"Konsulliklarimiz yaxshi ishlamagani rost!"

Ўзбекистон Ташқи ишлар вазирлиги биноси Image copyright https://www.facebook.com/MFAUZB

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari Javlon Vahobov xorijdagi o'zbekistonliklar bilan ishlaydigan konsulliklar faoliyatida uzoq yillik muammolar mavjudligini tan olgan.

Janob Vahobov Toshkentda tashkil etilgan matbuot anjumanida gapirgan.

"Bu mavzu, aslida eng o'tkir mavzulardan biridir. Uning dolzarbligi shundaki, minglab insonlarning taqdiriga daxl qiladi. Hech kimga sir emaski, bugungi kunda ulkan sondagi vatandoshlarimiz O'zbekistondan tashqaridalar: kimdir oliy o'quv yurtini tugatganidan keyingi akademik almashish bo'yicha ketgan, kimdir mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun, boshqalar esa xorijiy sheriklar bilan biznes muloqotlarni yo'lga qo'yish uchun, ko'plar - sayyohlik maqsadida", deb aytgan Tashqi ishlar vaziri birinchi o'rinbosari.

Janob Vahobov so'zlariga ko'ra, afsuski, ko'p sondagi O'zbekiston fuqarolarining xorijga chiqib ketishlariga Tashqi ishlar vazirligi, avvalambor, vazirlikning xorijiy muassasalari tayyor bo'lmaganlar.

Image copyright uz24.uz

"Prezident Virtual qabulxonasi ishga tushganidan buyon shu bugungacha vazirlik nomiga fuqarolardan 3000 atrofida murojaat kelib tushdi. Ularning uchdan ikki qismi konsullik-huquqiy masalalariga taalluqlidir", deb aytgan Tashqi ishlar vaziri birinchi o'rinbosari Javlon Vahobov.

Rossiyada atigi ikkita - Moskva va Novosibirsk shaharlarida O'zbekiston konsulligi faoliyat yuritayotgani, barcha murojaatlarni o'z vaqtida ijobiy hal etish jismonan imkonsizligini aytgan Tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari.

Janob Vahobovning ushbu bayonoti O'zbek rasmiylarining o'z faoliyatlaridagi munosabatini o'zgartirayotganlarining yana bir nishonasidir.

Marhum prezident Islom Karimov boshqaruvi yillarida mamlakat rahbariyati millionlab O'zbekiston fuqarolari oilasini boqish uchun Rossiyaga ketishga majbur bo'lganlarini hech ham ochiq tan olmaganlar.

Image copyright BBC UZBEK

Marhum Karimov xorijda ishlayotgan mehnat muhojirlarini "dangasalar" deb ta'riflagan edi.

Xorijdagi O'zbekiston konsulliklari muammoga duch kelgan o'zbekistonliklarga yordam bermagani uchun ko'p marotaba erkin ommaviy axborot vositalarida tanqid qilingan.

Toshkentdagi matbuot anjumani Elektron Ommaviy axborot vositalarining Milliy assotsiatsiyasi tomonidan tashkil qilingan, u O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ilgari surgan O'zbekistonni rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasining 2017 yil birinchi choragida ijro etilishiga bag'ishlangan.

Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga O'zbekiston Senati raisi o'rinbosari Svetlana Ortiqova, Qonunchilik palatasi raisi o'rinbosari Sarvar Otamurodov, "Taraqqiyot strategiyasi" markazi direktori Akmal Burhonov, Tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari Javlon Vahobov, Sog'likni saqlash vaziri o'rinbosari Elmira Bositxonova, Markaziy Bank raisi o'rinbosari Shohruh Shoahmedov, Ichki ishlar vaziri o'rinbosari Akramxon Boboxonov va boshqalar javob qaytarganlar.

Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02

ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг.

Bu mavzuda batafsilroq