‘O'zbeklar va turkmanlarga haq bering’

Намойишлар Image copyright facebook

Xuddi ana shunday talab bilan Afg'onistonning Turkmaniston bilan bevosita chegaradosh shimoliy Jauzjon viloyati markazida minglab kishilar namoyishga chiqishgan.

Ular milliy birdamlik hukumatini adolatga chaqirishgan, hukumat tarkibidan o'zlariga munosib haq berilishini talab qilishgan.

Shibirg'on shahrida mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 09:00 larda boshlangan bu yirik namoyishning hanuz davom etayotgani aytiladi.

Katta sondagi namoyishchilarning qo'llarida o'z talablari bitilgan plakatlardan tashqari, Afg'oniston davlat bayroqlarini ko'tarib olishgani kuzatiladi.

Ularning ogohlantirishlaricha, o'z talablari qondirilmagan taqdirda, bunga o'xshash namoyishlarni butun Afg'oniston bo'ylab yo'lga qo'yishni rejalashgan.

"Hozir tinch yo'l bilan izhor etayotgan talablari inobatga olinmasa, boshqa tanlovlarga qo'l urishlari mumkinligini ham nazardan soqit etishmagan".

Ammo, hozircha, ularning bu talablariga prezident Muhammad Ashraf G'aniy va milliy birdamlik hukumatining munosabati ma'lum emas.

Kobuldan muxbirimiz Fazl Ahmad Yolg'uzning xabar berishicha, Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti general Abdulrashid Do'stum orada namoyishchilar bilan telefon orqali muloqot qilishga urinib ko'rgan, ammo aloqa uzilib qolgan.

Turkmanistonga bevosita chegaradosh Jauzjon - Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti general Abdulrashid Do'stumning ona viloyati bo'ladi.

Eslatib o'tish joiz, bundan avval general Abdulrashid Do'stumning o'zi ham Afg'oniston prezidenti va ijroiy raisiga qarshi keskin tanqidlar bilan chiqqan.

Ikkovlonni millatchilik, prezident Muhammad Ashraf G'aniyni, bunga qo'shimcha, qudratparastlikda ayblagandi.

Tarixcha o'rnida

General Abdulrashid Do'stum o'tgan yil hisobidan uchinchi yirik harbiy amaliyotlariga boshchilik qilish uchun oktyabr oyi boshida Afg'oniston shimoliga jo'nab ketgan, Turkmanistonga bevosita chegaradosh Faryob va Tojikistonga qo'shni Qunduz viloyatlarini jangarilardan tozalashga ahd qilgandi.

Ammo kutilmaganda harbiy karvoni pistirmaga duch kelarkan, yangi boshlagan amaliyotlaridan qariyb ikki haftacha o'tib, general Abdulrashid Do'stum Faryobdan Jauzjon markazi Shibirg'ondagi uyiga qaytib ketgan.

Toliblarning pistirmasi natijasida Afg'oniston birinchi vitse-prezidentining yaralanganiga oid xabarlar olingan, ammo uning devoni bu kabi da'volarni keskin rad etib chiqqandi.

Buning ortidan, Shibirg'onda ekan, general Abdulrashid Do'stum Afg'oniston prezidenti va ijroiy raisiga qarshi keskin tanqidlar bilan chiqqan.

Xuddi ana shu omilga muvofiq, mamlakat xavfsizlik kuchlari o'rtasida hamohanglik yo'qligini aytib, mavjud holatni ham jiddiy tanqid ostiga olgan.

Tezda Loya Jirga chaqirilishi va qudratni mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq taqsimlanishini talab qilgandi.

O'shandagi javob

Prezident Muhammad Ashraf G'aniy bunga javoban keskin bayonot bilan chiqqan, birinchi vitse-prezidentning bu kabi tanqidlari mas'ul idoralar tomonidan tekshirilishi lozimligini aytgan.

Ammo buning ortidan ham general Abdulrashid Do'stum o'z mavqeida qat'iy qolishini bayon qilgan, talablari markaziy hukumat tomonidan jiddiylik bilan inobatga olinmas ekan, poytaxt Kobulga qaytmasligi bilan ogohlantirgan.

Afg'oniston prezidenti va birinchi vitse-prezidenti o'rtasidagi bu kabi ziddiyat milliy birdamlik hukumati saflarida navbatdagi siyosiy bo'hronga zamina hozirlagan.

Afg'onistondagi xavfsizlik bilan bog'liq vaziyat jiddiy izdan chiqib borayotgan bir manzarada avvaliga mamlakat ijroiy raisi, buning ortidan, birinchi vitse-prezident bilan yuz bergan bu kabi holat xalqaro miqyosda ham yaxshigina xavotirlarga sabab bo'lmay qolmagan.

Mavjud muammoga Afg'oniston siyosiy tajribasida birinchisi bo'lgan milliy birdamlik hukumatining tashkil topishiga vositachilik qilgan Amerika Qo'shma Shtatlari jiddiy aralashishi lozim, degan da'vatlar yangray boshlagan bir manzarada Shibirg'ondan prezident G'aniyning birinchi muoviniga sim qoqqaniga oid xabarlar olingan.

Ilk muloqot

Bu xabarlardan janob G'aniy general Abdulrashid Do'stumning noroziligini joiz va talablarini haqli, deb topgani anglashilgan. Ammo prezident tomonidan ularning ijrosi borasida aniq va'dalar yangramagani ham ayon bo'lgandi.

Afg'oniston birinchi vitse-prezidentining bu telefon muloqotidan mamnun qolgani, ammo o'z mavqei va talablari ijrosida qat'iy qolish niyatida ekani ma'lum bo'lgandi.

Buning ortidanoq, general Abdulrashid Do'stum norasmiy tashrif bilan avvaliga O'zbekiston, buning ortidan, Turkiyaga jo'nab ketgan va uning oradan uch haftacha o'tib, yaqinda Afg'onistonga qaytgani ma'lum bo'lgandi.

Norasmiy tashrif ekani bois, general janoblarining bu ikki mamlakatga safari tafsilotlari rasman oshkor etilmagan, ammo janob Do'stumga yaqin manbalar Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida uning O'zbekiston rahbariyati vakillari bilan muloqotlar olib borishi ehtimolini ham nazardan soqit etishmagandi.

O'z o'rnida, ular Toshkentga norasmiy tashrifning prezident Muhammad Ashraf G'aniy bilan mavjud ziddiyatga hech bir aloqasi yo'qligini ham alohida ta'kidlashgandi.

Ammo Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti devoni rahbarining Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbati tafsilotlaridan Turkiyada ekan, general Abdulrashid Do'stum va prezident Muhammad Ashraf G'aniy o'rtasidagi telefon muloqotlari davom etgani anglashilgandi.

Bundan tashqari, orada Afg'oniston rahbarining bir qancha namoyandasi va maxsus hay'atining Turkiyada bo'lib qaytgani ham oydinlashgandi.

Izhorot

Hali Shibirg'onda ekan, general Abdulrashid Do'stum o'zining tanqidlaridan maqsad - milliy birdamlik hukumati saflariga raxna solish emas, uni isloh etish bo'lgani va hozir ham xuddi shu istakda ekanliklarini aytgan.

O'zining poytaxt Kobulga qaytish-qaytmasligi masalasini prezident G'aniy bilan qandaydir salbiy munosabatlarda ekaniga bog'lash noo'rin ekanini ham ta'kidlagan.

Devoni rahbari esa, "Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti orada kechgan vaqt davomida ham bu tuzumni o'zlari qurishgani, shu bois ham, uni himoya qilishga doimo tayyor va bahamijihat ekanliklari"ni ta'kidlab kelganini aytgan.

Inoyatulloh Farahmand o'shanda Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida "bu talablari - qonuniy" ekani va hanuz "ularning amalga oshishini istashlari"ni bayon qilgandi.

Shunday esa-da, bu masalada, halicha, "biror bir o'zgarish kuzatilmagani"ni ta'kidlagandi.

Xuddi shu manzarada uzoq muddatli kechikishlar va jiddiy mojarolar ortidan, Afg'onistonda va nihoyat yangi tarkibdagi mustaqil saylov va saylov shikoyatlari komissiyasi rasman qasamyodga keltirilgan.

Bu esa, o'z navbatida, tuman, shahar va milliy kengashlarga saylovlar, buning ortidan esa, milliy birdamlik hukumatiga oid bitimda ko'zda tutilgan Loya Jirganing chaqirilishiga zamina hozirlashi mumkin, degan umidlarni ham paydo qilmay qo'ymagan.

Aynan ana shu Loya Jirgada esa, Afg'onistondagi qudrat taqsimotining mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq amalga oshirilishi ko'zda tutilgan.

Qaytish va yangi iddaolar

General Abdulrashid Do'stum ushbu voqealar ortidan, uch oy deganda, ya'ni o'tgan yil oxirida Afg'oniston shimolidan poytaxt Kobulga qaytgan.

Ammo yanvar oyi oxirida siyosiy raqibi va Jauzjon viloyati sobiq hokimi Ahmad Ishchi Afg'oniston birinchi vitse-prezidentiga nisbatan jiddiy da'volar bilan chiqqan.

General Abdulrashid Do'stumning buyrug'i bilan o'zining zo'r bilan olib qochilganligi va nomaqbul munosabatda bo'linganini iddao qilgan.

Afg'oniston birinchi vitse-prezidentining shaxsan o'zi va idorasi bu kabi ayblovlarni keskin rad qilgan va bularning barchasi "ig'vogarlik amali" ekanini bayon qilgan, Ahmad Ishchini ular emas, balki Afg'oniston xavfsizlik kuchlari ushlaganliklarini aytgandi.

Afg'oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G'aniy Ahmad Ishchining da'volarini sinchkovlik bilan o'rganishga va'da bergan, o'tgan oy oxirida mamlakat Bosh prokuratura idorasi general Abdulrashid Do'stum 9 nafar tan qo'riqchisini hibsga olishga buyruq bergan.

Ularni uch bor so'roq berish uchun o'z huzurlariga chaqirgani, ammo bu xususdagi so'rovlari bejavob qolganidan shikoyat qilib chiqqan.

Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti devoni rahbari Inoyatulloh Farahmand o'shanda Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida general Abdulrashid Do'stum to'qqiz tan qo'riqchisidan ikki nafari ustidan tekshiruv jarayonlari bundan ancha avval boshlanganini bildirgandi.

Fevral oyi oxirida Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti idorasi general Abdulrashid Do'stum siyosiy muxolifi va Jauzjon viloyati sobiq hokimi Ahmad Ishchi iddaolari bilan bog'liq tergov jarayoniga ko'ngilli ravishda hamkorlik qilish niyatida ekanliklarini bayon qilgan.

General Abdulrashid Do'stum o'z xavfsizlik xizmati boshlig'i general Sattor doxil etti nafar tan qo'riqchisini mas'ullar qo'liga topshirgani aytilgan.

Afg'oniston Ichki ishlar vazirligi matbuot voizi esa, ular barchasining 22 fevral kuni mamlakat Bosh prokuratura idorasi qarshisida hozir bo'lishganini ma'lum qilgan.

Siddiq Siddiqiy ettovlon ustidan rasman tergov jarayoni boshlanganini ham bildirgandi.

Voqealarning bu kabi rivoji esa, Abdulrashid Do'stumning poytaxt Kobuldagi uyi atrofiga yuzlab xavfsizlik kuchlari va tanklar joylashtirilishi, hovlisiga eltuvchi aksariyat yo'llar to'sib qo'yilishidan sanoqli kunlar o'tib kuzatilgandi.

Ammo general Abdulrashid Do'stum o'z tan qo'riqchilarini mas'ul idoralar ixtiyoriga topshirish qarorining bu kabi harbiy safarbarlikka biror bir aloqasi bor-yo'qligi noma'lum qolgandi.

"Uy hibsi"

Mart oyi oxirida esa, Afg'oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G'aniyning turmush o'rtog'i, mamlakat birinchi xonimi Rula G'aniy general Abdulrashid Do'stumning "uy hibsi"da ekaniga oid iddao bilan chiqqan.

"U hanuz o'z hovlisida, uy hibsiga o'xshash bir holatda. Biror bir rasmiy vazifasi ijrosida ekanini ko'rmaysiz", - deb aytgandi.

Xuddi shu manzarada Afg'oniston prezidenti birinchi muovinining o'zi ham tarafdorlariga murojaat bilan chiqqan.

"Ayrim muammolar borligi, ammo bu bilan ularning boshlarini og'ritib o'tirish niyati yo'qligi"ni aytgandi.

Afg'oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G'aniy va prezidentlik saroyi esa, voqealarning bu kabi rivoji yuzasidan biror bir rasmiy sharh yoki bayonot bilan chiqmagan.

Ammo Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti devoni rahbari Inoyatulloh Farahmand Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida general Abdulrashid Do'stum hali-hanuz Kobulda ekani va o'z qonuniy vazifasi ijrosida davom etayotganini bildirgandi.

General Abdulrashid Do'stum Afg'oniston tarixidagi ilk o'zbek millatiga mansub vitse-prezident bo'ladi.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber да: +44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek ёки BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг