Markaziy Osiyoning qo'rqishi uchun asos bormi?

Мозори Шариф Image copyright Reuters

Xalqaro harbiy tahlilchilarning e'tirof etishlaricha, O'zbekiston bilan bevosita chegaradosh Balx viloyatida uyushtirilgan so'nggi qonli hujum Tolibon harakatining bugun Afg'oniston shimolida xayol qilinganidan ko'ra katta qudratga ega ekaniga dalolat qiladi.

Ustiga ustak juma kungi hujum Afg'oniston Qurolli Kuchlarining mamlakat shimolidagi eng yirik harbiy bo'linmalaridan birining qoq markazida amalga oshirilgan va yuzdan ortiq afg'on askarining umriga zomin bo'lgan, yana o'nlabini yaralagan.

Hatto, afg'on mas'ullari o'zlarining ham e'tirof etishlaricha, bunaqasi Afg'onistonning bu yaqin tarixida kuzatilmagan.

Shunday ekan, shundoqqina biqinlaridagi bu kabi vaziyatdan mintaqa davlatlarining xavotirlanishlari uchun qanchalik asos bor? - tahlilchilar bahosi videolavhamizda

Boshqa tomondan, bu kabi halokatli hujum Afg'onistonning, yillarki, nisbatan tinch sanalib kelinuvchi shimoliy Balx viloyatida amalga oshirilgan.

O'zbekiston va Turkmaniston esa, Afg'onistonning shimoliy mintaqalariga bevosita chegaradosh ikki Markaziy Osiyo davlati sanalishadi.

Afg'oniston Tolibon harakati hali o'zining bu yilgi bahorgi amaliyotlarini rasman e'lon qilmay turib, Balx misolida bu qadar halokatli hujum uyushtirishning uddasidan chiqqan.

Tolibon harakatining so'nggi hujumiga munosabat bildirarkan, Londondan Mudofaa masalalari bo'yicha xalqaro tahlilchi Pol Rojers ham Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida masalaning ayni shu ikki qirrasiga to'xtalib o'tadi.

"Amerika Qo'shma Shtatlariga o'xshash davlatlar IShID guruhi faoliyati kuchayib borayotganidan xavotirda bo'lgan bir manzarada, Balxdagi hujum - Tolibon harakatining bugungi qudratiga dalolat qiladi. Ustiga ustak, hali aprel ekanini yodda tutishimiz kerak. Ya'ni janglar shiddatlashmagan bir paytda uyushtirildi bu hujum. Boshqa tomondan, Tolibonning bunga o'xshash harbiy bazaga osonlik bilan sizib kirishga muvaffaq bo'lgani ularning bugun nimalarga qodir ekanliklarini ko'rsatadi. Birgina rasmiy raqamlarning o'ziga tayanilsa, bu hujumda kamida 120 kishi qurbon bo'lgan. Bularning barchasi Tolibon hanuz Afg'oniston hukumati uchun katta boshog'riq ekani va ularning bugun ham mamlakatda qanchalik katta ta'sirga ega ekanini anglatadi", - deydi tahlilchi.

Afg'oniston Tolibon harakatining bahorgi amaliyotlariga oid bayonoti esa, har yil aprel oyining o'rtalariga to'g'ri kelgan.

Agar, Birlashgan Millatlar Tashkilotining hisobotiga tayanilsa, o'tgan yil Afg'oniston uchun shundoq ham eng qonlilaridan biri bo'lgan, 2009 yildan buyon kuzatilmagan bir darajada - rekord sonda insoniy talofat berilgan.

Xalqaro tashkilot esa, 3 mingdan ortiq insonning o'limiga aynan Afg'oniston Tolibon harakatini mas'ul ko'rgandi.

Xavotirlar...

Image copyright courtesy
Image caption Ўзбек жангарилари

Ham Tolibon va ham IShID guruhining faollashuvi nazarda tutilganda, o'tgan ikki yil ichida aynan Afg'oniston shimoli va shimoli-sharqidagi vaziyat barcha Markaziy Osiyo davlatlari qolib, Rossiyaning ham jiddiy xavotirlariga sabab bo'lib kelayotgan, shaxsan prezident Vladimir Putin ustma-ust bayonotlar bilan chiqqan, hatto, orada rasmiy Kobulga o'z ko'maklarini taklif qilgan mavzulardan biri bo'ladi.

Xuddi shu vaqt oralig'ida Tolibon harakati "aksariyati Markaziy osiyolik jangarilardan iborat" xorijiy ittifoqchilari bilan hamkorlikda uyushtirgan eng yirik va qonli hujumlari ham Afg'oniston shimoli-sharqiga to'g'ri keladi.

"Tolibon asosan Afg'oniston janubi va sharqida katta kuch hamda ta'sirga ega, deb ko'rib kelingan. So'nggi hujum esa, aksariyat aholisi o'zbeklardan iborat shimoliy Balx viloyatida amalga oshirildi. Bu - toliblarning mintaqaga qanchalik chuqur kirib bora olgani va nechog'liq "erkin nafas" olishga qodir ekaniga dalolat qiladi. Demoqchi bo'lganim, Tolibon bugun Afg'oniston shimolida xayol qilinganidan ko'ra katta qudratga ega", - deydi Londondan tahlilchi Pol Rojers.

Suhbatdoshimizga ko'ra, Afg'oniston shimolidagi voqealarning bu qabila rivoji unga bevosita chegaradosh Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham xavotirdan xoli emas.

"Buning ikki omili bor. Birinchidan, Afg'oniston Tolibon harakatining bugungi qudrati. Ikkinchisi - ularning Afg'oniston bilan shundoqqina qo'shni ekanliklari...Ya'ni, biz bugun guvoh bo'lib turgan voqealar yaqin bir necha oyning o'zida Tolibon harakati faoliyatining jadal kuchayishiga dalolat qiladi", - deydi Pol Rojers.

Agar, Birlashgan Millatlar Tashkilotining o'tgan yilgi hisob-kitoblariga tayanilsa, bugun afg'on tuprog'ida jang qilayotgan jangarilarning soni kamida 45.000 kishini tashkil etadi, ularning yarmidan ko'prog'i esa, xorijliklari hisobiga to'g'ri keladi.

Ustiga ustak, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi ixtiyoriga havola etilgan mazkur hisobot tafsilotlaridan ayon bo'lishicha, Afg'oniston Tolibon harakati hozirga kelib o'zining eski ittifoqchisi "al-Qoida" tarmog'i bilan aloqalarini qayta mustahkamlashning ham uddasidan chiqqan.

Agar, Afg'onistondagi AQSh va NATO Kuchlari Bosh qo'mondoni general Jon Nikolsonning o'tgan yilgi bayonotiga tayanilsa, hozir afg'on hukumati mamlakat hududining 60 foizdan sal ortiqroq hududini nazorat qila oladi, xolos.

Ya'ni, general Nikolsonga ko'ra, Afg'oniston hududining naq 10 foizi joriy paytda Tolibon va ular ittifoqchilari qo'lida, yana qolgan 20 foizi nazorati uchun esa, janglar hanuz tinmagan.

Yuqori martabali AQSh generalining bu bayonoti xalqaro harbiy tahlilchilarning xavotirlariga sabab bo'lmay qolmagan, ular bu kabi voqe'lik Afg'onistonda 2001 yildan buyon kuzatilmaganiga alohida diqqat qilishgandi.

Balx, AQSh, Rossiya

Image copyright courtesy

Tolibon harakatining shimoliy Balx viloyatidagi so'nggi qonli hujumi esa, prezident Donald Tramp boshchiligi ostidagi yangi AQSh ma'muriyati hali-hanuz Afg'onistonga oid tashqi siyosatini durust-quruq bayon qilmagan, u erdagi harbiylarining taqdiri borasida hamon o'zining yakuniy so'zini aytmagan bir paytga to'g'ri kelmoqda.

Boshqa tomondan, toliblarning bu kabi kutilmagan amali AQShning ziddiga Rossiya Afg'onistonda faollashish, rasman rad etib kelayotgan esa-da, aynan Tolibon harakati bilan yaqinlashish, Pentagon nazdida, hatto qurol-yarog' etkazib berish, "ular bilan tinchlik muzokaralari olib borish" harakatida bo'lgan bir manzarada kuzatilmoqda.

Prezident Donald Tramp rasman qudratga kelgan o'tgan uch oy ichida Rossiyaning bu kabi sa'y-harakatlari aynan general Jon Nikolsonning keskin tanqidlari va unga qo'shimcha yana qator yuqori martabali AQSh harbiylarining Afg'onistondagi harbiylari sonini yana jiddiy oshirishga oid da'vatlariga ham sabab bo'lib ulgurgan.

AQSh tomonining ayni tanqid va da'vatlari manzarasida esa, rasmiy Kreml afg'on mojarosiga tinch yo'l bilan echim topish uchun Vashington istisno mintaqadagi barcha o'yinchi davlatlar ishtirokida bir necha bosqich tinchlik muzokaralariga ham mezbonlik qilishga ulgurgan.

Toliblarning Balxdagi so'nggi qonli hujumi Rossiya boshchiligi ostidagi poytaxt Moskvada bo'lib o'tgan va Markaziy Osiyo davlatlari vakillari ilk bor ishtirok etgan ana shu muzokaralar uchinchi bosqichidan bor-yo'g'i bir hafta o'tib kuzatilgan.

Agar, rasmiy Kremlning bayonotiga ishonilsa, Moskvadagi bu yig'in ishtirokchi tomonlarning Rossiya boshchiligi ostidagi sulh jarayonini davom etdirish qarori bilan yakunlangan.

Ammo, Balxdagi 100 dan ortiq afg'on harbiysining umriga zomin bo'lgan halokatli hujumdan uch kun o'tib ham, na-da AQSh, na-da Rossiya va na-da biror bir Markaziy Osiyo davlati rahbaridan mazkur voqe'likka munosabat kuzatilgan.

Afg'onistondagi AQSh va NATO Kuchlari Bosh qo'mondoni general Jon Nikolsonning bu xususdagi bayonoti esa, faqat hujumdan uch kun o'tib yangragan.

General Nikolson Balxdagi hujum Tolibon shafqatsizligi va yovuzligi yangi bosqichga chiqqani dalolati ekanini aytgan.

"Siyosiy mujda"

Image copyright courtesy

Balxdagi so'nggi voqea misolida Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov Tolibon harakatining har doim bu kabi yirik "terrorchilik" amaliyotlari uyushtirishga qobil ekanini namoyon etib kelgani, ammo har gal ma'lum siyosiy maqsadni ko'zlagan holda bu kabi ishlarga qo'l urishgani omiliga diqqat qaratadi.

"Agar, toliblarning oldingi bayonotlariga e'tibor bersangiz, ularning mana shu uyushtirayotgan amaliyotlari yangi Amerika ma'muriyatiga qaratilgan. Ya'ni, biz bilan sulhu madora qilish lozim, bizga nisbatan harbiy amaliyotlaringni to'xtatishing kerak va Afg'onistondan butunlay chiqib ketishing lozim, degan mujdani berayapti", - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Ayni o'rinda eslatib o'tish joiz, Tolibon harakati AQSh prezidenti etib rasman qasamyod keltirishidan bor-yo'g'i 5 kun o'tib, shu yilning 25 yanvar kuni Donald Trampga ochiq maktub bilan chiqqan, undan yana bir bor Afg'onistondan o'z qo'shinlarini olib chiqib ketish va o'z tarixidagi eng uzoq bu urushga chek qo'yishini so'ragan.

Harakat o'zining ochiq maktubi yakunida Amerika Qo'shma Shtatlari yangi prezidentini ogohlantirishni ham unutmagan.

"Agar, Amerika kuchlari Afg'onistonni tark etmay, "tinchgina" yashashlariga yo'l qo'ymaydigan bo'lishsa, o'zlariga urushishdan boshqa chora qolmasligi va bu ularning "qonuniy haqlari" bo'lishi"ni bayon qilgandi.

Harakat AQSh prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi kampaniyalarini ham "yaqindan kuzatish barobarida", Donald Trampning o'tgan yil 8 noyabr kungi prezident saylovidagi g'alabasiga ertasi kuniyoq xosan munosabat bildirib chiqqan.

O'zining o'sha paytdagi bayonotida ham Amerikaning yangi saylangan prezidenti Donald Trampni Afg'onistondan o'z qo'shinlarini "bitta qoldirmay olib chiqib ketishga" chaqirgan.

"Amerikaliklar boshqa davlatlarning mustaqilligi va yaxlitligiga daxl qilmaydigan siyosat ishlab chiqishlari lozim"ligini bayon qilgandi.

Ayni o'rinda eslatib o'tish joiz, 2014 yilgi ommaviy safarbarlik ortidan, qo'shni Afg'onistonda qolgan NATO boshchiligidagi ittifoq kuchlarining soni 10 ming harbiydan ortadi.

Ammo bu askarlardan aksariyatini Amerika harbiylari tashkil etishadi.

Ularning Afg'onistonda qolish muhlatlari rasman joriy yilning yakuniga qadar etib belgilangan.

Afg'oniston Tolibon harakati esa, avvalboshdan afg'on tuprog'ida bitta bo'lsa ham xorijiy askar qolarkan, hech bir tomon bilan muzokaralar olib bormasligini aytib keladi.

Rasmiy Moskva va bugungi Tolibon

Image copyright courtesy

Rasmiy Moskvaning afg'on mojarosi echimida yangi diplomatik vositachi bo'lish tashabbusi esa, qudratli G'arbning bu yo'ldagi naq 15 yillik harbiysi doxil qorishiq sa'y-harakatlari ish bermagan bir manzarada kuzatilgan.

"Tolibonning mana bu ishlari esa, umuman olganda, Moskvaning manfaatlariga xizmat qiladigan, lekin Rossiya tomonidan rasman tan olinmaydigan, qo'llab-quvvatlanmaydigan bir amaliyot bo'ladi", - deydi siyosiy tahlilchi suhbatdoshimiz Kamoliddin Rabbimov.

Uning aytishicha, Rossiyaning Tolibon atrofida "bir necha qavatdan iborat bo'lgan" strategiyasi mavjud va Tolibon bir vosita sifatida ko'riladi.

"Albatta, toliblarning amalga oshirayotgan bunga o'xshash "terrorchilik" amaliyotlari Moskva tomonidan rasmiy siyosat darajasida qo'llab-quvvatlanmaydi. Lekin Rossiyaning tafakkuri shunday "transformatsiya" bo'ldiki, ularning uzoq muddatli geostrategik manfaatlariga Tolibon emas, G'arbning, Amerikaning Afg'onistonda doimiyga qolishi tahdid, deb e'lon qilindi. Demakki, toliblar bir instrument sifatida ko'riladi. Va ularning qilayotgan ishi G'arbga qanchalik qiyinchilik tug'dirsa, G'arbning shunchalik Moskvaga ehtiyoji oshib borishi bu - rasmiy Kremlni, albatta, quvontiradi..", - deydi tahlilchi.

"Toliblarning mana bunday "terrorchilik amaliyotlari", o'ylaymanki, Rossiyani bundan keyin cho'chitmaydi. Rossiya faqatgina jim turish orqali yoki diplomatik ohangda, qandaydir salbiy bir munosabat bildirishga borishi mumkin. Ayni paytda, uning asosiy ustivor strategik yo'nalishi G'arbni Moskva bilan muloqotga majburlash, toliblar orqali G'arbni, Amerikani Afg'onistondan siqib chiqarish strategiyasi" bo'lib qolaveradi", - deya xulosa qiladi bu suhbatdoshimiz.

Afg'oniston Tolibon harakati rahbariyati esa, o'tgan yil yakuniga qadar Rossiya va Eron bilan aloqada ekaniga oid xabarlarni rad etib kelgan.

Ammo o'tgan yil oktyabr oyida Londonda arab tilida chop etiluvchi "Al-Sharq al-Awsat" nashrida harakat matbuot voizining bu xususda o'zgacha mazmundagi bayonoti bo'y ko'rsatgan.

"Biz Amerikaning Afg'onistondagi davomiy hozirligidan tashvishda bo'lgan mintaqa davlatlari bilan yagona bir mavqe'ga kelish uchun barcha maqbul va samarali usullardan foydalanamiz...", - deya bayon qilgan o'shanda Zabihulla Mujohid.

O'zbekiston, Afg'oniston, Tolibon

Image copyright courtesy

O'zbekistonning yangi rahbari Shavkat Mirzieyov devor-darmiyon qo'shnilari Afg'oniston masalasiga ilk bor o'tgan yil oxirida, hali muvaqqat prezident ekan e'tibor qaratgan.

Oktyabr oyida Afg'onistonga bevosita chegaradosh janubiy Surxondaryo viloyatiga qilgan safari chog'ida qo'shnilari bilan har tomonlama hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash lozimligini ta'kidlagan.

"Bundan keyin ham mehnatkash afg'on xalqi bilan...tinchlik va osoyishtalikni saqlash uchun qo'laridan kelguncha harakat qilishlari"ni bayon qilgandi.

Ammo muvaqqat prezident va Bosh vazir o'zining Surxondaryoga tashrifi chog'ida O'zbekistonning janubiy sarhadlaridagi chegara postlaridan birini ko'zdan kechirishni ham unutmagan. Bir vaqtning o'zida davlat chegaralarini mustahkamlash chora-tadbirlarini ham muhokama qilgan.

Surxondaryoga safaridan ikki yarim oycha o'tib esa, Shavkat Mirziyoev rasman yangi prezident sifatida O'zbekiston Qurolli Kuchlarini yanada zamonaviylashtirish va qudratini oshirishga qaratilgan "aniq vazifa" va "aniq topshiriqlar" berganiga oid xabarlar olingan.

Ammo, ta'kidash joiz, ayni mazmundagi rasmiy xabarlarda bu "aniq vazifa" va "aniq topshiriqlar" tafsilotlari va berilish sabablari ochiqlanmagandi.

Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov Balxdagi so'nggi qonli hujum manzarasida Markaziy Osiyoda toliblar bilan bog'liq xavotirlar har doim mavjud bo'lganini aytarkan, ammo, boshqa tomondan, Tolibon hech qachon tashqi dunyoga to'laqonli hujum qilish strategiyasiga ega bo'lmaganini alohida ta'kidlaydi.

"Toliblarning asosiy maqsadi bu - Afg'oniston hokimiyati. Toliblar bilan bog'liq asosiy xavf-xatar esa, doimo Markaziy Osiyodagi ma'lum bir kuchlarga Tolibon Afg'onistonining hamkorlik ko'rsatishi, joy berishi, ularni qo'llab-quvvatlashi bo'lib kelgan. Birgina misol - O'zbekiston Islomiy Harakati. Lekin toliblarning to'laqonli tashqi dunyoga, aytaylik, Turkmaniston, O'zbekiston, Tojikistonga bostirib borish strategiyasi hech qachon bo'lmagan va o'ylaymanki, bundan keyin ham bo'lishi ehtimoli judayam kam", - deydi u.

O'zbekistonning hozirda marhum prezidenti Islom Karimov esa, o'zining so'nggi yillarda qilgan chiqishlarida Afg'oniston masalasida o'z aqllari bilan siyosat yuritishlari va o'zlariga manfaat keltiradigan ishlarni qilishlarini alohida ta'kidlagan.

Takror va takror Afg'oniston masalasida betaraf siyosatlariga sodiq qolishlari va u erdagi biror bir muxolif guruhni qo'llash niyatlari yo'qligini urg'ulagan.

Afg'oniston bilan doimo ikki tomonlama munosabatda bo'lishgani va bundan keyin ham xuddi shu tariqa yo'l tutishlarini davomiy ravishda bayon qilib kelgan.

Ammo, ta'kidlash joiz, marhum Karimov so'nggi yillarga kelib, "hatto, qudratli davlatlar bo'lmaydimi, hozir dunyoda hech kim afg'on mojarosining ertangi echimi nima bo'lishini bilmasligi, mavjud vaziyat o'zlarini jiddiy tashvishga solayotgani"ni ham yashirmagandi.

O'zbekistonning yangi rahbari Shavkat Mirziyoev, hali muvaqqat prezident ekan, tashqi siyosatda marhum Islom Karimov "kontseptsiyasiga sodiq qolishlari"ni bayon qilgandi.

Faollashuv ustiga "faollashuv"

Image copyright courtesy

Eng so'nggida ta'kidlash joiz, Tolibon harakatining halokatli so'nggi hujumi mintaqada o'z geosiyosiy manfaatlarini ko'zlab, ham Rossiya va ham AQSh Afg'onistonda o'z ta'sirlarini kuchaytirish harakatiga tushib qolgan bir manzarada kuzatilgan.

Dunyoning bu ikki qudrati o'rtasidagi avval Ukraina, so'ngra Suriya inqirozi sabab darz etgan aloqalar respublikachi yangi AQSh prezidenti Donald Tramp qudratga kelishi ortidan o'nglanishiga oid umidlar esa, o'tgan uch oyning ichida o'zini oqlashning o'rniga chippakka chiqa boshlagan.

Ayniqsa, Amerika Qo'shma Shtatlari tomonidan Idlibdagi kimyoviy hujumga javoban Suriya hukumati va Rossiya uchun katta ahamiyatga ega bo'lgani aytiluvchi "Shayrat" havo bazasining bombalanishi o'zaro aloqalarni "butkul izdan chiqarib yuborgani" har ikki tomon tarafidan oshkora va rasman e'tirof etilgan.

Buning ortidan, Amerika harbiylari Afg'onistonda ilk bor o'zlarining noyadroviy arsenallaridagi eng yirik bombalarini qo'llashgan, sharqiy Nangarxor viloyatiga IShIDga qarshi "bombalarining onasi"ni tashlashgan.

Bunga ham rasmiy Moskvaning munosabati keskin bo'lgan, "bombalar onasi"ning tashlanishi, aksincha, "Afg'onistondagi xavfsizlik bilan bog'liq vaziyatga salbiy ta'sir qilishi"ni bayon qilgandi.

Ta'kidlash joiz, Afg'oniston Tolibon harakatining Balxdagi so'nggi qonli hujumi ana shu voqealardan sanoqli kunlar o'tib amalga oshirilgan.

Bu halokatli hujumning Afg'onistonning, yillarki, nisbatan tinch bu viloyatida amalga oshirilganini alohida urg'ularkan, Toshkentdan siyosiy tahlilchi Anvar Nazirov, "albatta, bu - O'zbekistonning xavfsizligiga zarba".

"O'zbekiston xavfsizligiga tahdid solayapti va O'zbekiston buni tan olishdan tashqari, buning atrofida bo'layotgan geopolitik o'yinlarni, Afg'onistonning o'sha men aytgan maydonga, yangi Sovuq urushidan "Issiq" urushga o'tadigan, katta mamlakatlar o'rtasidagi tortishuv maydoniga, qarama-qarshilik maydoniga aylanishi bilan bog'liq bo'lgan mavzuni, menimcha, O'zbekiston hozir nafaqat anglab, tushunib etishi, bu muammoning borligini tan olishi, buni ko'tarishi kerak", - deydi Toshkentdan siyosiy tahlilchi Anvar Nazirov Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida.

Suhbatdoshimizga ko'ra, "siyosiy nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo hozir Afg'oniston hududida bo'layotgan yangi siyosiy noxush jarayonning oqibatlarini sezayapti..."

AQSh va NATO Kuchlari Bosh qo'mondoni general Nikolson esa, yaqinda qilgan chiqishida Rossiya bilan bir qatorda Eronni ham Tolibon bilan aloqalari uchun keskin tanqidlar tig'iga tutgandi.

Yangi AQSh Mudofaa vaziri Jeyms Mettisning Afg'onistonga kutilmagan ilk tashrifi ham Balxdagi hujumdan uch kun o'tib kuzatilgan.

Kecha - dushanba kuni Kobuldagi matbuot anjumanida Jeyms Mettis bilan birga hozir bo'lgan general Nikolson yana bir bor Rossiya qurol-yarog' etkazib berish doxil, Afg'oniston Tolibon harakatini qo'llab-quvvatlayotganiga oid xabarlarni inkor etmasligini aytgan.

Shu paytga qadar Amerika tomonining ayni mazmundagi bayonotlarini keskin rad etib kelayotgan rasmiy Moskva hozircha AQSh va NATO Kuchlari Bosh qo'mondonining navbatdagi da'vosiga biror bir munosabat bildirmagan.

AQSh Mudofaa vaziri Jeyms Mettisning o'zi esa, o'tgan oy Londonda ekan, bu xususda so'z yuritishdan bosh tortgan.

Ammo Kobulda bergan ilk matbuot anjumanida Tolibon mamlakat siyosiy hayotida ishtirok etmoqchi bo'lsa, zo'ravonliklardan tiyilib, terrorchilikka "yo'q", deyishi shartligini bayon qilgan.

Ayni o'rinda eslatib o'tish joiz, Amerika Qo'shma Shtatlaridan farqli tarzda, Afg'oniston Tolibon harakati Rossiya tomonidan rasman "terrorchi tashkilot", deb tan olingan.

Jeyms Mettis esa, Afg'onistonda ekan, "Rossiyaning xalqaro qonunlarga zid harakatlariga qarshi turishlari"ni alohida ta'kidlagan.

Ammo, shunga qaramay, "strategik jihatdan Rossiya bilan diplomatik hamkorliklarini davom etdirishlari"ni qistirib o'tishni ham unutmagan.

Rossiyalik harbiy tahlilchilarga ko'ra, "o'z tarixlarida kuzatilmagan" o'zaro tang aloqalariga qaramay, rasmiy Kreml ham haliyam Amerika bilan til topishsa bo'ladi, kech emas, degan bir kayfiyatda.

Mintaqa va manfaatlar

Image copyright video

Ayniqsa, so'nggi yillarda o'z geosiyosiy manfaatlarini jadal himoya qilish harakatiga tushib qolgan bu ikki qudratli o'yinchi mamlakat o'rtasidagi o'zaro tang aloqalarning mintaqadagi vaziyatga ta'siri borasida esa, hozircha biror bir Markaziy Osiyo davlati o'z xavotirlarini oshkora izhor etish darajasiga bormagan.

Joriy paytda Afg'onistonning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari bilan chegaradosh shimoli va shimoli-sharqida faol bo'lgan Tolibon isyonchilarining soni minglab ekani aytiladi.

Bunga qo'shimcha, bu mintaqalarda hozir bo'lgan xorijiy jangarilarning soni esa, bir necha yuzga nisbat beriladi.

Ular aksariyatining 2015 yilda o'zining mintaqadagi eng yaqin ittifoqchisi - Afg'oniston Tolibon harakatidan yuz o'girib, Yaqin Sharqdagi IShID guruhiga rasman bay'at keltirgan, so'ngra yana saflaridan toliblarga moyil o'zagi ajralib chiqqani aytiluvchi O'zbekiston Islomiy Harakati a'zolari ekani ishoniladi.

O'zbekiston Islomiy Harakati dastlab O'zbekistondagi mavjud tuzumni ag'darib, o'rniga islomiy xalifat barpo etish niyati bilan dunyoga kelgan.

Ikki yilcha burun markaziy osiyolik katta sondagi xorijiy jangarilar Tolibon saflarida Afg'onistonning Tojikistonga bevosita qo'shni shimoliy-sharqiy Qunduz viloyatida ilk bor keng ko'lamli hujumlarga qo'l urishgan, bundan tashqari, ularning toliblarni yanada yirik va zamonaviy urushlarga tayyorlashayotgani ham ma'lum bo'lgandi.

Afg'onistonlik mas'ullar esa, aksariyati markaziy osiyolik bo'lgan bu xorijiy jangarilarni o'shanda IShID guruhi a'zolariga nisbat berishgandi.

Yaqinda O'zbekiston Islomiy harakati marhum hamasoschisi va rahbari Tohir Yo'ldoshning o'g'li Afg'onistonning Turkmanistonga bevosita chegaradosh shimoliy Jauzjon viloyatining Darzob tumaniga o'tganiga oid xabarlar olingan.

Xabarlarda uning IShID guruhi nomi ostida Jauzjonga bevosita chegaradosh Afg'onistonning boshqa bir shimoliy viloyati - Saripulning Sayyod tumaniga kelib joylashib olgani va afg'on hukumatiga qarshi jang boshlayotgani haqida aytilgan.

Saripullik rasmiylar, o'z ta'birlarida, O'zbekiston Islomiy harakati marhum rahbarining o'g'li Saripul va Jauzjon viloyati o'rtasidagi mintaqalarda katta moliyaviy imkoniyat bilan faoliyat boshlaganidan jiddiy tashvishlarini ham izhor etishgandi.

Agar, bu har ikki viloyat mas'ullarining so'zlariga ishonilsa, Afg'oniston Tolibon harakati saflarida jang qilgan jangarilar hozir IShID guruhi bayrog'i ostida faoliyat yuritishmoqda.

Eng so'nggida eslatib o'tish joiz, o'tgan ikki yil ichida Tolibon harakati bahorgi amaliyotlarining ilk nishoniga aylangan viloyat ham - Afg'onistonning Markaziy Osiyoga bevosita chegaradosh shimoliy-sharqiy Qunduz viloyati bo'ladi.

Tolibon har ikki gal ham Qunduzga qarshi keng ko'lamli amaliyotlar uyushtirishning uddasidan chiqqan, muayyan muddatga bo'lsa-da, viloyat markazini bosib olgan va xalqaro kuchlarning qo'llovi bilan ham ularning hujumlarini daf etish uchun afg'on hukumatiga haftalar kerak bo'lgandi.

Joriy paytda Afg'onistonning to'qqiz shimoliy va shimoliy-sharqiy viloyatining aksariyatida toliblar va ular xorijiy ittifoqchilarining qayta faollashishga muvaffaq bo'lishgani ishoniladi.

Bu mintaqa mas'ullarining mavjud sharoitdan kelib chiqib aytishlaricha, joriy paytda jangarilarga qarshi kurashning yagona tanlov yo'li harbiysi bo'lmog'i lozim, har qanday sulh jarayoni esa, ularning qayta kuchayishlariga xizmat qiladi, xolos.

Shimoliy Balx viloyatidagi hujum sabab, shaxsan Afg'oniston Mudofaa vaziri va Qurolli Kuchlari Shtabi Bosh qo'mondoni rasman iste'foga chiqarilgan.

Ta'kidlash joiz, Afg'oniston so'nggi yillarda sahna bo'lgan qator qonli hujum ortidan ham, mamlakatda bu kabi voqe'lik kuzatilmagan, rasmiy Kobul bunga o'xshash keskin qadamga bormagandi.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг.