AQSh qo'mondoni nega Toshkentga keldi?

АҚШ генерали Image copyright Wikipedia

Siyosiy tahlilchilarga ko'ra, AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo'mondonligi qo'mondoni Jozef Leonard Votelning ham O'zbekiston va ham Tojikistonga safari G'arbning Afg'onistondagi voqealarning so'nggi rivojidan anchagina sarosimaga tushganini ko'rsatadi.

AQSh yuqori martabali qo'mondoni 25 aprel kuni Toshkentga kelgan, rasmiy xabarlarga ko'ra, Jozef Leonard Votel O'zbekiston Tashqi ishlari vaziri barobarida mamlakat Mudofaa vaziri Qobil Berdiev bilan ham muloqotlar olib borgan.

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligining rasman bildirishicha, Toshkentdagi ana shu muzokaralar chog'ida "Afg'onistondagi vaziyatga alohida e'tibor qaratilgan".

AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo'mondonligi qo'mondonining Toshkentga safari Tolibon harakati Afg'onistonning O'zbekistonga bevosita chegaradosh shimoliy Balx viloyatida joriy yil hisobidan uyushtirishga muvaffaq bo'lgan eng qonli hujumidan bor-yo'g'i to'rt kun o'tib kuzatilgan.

Afg'oniston Tolibon harakatining hali bu yilgi bahorgi amaliyotlarini rasman e'lon qilmay turib amalga oshirishning uddasidan chiqqan 21 aprel kungi halokatli hujumida kamida 120 nafar afg'on harbiysining qurbon bo'lgani, yana o'nlabining yaralangani ishoniladi.

Tolibon bor-yo'g'i sanoqli sondagi jangarisi bilan Afg'oniston Qurolli kuchlarining mamlakat shimolidagi eng yirik harbiy bazasining qoq markaziga sizib kirishga muvaffaq bo'lgan va shuncha katta sondagi talofatga sabab bo'lgan.

Xalqaro harbiy tahlilchilar esa, mazkur voqe'lik Afg'onistonning O'zbekiston va Turkmanistonga bevosita chegaradosh shimoliy mintaqalarida toliblarning avval xayol qilinganidan ko'ra katta qudratga ega ekani, "chuqur kirib borib", "erkin nafas olish"ga qodir ekaniga dalolat qilishini aytishgandi.

Yana bir tashrif

Toliblarning Balxdagi ana shu qonli va halokatli hujumidan bor-yo'g'i uch kun o'tib, AQSh yangi Mudofaa vaziri Jeyms Mettis ham o'zining ilk safari bilan kutilmaganda poytaxt Kobulga tashrif buyurgan.

Jeyms Mettis bilan birga Kobulda rasmiy matbuot anjumani bergan Afg'onistondagi AQSh va NATO Kuchlari Bosh qo'mondoni general Jon Nikolson esa, Balxdagi hujum Tolibon shafqatsizligi va yovuzligi yangi bosqichga chiqqani dalolati ekanini aytgandi.

AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo'mondonligi qo'mondoni Jozef Leonard Votelning Markaziy Osiyoga safari esa, Jeyms Mettisning Kobulga tashrifidan kun o'tib kuzatilgan.

Toliblarning o'zlari bilan bevosita chegaradosh Balx viloyatidagi hujumiga hozircha rasmiy Toshkentning munosabati imkonli emas.

"Sarosimaning ikkita asosiy qirrasi mavjud: Birinchisi, Afg'oniston ichkarisidagi toliblarning faollashuvi va ularning Balxdagisidek nihoyatda keng ko'lamli zarba berish qobiliyatining shakllanishi hamda oshib borishi. Ikkinchisi, bu - Afg'oniston atrofidagi geosiyosiy raqobatning anchayin bir o'tkir shaklga ko'chib o'tayotganligi", - deydi Jozef Leonard Votelning Afg'onistonga bevosita chegaradosh ikki Markaziy Osiyo davlatiga tashrifiga baho berarkan Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

Balxdagi so'nggi qonli hujum AQShning ziddiga Rossiya Afg'oniston masalasida faollashish harakatida bo'lgan, afg'on mojarosiga tinch yo'l bilan echim topish uchun yangi sulh muzokaralariga boshchilik qilayotgan, boshqa tomondan, Amerika tomoni nazdida, Tolibon harakatini dastaklab, ularga qurol-yarog' etkazib berayotganiga oid xabarlar ortgandan ortib borayotgan bir manzarada kuzatilgan.

Xuddi shu mavzu yangi AQSh Mudofaa vazirining Kobulga safari chog'ida ham alohida e'tibor topgan, Afg'onistondagi AQSh va NATO Kuchlari Bosh qo'mondoni general Jon Nikolson qo'shma matbuot anjumani chog'ida Moskva toliblarni qurol-yarog' bilan ta'minlayotganiga oid xabarlarni "hech qanaqasiga rad etmasligi"ni yana bir bor oshkora bayon qilgandi.

Rasmiy Moskva AQSh generalining bu galgi bayonotiga ham o'z munosabatlarini uzoq kuttirib o'tirmagan, kecha - seshanba kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov keskin chiqish qilgan.

Jon Nikolsonning "bu kabi bayonoti noo'rin va asossiz" ekanini bayon qilgan.

AQSh yangi Mudofaa vaziri esa, shu paytgacha bu kabi xabarlarni rasman va oshkora sharhlashga bormagan.

Geosiyosiy o'yinlar

"2001 yildan boshlab, birinchi o'n yillikda Afg'oniston bilan bog'liq to'laqonli mas'uliyat asosan G'arb va jumladan, Pokistonning zimmasiga tushgan bo'lsa, mana, keyingi paytda Rossiya, Eron va Xitoyning Afg'oniston ishlariga aralashuvi, ularning o'z pozitsiya va strategiyasiga ega bo'lishi - Afg'oniston atrofidagi G'arb tasavvuridagi tinchlik strategiyasini anchagina o'zgartirayapti deyishimiz mumkin", - deydi tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

Suhbatdoshimizga ko'ra, Amerika Qo'shma Shtatlari mulozimlarining Markaziy Osiyoga, jumladan, O'zbekistonga tashrifining asosiy maqsadi - Afg'oniston borasidagi harbiy, siyosiy, geosiyosiy muloqot va yakdillikka erishishdir.

Rasmiy Toshkent esa, shu paytgacha Afg'oniston masalasida o'z aqllari bilan siyosat yuritishlari va o'zlariga manfaat keltiruvchi ishlarni qilishlari, betaraf siyosatlariga sodiq qolishlari va doimo ikki tomonlama munosabatda bo'lishlarini ta'kidlab kelgan.

Rossiyaning Afg'onistonda "faollashish", Tolibon bilan "yaqinlashish", ularga "qurol-yarog' etkazib berish" harakatida ekaniga oid xabarlar va afg'on tuprog'idagi harbiylari sonini keskin oshirishga oid yuqori martabali AQSh harbiylarining so'nggi paytlarda ustma-ust yangrayotgan da'vatlariga O'zbekiston doxil biror bir Markaziy Osiyo davlati rasman o'z munosabatini bildirganicha yo'q.

Orada Afg'oniston Tashqi ishlar vazirining Rossiyaga, O'zbekiston Tashqi ishlar vazirining Kobulga rasmiy safarlari kuzatilgan.

Moskva va Kobuldagi har ikki uchrashuv ortidan ham, tomonlar har tomonlama hamkorlikni kuchaytirish istagini izhor etishgan.

Afg'onistonga bevosita chegaradosh bo'lgan O'zbekiston rahbariyati esa, shu paytgacha afg'on mojarosiga tinch yo'l bilan echim topilishiga tarafdorlik qilib kelgan.

Hali muvaqqat prezident ekan, Shavkat Mirziyoev mamlakatining bundan buyog'iga ham ko'pqutbli tashqi siyosat olib borishiga ishora qilgan.

Marhum Islom Karimov boshqaruvi davrida esa, rasmiy Toshkentning tashqi siyosati aksariyat xalqaro tahlilchilar tomonidan "beqaror" ekanlikda baho topib kelgan.

Frantsiyadan siyosiy tahlilchi suhbatdoshimiz Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, Afg'oniston atrofida G'arb bilan Rossiya o'rtasidagi ziddiyat O'zbekiston geosiyosatiga ta'sir qilmay qolmaydi.

AQSh va Rossiya o'rtasida...

"Chunki Shavkat Mirziyoevning Moskvaga tashrifidan ko'rindiki, Afg'oniston bo'yicha Rossiya poytaxtidagi yig'inda juda ham faol ishtirok etishga va'da berdi. Ya'ni, Moskva tashabbuslarini to'laqonli qo'llab-quvvavtladi deyishimiz mumkin. Agar, endi, O'zbekiston G'arbning, Amerikaning tashabbuslarini parallel ravishda qo'llaydigan bo'lsa, demakki, ma'lum bir ziddiyatlar paydo bo'ladi", - deydi bu suhbatdoshimiz.

"Bu O'zbekistonning birinchi savdo-iqtisodiy hamkori bo'lgan Rossiya bilan sovuqliklarning qaytadan, xuddi, (marhum - tahr.) Karimov davridagidek shakllanishiga yoki kuchayishiga sababchi bo'lishi mumkin".

Lekin, suhbatdoshimizga ko'ra, O'zbekistonning birinchi, ustivor, pirovard maqsadi bu - Afg'onistonda tinchlik va barqarorlik.

"Shu bois ham, o'ylaymanki, bu borada O'zbekiston hamma bilan hamkorlik qilishga tayyor", - derkan, Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov masalaning "lekin"i borligini ham alohida ta'kidlaydi.

"Rossiyaning tasavvuridagi Afg'onistondagi tinchlik Amerikasiz bo'lgan, G'arbning ishtiroki bo'lmagan tinchlik. Lekin Amerikaning, G'arbning Afg'onistondan chiqib ketishi, aslida, tinchlikni emas, qaytadan kuchli ijtimoiy, siyosiy bo'hronlarni taqozo qiladi. Amerika tasavvuridagi tinchlik esa, toliblarning joriy konstitutsiya va tizimni tan olishlarini nazarda tutgan tinchlik bo'ladi. Bunga toliblar hech qachon bormaydi", - deydi u.

Tahlilchiga ko'ra, mana shunday ziddiyat O'zbekiston tashqi siyosati, geosiyosati, Moskva va Amerika bilan munosabatlarida ma'lum bir tarafni tanlashni taqozo etadi.

G'arb?..

Suhbatdoshimizning aytishicha, uning nazdida, baribir, O'zbekiston strategiyasida G'arb, Amerika Qo'shma Shtatlari amalga oshirayotgan siyosat tomonga moyillik bo'lishi ehtimoli yuqori bo'ladi.

"Sababi, O'zbekiston, baribir, toliblarga nisbatan ishonchsizlik bilan qaraydi. Rossiyaga o'xshab, toliblarni instrument sifatida foydalanishni unchalik qabul qila olmaydi. O'zbekistonning toliblarga nisbatan bo'lgan ana shu yashirincha yoki oshkora ishonchsizligi uni ko'proq Amerika Qo'shma Shtatlari olib borayotgan xavfsizlik strategiyasi yoki siyosatini yoqlashga yoki majbur qiladi, yoki o'sha tomonga og'diradi, deyishimiz mumkin", - deydi tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

Unga ko'ra, Rossiya buni, albatta, sovuqlik bilan qabul qilsa-da, ayni paytda bu rasmiy Toshkent va Moskva o'rtasidagi aloqalarning izdan chiqishiga olib kelmaydi.

"O'zbekiston shunday bir davlatki, mintaqa mamlakati ekani, Afg'oniston bilan to'g'ridan-to'g'ri chegaraga ega bo'lgani uchun uning motivlari Moskvaga tushunarli bo'lib qolaveradi...Rossiya O'zbekistonning xavfsizlik bilan, barqarorlik bilan bog'liq instinktlarini, xavotirlarini, o'ylaymanki, tushunadi, tushuna oladi".

Jozef Leonard Votel o'tgan yil boshida AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo'mondonligi qo'mondoni etib tayinlangan.

U AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo'mondonligi yangi qo'mondoni sifatida xuddi o'sha yil iyun oyida ilk bor Markaziy Osiyoga tashrif buyurgan, dastlab Dushanbeda bo'lgandi.

Jozef Leonard Votel mintaqaga safarini bu gal ham Tojikistondan boshlagan, Dushanbega o'zining ikkinchi safari chog'ida ham prezident Imomali Rahmon bilan uchrashgan.

Rasmiy Dushanbe bilan harbiy, harbiy-texnik hamkorlik istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash masalalarini muhokama qilgan.

Bundan tashqari, Rossiyaning Markaziy Osiyodagi eng yirik harbiy bazasi joylashgan Tojikistonning Afg'oniston bilan o'zaro chegarasi xavfsizligini yanada mustahkamlashga qaratilgan hamkorliklarini kengaytirishga oid samarali takliflar ham ko'rib chiqilgan.

Ammo rasmiy xabarlarda bu "samarali takliflar"ning aynan nimalardan iborat ekani tafsilotlari keltirilmagan.

Xuddi shu tashrif manzarasida AQSh hukumati kelasi yil Davlat departamenti yo'nalishi bo'yicha O'zbekistonga beriladigan moliyaviy yordam miqdorini 4,4 foiz, ya'ni 9,3 mln. dollargacha oshirishiga oid xabarlar ham olingan.

Shunisi e'tiborliki, 2018 yilgi byudjet loyihasida qator MDH davlatlari qatori Qozog'istonga ham Davlat departamenti yo'nalishi bo'yicha mablag' ajratish butunlay bekor qilingan.

"Foreign Policy"ning yozishicha, AQSh Davlat departamenti, shuningdek, Qirg'iziston va Tojikistonga moliyaviy yordam hajmini mos ravishda 60 va 47,6 foizga qisqartirishni ko'zlamoqda.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber да: +44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek ёки BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг