‘Metrodagi portlashga ‘Imom Shomil bataloni’ mas'ul’

Метродаги портлаш Image copyright Getty Images

SITE Intelligince Group saytining yozishicha, Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi metroda uyushtirilgan portlashga mas'uliyatni xuddi shu guruh o'z zimmasiga olgan, hujumchi esa, "al-Qoida" tarmog'ining buyrug'i asosida ish tutgan.

Portlash shu yilning 3 aprel kuni "Sennaya ploshad" va "Texnologicheskiy institut" metro bekatlari oralig'ida amalga oshirilgan.

Hodisa oqibatida ja'mi 16 kishi qurbon bo'lgan va 50 ga yaqini yaralangandi.

Xabarlarda yaralanganlar orasida bir nafar o'zbekistonlisi doxil qator Markaziy Osiyo fuqarolari borligi ham aytilgandi.

Shu paytga qadar portlashga mas'uliyatni biror bir guruh rasman o'z zimmasiga olmagan, ammo ushbu voqeaga aloqadorlik gumoni bilan Moskva va Sankt-Peterburgda barchasi Markaziy osiyoliklardan iborat ja'mi 10 kishi hibsga olingan. Ular aksariyatining mehnat muhojirlari ekanliklari anglashilgan.

Hujumchi ekanlikda ham o'sha portlash chog'ida halok bo'lgan asli qirg'izistonlik Rossiya fuqarosi 22 yoshli Akbarjon Jalilov gumon etilmoqda.

Rossiya sudlari dastlabki mahkama jarayonlari ortidan qo'lga olinganlar barchasini shu yilning 2-3 iyun kunlariga qadar hibs ostida qoldirishga qaror qilgan.

18 aprel kuni FSB Moskva viloyatining Odintsov tumanida metrodagi portlash tashkilotchilaridan biri - 1990 yilda tug'ilgan Abror Azimovning hibsga olingani haqida hisobot bergan.

Image copyright Reuters

Hibsdagi shaxs "hudkush hujumchi Akbarjon Jalilovni" tayyorgarlikdan o'tkazganlikda gumon qilinmoqda.

Dastlabki mahkamada Azimov portlashga to'g'ridan-to'g'ri aloqasi yo'qligini aytgan.

Shu kunning o'zida Novaya Moskvada portlash ijrosi deb gumon qilinayotgan shaxsning akasi Akram Azimov ham hibsga olingan.

1988 yilda tug'ilgan Akram Azimovning yaqinlariga ko'ra, u Qirg'izistonda, Rossiyaga topshirish maqsadida qo'lga olingan.

Gumondorning onasi katta o'g'li shifoxonadan o'g'irlab ketilganini aytgan.

"Al-Qoida" tarmog'i bilan aloqadorlikda ko'rilsa-da, "Imom Shomil bataloni" haqida ko'p narsa ma'lum emas, u harbiy doiralarda nomi u qadar chiqmagan guruhlardan biri sanaladi.

Tahlilchilarga ko'ra, guruh o'z nomi bilan 19-asrda Kavkazning Rus imperiyasidan mustaqilligi uchun kurash olib borgan, Checheniston va Dog'istonning uchinchi imomi - Imom Shomilga nisbat berayotgan bo'lishi mumkin.

Ayon bo'lishicha, guruhning Sankt-Peterburg metrosidagi portlashga mas'uliyatni o'z zimmasiga olganiga oid bayonoti dastlab Mavritaniyaning ANI ("Nuakshot") axborot agentligi tomonidan chop etilgan.

Buyuk Britaniyaning nufuzli "Reyter" axborot agentligi yozishicha, G'arbiy va Shimoliy Afrikadagi jihodchi guruhlar bu agentlikdan, odatda, o'z bayonotlarini e'lon qilishda foydalanib kelishgan.

SITE Intelligince Group saytidagi ushbu bayonot tafsilotlariga tayanilsa, Akbarjon Jalilov "al-Qoida" tarmog'i rahbari Ayman az-Zavahiriy yo'l-yo'riqlari asosida ish tutgan.

Metrodagi portlashning o'zi esa, "Suriya, Liviya va Chechenistonni tilga olgan holda, Rossiyaning musulmon davlatlaridagi zo'ravonliklari uchun qasos amali" ekani aytilgan.

Guruh bayonotida, bunga qo'shimcha, "hali yana ko'plab hujumlar rejalagani" xususida so'z yuritgan.

Ammo ularning ayni mazmundagi da'volarini halicha mustaqil manbalardan tasdiqlashning imkoni bo'lmagan.

Image copyright TASS

Rossiya Federal Xavfsizlik Xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov yaqinda "terakt buyurtmachisi shaxsini aniqlashga muvaffaq bo'lishgani"ni bayon qilgan, ammo uning nomini ochiqlamagandi.

"Hozirgacha rasman e'lon qilingan ma'lumotlar Piter metropolitenidagi hodisaning terrorchilar tomonidan tayyorlanganini ko'rsatmoqda", -degandi Rossiya maxsus xizmatlari rahbari.

"Imom Shomil bataloni"ning internet nashrlarida paydo bo'lgan ayni mazmundagi bayonoti borasida hozircha rossiyalik mas'ullar rasman biror bir munosabat bildirishmagan.

Shu soatlarda bu yangilikka "al-Qoida" tarmog'i va rahbarining munosabati ham ma'lum emas.

"Al-Qoida" tarmog'ining o'zi esa, Rossiya tomonidan rasman "terrorchi tashkilot" sifatida tan olingan.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг.