"Diniy" mahkamalar va qiynoqlar davom etmoqda"

"Diniy" mahkamalar va qiynoqlar davom etmoqda"
Image caption "Diniy" mahkamalar va qiynoqlar davom etmoqda"

O'zbekistondan kelayotgan xabarlarga ko'ra, jinoiy ishlar bo'yicha Toshkent shahar mahkamasida diniy-siyosiy ayblovlar asosida 12 kishi ustidan mahkama jarayoni davom etmoqda.

Ularga O'zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish (Jinoyat kodeksining 159-moddasi), jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash yoki tarqatish (244-1-modda), jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish (216-modda) kabi qator ayblovlar qo'yilgan.

Bu borada O'zbekiston Huquq faollari mustaqil tashabbus guruhi xabar bermoqda. Guruh rahbari Surat Ikromovning Bi-bi-siga aytishicha, ayblovlar Milliy Xavfsizlik Xizmati xodimining, go'yoki "guruh ichiga" sizib kirib, ular bilan qator uchrashuvlarda ishtiroki natijasida yiqqan ma'lumotlariga asoslangan. Lekin Surat Ikromovga ko'ra, bu ish "atayin" tashkillashtirilgan.

Mahkamada qatnashgan ayblanuvchilar yaqinlari tergov tomoni biron qat'iy dalillarni keltira olmagani haqida aytadilar. Bildirilishicha, ayblanuvchilar qiynoq va tazyiqlar ostida o'zlariga aloqasi bo'lmagan jinoyatlarga iqror bo'lishga majbur bo'lishgan.

Qoralovchi 12 ayblanuvchining hammasiga 10 yildan 15 yilga qadar qamoq jazosi berilishini talab qilgan. Hukm 26 aprel kuni chiqarilishi kutilmoqda.

"O'g'lim ont ichgandi..."

Ayblanuvchilardan biri Husniddin Inog'omovning onasi Shohida Inog'omova Bi-bi-si bilan suhbatda huquq-tartibot organlari xodimlari o'g'lining uyiga 2016 yil 19 oktyabr ertalabki soat 6 larda kelishgani va tintuv o'tkazishganini aytadi. Keyin ular Husniddin Inog'omovni hibs qilishgan.

"O'g'lim sobiq sinfdoshlari va mahalladoshlari bilan oyiga bir marotaba yig'ilib, o'rtaga pul tashlab "gap" o'ynardi. Ularning hammasi qo'llarida kasbi bor, hunarmand bolalar. Ammo oralarida noqonunuiy guruhga da'vat qiluvchi odam bo'lgan-u, ular dastlab bu borada rasmiylarga tegishli xabar bermaganlikda ayblanishdi. Hozir mahkama qo'ygan ayblovlar esa o'ta jiddiy va asossiz".

Uning ilova qilishicha, ayblanuvchilar himoyachilari ham mahkamada qo'yilayotgan ayblovlarning isbotini topmaganini aytishgan.

Shohida Inog'omovaga ko'ra, tintuv vaqtida qurol-yarog' va diniy adabiyotlarni qidirilgan. Bunday ashyolar topilmagan va huquq-tartibot organlari xodimlari nabiralarining multfilm disklari, o'g'lining plansheti va mobil telefonini o'zlari bilan olib ketishgan. Ammo ulardan biron noqonunuiy ma'lumot topilmagach, qaytarib berishgan.

Husniddin Inog'omov 2000 yilda ham "Hizbut-tahrir" guruhiga a'zolikda ayblanib, 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. 3 yildan so'ng esa amnistiyaga binoan qamoqdan ozod etilgan.

Shohida Inog'omova bu vaqt ichida o'g'lining farzandi tug'ma yurak xastaligi bilan tug'ilgani, nabirasi 1 yoshdan o'tib vafot etganini aytadi.

"O'g'lim shunda: "Onajon, men juda xato qilgan ekanman, mening aybim bilan shirin qizimizdan ayrildik, bundan buyog'iga men bu kabi faoliyat bilan umuman shug'ullanmayman", deya ont ichgandi. Shuning uchun uning hozir ayblovlarda aytilgan faoliyat bilan shug'ullanganiga ishonish qiyin. U faqatgina oilasini yaxshiroq ta'minlash, mablag' uchungina do'stlari bilan pul yig'ib, "gap" o'ynagan", dedi Husniddin Inog'omovning onasi.

Unga ko'ra, o'g'li mahkamada ayblovlarga tazyiq ostida iqror bo'lganligini aytgan. Ayblanuvchilardan ikki kishi esa tergov jarayonida qo'llangan qiynoqlar tafsilotlarini gapirishgan.

"Qiynoqlar davom etmoqda"

Huquq faollari mustaqil tashabbus guruhidan Surat Ikromov O'zbekistonda yangi hukumat qudratga kelganidan beri kuzatilayotgan o'zgarishlar Ichki ishlar vazirligi va Milliy Xavfsizlik Xizmatiga qadar etib bormaganini aytadi.

Uning aytishicha, namozxonlar va yo bir joyda to'planib turli masalalar yuzasidan fikr almashgan kishilarni shubha ostiga olinishi hamda ularni noqonuniy diniy-siyosiy guruhlar tuzishga urinishda ayblash hollari hamon kuzatiladi.

MXX xodimining ayblanuvchilar orasiga kirgani va ayblovlarga asos bo'la oladigan qanday ma'lumotlar yiqqani borasidagi savolga javob qaytararkan, Surat Ikromov mahkama jarayonida bu kabi dalillardan birontasi keltirilmaganini aytadi.

Bundan tashqari ayblanuvchilardan ikki nafari ochiq-oydin ularga nisbatan qiynoqlar qo'llanganini aytgan va ular ana shu qiynoqlar oqibatida o'zlariga qo'yilgan ayblovlarga iqror bo'lishganini ta'kidlashgan.

"Mahkamada ayblanuvchilardan birontasi ayblariga iqror bo'lganlari yo'q va hammasini rad etishmoqda. Qo'llangan qiynoqlar haqida mahkamada ochiq-oydin aytishgan. Masalan, Ravshan Sodiqov uning boshiga tselofan xalta kiygizib, nafasini bo'g'ishgani, boshqalari esa quloqlariga sim ulab elektr toki bilan qiynashganligini aytishgan. Shundan so'ng ular avvaldan tayyorlab qo'yilgan ayblov xulosalariga imzo chekishga majbur bo'lganlar".

Xalqaro tashkilotlar O'zbekiston huquq-tartibot tizimi va qamoqxonalarida qiynoqlar muntazam tus olganligi haqida hamisha xavotir bildirib kelganlar.

Lekin rasmiylar buni rad etishadi va hukumat xalqaro kuzatuvchilar hamda BMTning qiynoqlar bo'yicha maxsus ma'ruzachisi mamlakatga kelishiga izn bermay keladi.

2013 yil oktyabrida BMTning Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi muhokamasi chog'ida Inson huquqlari milliy markazi rahbari Akmal Saidov o'zini so'roqqa tutgan qo'mita a'zolariga nisbatan g'azabnok munosabat bildirgandi. U O'zbekiston qamoqxonalarida qiynoqlar va siyosiy mahbuslarning yo'qligini aytgan. Shuningdek Akmal Saidov BMT qo'mitasini Jasliq qamoqxonasiga haddan tashqari ko'p e'tibor qaratishda ayblagandi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook- BBC UZBEK

•Google+ BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq