bu esa, tadbirkorlarni o'zlari bilan katta pulni olib yurish tashvishidan xalos qiladi.

Ikki bank o'rtasidagi shartnoma fuqarolarga u mamlakatdan bu mamlakatga pul jo'natmalari yuborish imkonini ham beradi. Jo'natmalar juda tez o'tadi va ishonchli. Oldin bunday qulay imkoniyat yo'q edi.

Qalblardagi umid so'nmasin

O'zaro manfaatli shartnomalarning tuzilishi Dushanbeda o'tkazilgan O'zbekistonda ishlab chiqarilgan tovarlar ko'rgazma-yarmarkasining natijasi bo'ldi. Bu ko'rgazmaga O'zbekistondagi mashinasozlik, qishloq xo'jalik texnikasi, to'qimachilik, oziq-ovqat, dori-darmon, uy-ro'zg'or buyumlari, qurilish ashyolari ishlab chiqarish kabi sohalar tovarlari keltirildi. 1500 xildan ortiq mahsulot ko'rsatildi.

- Ko'rgazmaning ochilishi ham, o'zaro manfaatli shartnomalarning tuzilishi ham O'zbekiston va Tojikiston orasidagi munosabatlarning iliqlashuvini ko'rsatadi. Bu iliqlashuv O'zbekistonga Shavqat Mirziyoyev prezident bo'lgandan keyin boshlandi. Deyarli chorak asrdan keyin Dushanbeda O'zbekiston tovarlarining katta ko'rgazmasi bo'lib o'tdi. Xuddi shunday, Toshkent va Dushanbe orasida uzoq yillik tanaffusdan keyin uchoqlar parvozi yo'lga qo'yildi. Bularning hammasi qadim-qadimdan do'st bo'lib kelgan ikki qo'shni xalq odamlarini quvontirib yubordi, qalblariga umid soldi, - deydi mahalliy kuzatuvchi Ahmad Bobojonov.

Tojikiston rasmiylarining bildirishicha, o'tgan bir yilning o'zida ikki qo'shni mamlakat orasida tovar almashuvi oldingi yildagiga qaraganda deyarli olti baravar oshgan va deyarli 70 million AQSh dollariga yetgan.

- Agar, ayniqsa, O'zbekistondan Tojikistonga tabiiy gaz yetkazib berish to'xtatib qo'yilgandan keyin ikki mamlakat orasidagi oldi-berdi o'ta kamayib ketganligini, bu borada Rossiyani hisobga olmaylik, O'zbekiston Tojikistonga iqtisodiy sherik sifatida boshqa qo'shni mamlakatlardan ham ortda qolganini aytadigan bo'lsak, yangi shartnomalarning tuzilishi chinakamiga quvonchlidir. Lekin, hali odamlar qalbida paydo bo'lgan umid haqida gapirdik. Tojikistonlik oddiy odamlar ikki mamlakat o'rtasidagi vizaning butunlay yo'qolishini, hech bo'lmaganda, yumshatilishini istashadi. Chunki chegaraning har ikki tomonida yashaydigan millionlab odamlarni qon-qarindoshlik rishtalari bog'lab turadi. Garchi keyingi paytda ikki mamlakatning tutash, qo'shni tumanlarida yashaydigan odamlar uchun vizasiz safar qilish imkoniyati qayta tiklangan bo'lsa-da, bu imkoniyatdan ko'pchilik foydalanish imkoniyatiga ega emas, - deydi Ahmad Bobojonov.

Kuzatuvchining aytishicha faqat O'zbekistondagi qarindoshlardan taklif shoshilinchnomasi kelgandan keyingina ichki pasport bilan qisqa muddatga qo'shni mamlakatga borib-kelish mumkin. Shunda ham shoshilinchnomaning kim yuborganligi, nimaga yuborganligi tekshirib ko'riladi.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз: +44 78-58-86-00-02.
  • ТЕЛЕГРАМ каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek ёки BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq