Qamchiq dovonida 40 metrli ko'chki yorig'i

Қамчиқ довони Image copyright Водители Ташкента

O'zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabar tarqatishicha, Farg'ona vodiysini mamlakatning qolgan hududlari bilan bog'laydigan Qamchiq dovonidagi yo'lda 40 metrli yoriq paydo bo'lgan va dovonda avtotransport vositalarining harakatlari cheklangan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatining Bi-bi-siga bildirishlaricha, avtomobil yo'lida ko'chki yorig'i 22 aprel kuni yuzaga kelgan.

Bunga bahorgi yog'ingarchiliklar sabab bo'lgan.

Ko'chki yorig'i yuzaga kelgan joy dovonning Namangan viloyati Pop tumaniga qarashlidir.

Er ko'chkisining balandligi 80 metrni tashkil qilgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatidan aytishlaricha, yo'l yorig'i xavf tug'diradigan darajada bo'lmagan.

Shunday bo'lsa-da, Qamchiq dovonidagi avtomobil yo'lining bir tarafida transport vositalarining harakatlanishi vaqtincha cheklatilgan va ikki tomonlama harakat yo'lning bir tarafida amalga oshirilmoqda.

Farg'ona vodiysidan Toshkentga, Toshkentdan vodiyga qarab yo'lga tushgan yo'lovchilar 14 kilometrcha masofani bir qatorda o'tishlariga to'g'ri kelmoqda.

Dovoning ushbu qismida "Diqqat, tuproq ko'chish xavfi bor", "To'xtash mumkin emas" va "To'xtab turish taqiqlanadi" deb yozilgan yo'l belgilari o'rnatilgan, boshqa xavfsizlik choralari ko'rilgan.

Ko'chki yuz bergan joyga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, "Qamchiqyo'l" idorasi, Davlat Geologiya kuzatuv qo'mitasi, Ichki ishlar vazirligi Yo'l-patrul xizmati xodimlari safarbar etilganlar va yo'lni avtoulovlar qatnashiga yaroqli qilib ta'mirlash ishlari boshlangan.

Qamchiq dovoni O'zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega bo'lib, qo'shni mamlakatlarga qaramlikdan voz kechishga qaror qilgan mamlakat rahbariyati tog' yo'lidan avtomobil va temir yo'l qatnovini o'tkazgan.

O'zbekiston mustaqilligining dastlabki yillaridanoq dovondagi avtomobil yo'lini kengaytirish, qatnov uchun qulay qilish ishlari davom ettirib kelinadi.

Bir kecha-kunduzda Qamchiq dovoni orqali 21000 dan ortiq avtoulov o'tadi.

2016 yili xitoylik mutaxassislar Qamchiq orqali 123 kilometrli temir yo'l qatnovini o'tkazishga imkon beradigan tunelni ham qurib foydalanishga topshirdi.

Temir yo'l tunnelining uzunligi 19 kilometr 200 metrni tashkil etgan.

O'zbek rasmiylari xabar qilishlaricha, dovonda ikkinchi avtomobil tunnelini barpo etish rejalashtirilmoqda.

Qamchiqda qish faslida ko'p qor yoqadi va qor ko'chkilari xavfi may oyigacha saqlanib qoladi.

Qor va er ko'chkilari dovonda insoniy talofatlarga olib kelgan hodisalar bundan oldin ro'y bergan.

Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02.

ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг