Prokurorning vazifasi garaj buzib, guzar qurishmi?

гараж Image copyright kun.uz

Marg'ilon shahar prokurori shahardagi mahallalardan birida garajlarni buzib o'rniga guzar, bolalar o'ynash maydonchasi qurilishiga bosh bo'lmoqda. O'zbekistonda kasb egalarining o'z vazifalari o'rniga boshqa ishlarni qilishi odatiy holga aylangan. Kasbiga taalluqli bo'lmagan ishlarni qilishga majbur o'qituvchi va shifokorlar qatoriga jurnalist hamda prokurorlarning ham qo'shilayotganini kuzatish mumkin.

Kun.uz saytining yozishicha, Marg'ilon shahar prokurori Akmalxo'ja Mavlonov rahbarligida ishchi guruhlar "Guliston" mahallasidagi eski garajlarni buzib uning o'rniga aholi uchun guzar va bolalar o'ynash maydonchasi qurmoqda.

Nashr muxbiri mahallada istiqomat qiluvchilardlan biri bilan ham gaplashgan. Buvichaxon Ahmadxonova buzilayotgan garajlardan hech kim foydalanmayotganini va zamon tinch bo'lgani uchun mashinani ko'chaga qo'ysa ham bo'lishini aytgan.

"Bu garajlardan aholi deyarli foydalanmaydi. Avvallari mashinani saqlash yoki uni berkitish uchun shu garajlarga muhtojlik sezilar edi. Endi zamonamiz tinch, mashinani ko'chaga qo'yib qo'ysangiz hech kim tegmaydi. Bolalarimiz shu garajlar tomonidan o'ynasa shikaslanmasin, deb qo'rqib turar edik. Endi bu garajlar buzilayapti. Mahallamiz obod bo'layapti. Yangi yo'l tushadi, guzar barpo etilayapti. Bolalar o'ynash maydoni qurilish ishlari boshlab yuborildi. Bizning mahallamiz ham boshqalarnikiga o'xshab keng va yorug', tekkis ko'chalardan iborat bo'ladi. Xursandchiligimizning cheki yo'q", - degan Buvichaxon Ahmadxonova.

Muxbir garaj egalari bilan suhbatlashmagan.

Muammoni joyida hal qiluvchi jurnalistlar

Ushbu xabarga fikr bildiruvchilardan biri "Prokuraturaning bosh vazifasi qonun ijrosi ustidan nazorat" ekanligini aytgan.

Biroq O'zbekistonda o'z kasbi qolib boshqa vazifalar bilan shug'ullanishga odatga aylangani kuzatiladi.

O'qituvchi va shifokorlarning ko'cha ishlari, qurilish va dehqonchilik ishlariga jalb qilinishi ortidan boshqa kasb egalarining ushbu tendensiyadan bebahra qolmayotgani ko'rinmoqda.

Ayniqsa, bu holat Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylanganidan so'ng kuchaygani aytiladi.

Barcha rivojlangan yurtlarda jurnalistning vazifasi jamiyatni boxabar qilish va muammolarni matbuotga olib chiqqan holda e'tibor qaratish bo'lsa, O'zbekistonda jurnalistlarning yakka tartibda muammolarni joylarda hal etish ishlariga ham safarbar qilinayotganini kuzatiladi.

Bu haqda "Ishonch" gazetasida turkum maqolalarni ko'rish mumkin. Jurnalistlar joylardagi odamlarning muammosini o'sha yerda mutasaddilarga bog'lanib hal qilib berishganini yozishgan. Ammo ushbu muammolarning mamlakat bo'ylab yechilishi uchun uni ko'tarishmagan.

"O'zbekiston" telekanalida efirga ketgan "Muloqot vaqti" ko'rsatuvida ishtirok etgan muharrirlardan biri bu holatni televideniye orqali aytmasa ko'rsatuvdan ketolmasligini gapirdi.

"Bitta gapni aytmasam, shu yerdan ketolmayman. Aytishim kerak. Prezidentimiz chin ma'noda xalq dardini eshitish, xalq bilan muloqot qilish bo'yicha hammamizga ibrat bo'layaptilar. Biz mana shu ibratdan ilhomlanib, viloyatlarda ijodiy xodimlarimiz navbati bilan bevosita muloqotlar o'tkazyapti. Bir viloyatdan 100, 200, 300 lab fikrlar yig'ilyapti. Fikrlar asosan tanqidiy muammolardan iborat. Biz mana shu shikoyatlarning hammasini tasniflab, guruhlarga bo'lib, tegishli mutasaddilarga yetkizdik. Eng muhimi masalani joyida hal qilish. Bu narsa gazetxonga ko'rinmasligi mumkin. Bu tashkiliy ish", - deydi markaziy gazeta mas'ullaridan biri.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз: +44 78-58-86-00-02.
  • ТЕЛЕГРАМ каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek ёки BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio