Tanqid ortidan Telegramda "antinotarius" kanali ochildi

Notariusga navbat odatiy holga aylangan Image copyright Argumentua
Image caption Notariusga navbat odatiy holga aylangan

O'zbekistonda chop etiluvchi "Jamiyat" gazetasida mamlakatdagi notariuslar faoliyatini tanqid qilingan maqoladan so'ng Telegram da "antinotarius" kanali ochilgan. "Notarial idoradagi nayranglar" maqolasi chiqqach Adliya vazirligi tekshirish natijasida poraxo'rlik qayd etilmaganini bildirgan. Biroq muallifga nisbatan bosimlar bo'layotgani aytilgandi.

"Antinotarius" kanali 21 aprel kuni ochilgan. Kanal nima maqsadda ochilgani borasida o'quvchilarga izoh bermagan. Ammo chop qilingan xabarlar va ma'lumotlardan uning notarial idoralar ko'rsatuvchi xizmatlar haqida odamlarga ma'lumot yetkazish maqsadida ochilganini ko'rish mumkin.

Kanal ora-sirada so'rovnoma ham o'tkazgan va unda asosan notarial idoralarning faoliyati haqida so'ralgan. Javob beruvchilarning aksar qismi ushbu idora faoliyatidan qoniqmayotganligini bildirgan.

Mart oyi boshida "Jamiyat" gazetasida notarial idoralardagi nayranglarni fosh qiluvchi maqola chiqdi. Maqola biroz o'zgartirishlar bilan tafsilot.uz saytida ham chop qilindi.

Unda Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 11-sonli davlat notarial idorasida mijozlardan davlat hujjatlaridan ko'rsatilganidan ortiqcha pul olishga harakat qilingani yozilgan. Idora jurnalistlar hujjatni tasdiqlashtish uchun belgilangan summadan 5 barobar ko'p narx so'ragan.

Jurnalistlar tortishuvlardan so'ng ushbu narxni tushirganini, biroq huquqini bilmagan boshqa mijozlardan beligilanganidan ko'p pul olishda davom etilganini yozgan.

Maqolada aytilishicha, notarial idora xodimlari tushgan ortiqcha pulni o'zaro taqsimlashda mijozlar ko'z o'ngida tortishib qolishgan.

O'zbekistonda 2010 yildan buyon Prezident qarori bilan xususiy notarial idoralarning faoliyatiga chek qo'yilgan.

Kuzatuvchilar davlat notaril idoralari ish yuritish uslubi sho'rolar davridagi tartibni eslatishini aytishadi. Idoraga ishi tushganlar ayrim holatlarda bir necha kun oldin navbat olib qo'yishiga to'g'ri keladi. Ishni oldinroq bitirish uchun tanish-bilish holatlari kuchaygani kuzatiladi.

Xizmatlar uchun davlat tomonidan belgilangan narxlar borasida ochiq va ko'zga ko'rinarli ma'lumotlar bo'lmagani bois belgilanganidan ortiqcha pul olish keng yoyilgani aytiladi.

Muallif maqola so'nggida bu borada jamoatchilik fikrini o'rganganini va ushbu idora tomonidan "talanganlar" oz emasligi uchun bu mavzuga yana qaytishini bildirgan.

Jurnalistga bosimlar

Biroq 14 aprel kuni maqolani ko'chirib o'z saytiga qo'ygan Tafsilot.uz sayti yurituvchisi Jamshid Niyozov Twitterdagi sahifasida maqola ortidan unga bosim bo'layotganini yozdi.

"Mazkur maqola tufayli bosim davom etmoqda. Kecha adliya vazirligi, bugun esa shahar adliya boshqarmasiga chaqirtirishdi. Bormadim", - deb yozdi u.

Blogger Sanjar Said "Jurnalistni kim himoya" qiladi nomli blogpost yozib chiqdi. Unda muammo qolib muammoni ko'tarib chiqqan shaxs ta'qib ostiga olinayotgani yozilgandi.

"Undan ko'ra nafsi o'pqon notariuslarni jazolashsin, xalqqa yetkazilgan zararlar o'rni qoplansin, notariuslardagi adolatsizliklarni bartaraf etish, ko'rsatilayotgan sifatsiz xizmatlarni yaxshilash, notarial xizmatlar uchun o'rnatilgan davlat bojlari to'g'risida aholini xabardor qilish choralari ko'rilsin", - deyilgan unda.

Sanjar Saidning ma'lum qilishicha, u bu holat yuzasidan Adliya vazirining virtual qabulxonasiga murojaat ham yo'llagan.

"Unda keltirilishicha tekshiruvlarda hamma notariusni orqasi toza chiqqani, ayblovlar noo'rin ekani, vazirlik saytida esa notarial xizmatlar haqida to'liq ma'lumotlar va maxsus kalkulator borligi aytilgandi xolos", - deb yozadi Sanjar Said.

Blogger hammaga ochiq-oydin ayon bo'lib turgan, oshkora pora olinayotgan vaziyatda poraxo'rlik mavjudligini isbotlashning imkoni, samarali mexanizmi bo'lmasa, deya savol beradi.

Rasmiylar O'zbekistonda jurnalistlarga nisbatan bosim borligini rad etib kelishadi.

Yaqinda faoliyatini boshlagan "Xalqaro press-klub" rahbari Sherzod Qudratxo'jayev ham Bi-bi-si bilan suhbatda O'zbekistonda o'zgarishlar davri boshlangani, jurnalistlar tanqidi uchun ta'qib qilinmasligini aytgan edi.

Biroq amalda buning tersi bo'layotganini ko'rish mumkinligi aytiladi. Bi-bi-si dohil boshqa xalqaro veb sahifalarga O'zbekistonda to'siq qo'yilgan.

"Ozodlik" radiosi muxbiri kasbiy faoliyati tufayli Xorazmdagi onasiga zug'um bo'lgani haqida aytdi.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз: +44 78-58-86-00-02.
  • ТЕЛЕГРАМ каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek ёки BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio