Sankt-Peterburg metro portlashi: Aka-uka Azimovlar kim?

Вазира Мирзааҳмедова
Image caption Vazira Mirzaahmedova

Mahalliy bozorda savdo bilan shug'ullanuvchi Bilol, akasi Akrom mart oyining oxirida Qirg'izistonga burnidagi gaymoritini davolatish uchun kelganini, yaqin orada Abror ham kelishi kutilayotgan bo'lganini aytadi.

Va ularning bu ishga qo'l urmaganiga ishonadi.

"Televizordan akam Abrorni qo'lga olganda yonidan pistolet topilganini ko'rsatayapti. Biz aka-ukalar bir-birimizni yaxshi bilamiz. Videoda ham ko'rinib turibdi, Abror ozg'in bola. U hech qachon shimini kamarsiz kiymagan, ya'ni, kiygan kishimi o'ziga loyiq turmagan. Tasvirda esa kamarsiz yotibdi va go'yoki, orqa tarafiga pistolet ham qistirib olgan. Agar Abror shimini kamarsiz kiygan bo'lsa, u holda uning ortida pistolet tushib ketmay, qanday turibdi. Agar videoga diqqat bilan nazar solinsa, bu atayin uyushtirilgani ayon bo'ladi. Sababi videodagi kadrlar uzilib, montaj qilingan. Avvaliga Abrorni orqa tarafidan kelib, uni ushladi, keyin esa video qirqilayapti. Abror bu ishni qilishi mumkin emas. Axir biz yoshlikdan birga ulg'ayganmiz ", - deydi Bilol Azimov.

Uning so'zlariga ko'ra, akalari Rossiyada faqat pul topish maqsadida ishlaganlar. Joriy yilning boshlarida Azimovlar yagona singlisini turmushga uzatganlar. Akalari to'yga kelib, qayta Rossiyaga ketgan.

"Bizning oila boy ham emas. Akalarim Jalalobodga qaytib kelib, uy qurish niyatida edilar. Abror o'zining bemor qizini davolatish uchun pul jo'natib, to'playotgandi", - deya qo'shimcha qiladi Azimovlarning kichigi Abror.

Sankt-Peterburg metrosidagi portlashni amalga oshirganligi aytilayotgan O'shlik Akbarjon Jalilov bilan aka-uka Azimovlar qanday tanish bo'lgan, degan savolga Bilol: "Akalarimni u bola bilan hech qanday tanishligi bo'lmagan", deya javob qaytardi.

Azimovlar oilasi hozirda Abror va Akrom uchun boshqa himoyachi yollash harakatidalar.

"Abrorning advokati aytayaptiki, go'yoki u aybini qisman bo'yniga olgan. Himoya qilish o'rniga qaytanga uni qoralayapti. Biron marta bo'lsa ham biz bilan Abrorni qandayligini so'rab bog'lanmadi. Bu erda, advokat emas, ikkita prokuror bo'layapti", deydi Abror Azimov.

Uning so'zlariga ko'ra, oila o'z havfsizliklari uchun xavotirda va yuridik yordam so'rab, maxalliy "Spravedlivost" inson haqlarini himoya qilish nodavlat tashkilotiga murojaat qilganlar. Tashkilot vakillari bilan doimiy aloqadalar.

Akrom va Abror Azimovlar 2013 yili Rossiya fuqaroligini olgan. Ularning onasi Vazira Mirzaxmedova turmush o'rtog'i bilan bolalari yoshligi paytida ajrashib ketgan. Yolg'iz ona 4 o'g'il va bir qizni bozorda savdo qilib, qiyinchilik bilan voyaga etkazgan. 2010 yilda Akrom va Abror o'g'illarini olib yaxshi pul topish ilinjida Ukrainaga ketgan va 2013 yilda Moskvaga kelganlar.

"Sahnalashtirilgan voqea"

Sankt-Peterburg metrosidagi portlashni uyushtirganlikda ayblanayotgan aka-uka Azimovlarning onasi, Vazira Mirzaahmedova to'ng'ich o'g'li Abrorni Qirg'iz maxsus xizmatlari O'shdagi hususiy kasalxonadan o'g'irlab ketib, Moskvaga noqonuniy jo'natib yuborganini aytadi.

"O'g'lim Akrom 12 aprelda O'shdagi "Xosiyat" hususiy kasalxonasiga burnidagi gaymarit kasalini davolatish uchun yotgan. 14 aprelda esa amaliyot qilingan. Ertasi kuni O'shdagi Havfsizlik idorasi xodimlari kelib, o'g'limni qo'liga kishan solib, klinika xodimlariga ham quloq solmay olib ketishibdi. Men bu habarni eshitib O'shga keldim. Kasalxonadan so'rasam, havfsizlik idorasiga olib ketilganini aytishdi. U erga borsam, menga hech kim javob bermadi. 5 soat idora darvozasi yonida yig'lab turdim. Bir idora xodimi meni ko'rib, ona ekansan, ezilib ketding, bu erda seni kirgizmaydi. Advokat bilan kelsang, keyin javob berishadi, dedi. Qo'shni binoda advokatlar xizmati degan e'lon taxtachasi bor ekan. O'sha erdan advokat yolladim va u xavfsizlik idorasiga rasmiy so'rovnoma yozdi. Javobni ertasi kuni olamiz, dedi. O'shda meni hech kimim yo'q, advokatning bir tanishinikida tunab qoldik. Tunda kichik o'g'lim qo'ng'iroq qilib, Abror o'g'limni Rossiyada ushlanganini televizorda ko'rsatganini aytdi. Bu xabarni eshitib, men yana vahimada Jalolobodga yo'l oldim", deya eslaydi Vazira opa biz bilan suhbatda.

Image caption Bilol Azimov

Mushtipar ona, o'g'illarini qo'lga olingan sanalariga e'tibor qaratadi, ya'ni 17 aprelda Moskva viloyatidagi Odintsovsk tumanida Rossiya Federal Havfsizlik Idorasi tomonidan o'g'li Abror Azimovni qo'lga olinguniga qadar, 15 aprelda katta o'g'li Akromni Qirg'iz havfsizlik idoralari O'shdagi hususiy kasalxonadan o'g'irlab ketishgan va Rossiyaga jo'natib yuborgan.

"Akromning oldida pasporti ham, bilet sotib olish uchun puli ham bo'lmagan. Bu aniq uyushtirilgan narsa. Qanday qilib o'g'lim Rossiyada bo'lib qolishi mumkin", deydi Vazira Mirzaahmedova.

Uning so'zlariga ko'ra, bu voqealar yuz bermasdan avval uyiga o'zini elektr idorasi xodimi deya tanishtirgan bir yigit kelgan va o'g'illari haqida so'rab surishtirgan. O'g'li Akrom qo'lga olingandan keyin aynan shu bola uyidan pasportini olib ketgan.

Rossiyaning Federal xavfsizlik idorasi 19 aprelda Moskva yaqinidagi qishloqlarning birida Abror Azimovni bekatda o'tirgan holida qo'lga oladi. Uni tintuv natijasida, yonidan RGD-5 rusumli granata topiladi.

Tergov qo'mitasining ma'lumotiga ko'ra, Abror Azimov, Sankt-Peterburg metrosidagi portlashni amalga oshirgan Akbarjon Jalilov bilan hujum oldidan gaplashgan. Akrom Azimov esa, halqaro terror tashkilotlari a'zolariga Rossiya hududiga kelib ketishlari uchun qalbaki hujjatlar tayyorlash bilan shugullanganligi, hamda Turkiya hududida terror tashkiloti a'zosidan shaxsan pul olganligi aytiladi.

Basmannыy sudi aka-uka Azimovlarni, tergov yakunlanguniga qadar, iyun oyi boshigacha qamoqda qoldirish qarorini chiqargan.

"Abror akam Turkiyaga borib kelgan deyishayapti. U Koreyaga ishlash maqsadida borganda, davlatga kirgizmagan. Shunda u qaytishda Moskvaga Turkiya orqali kelgan. Faqat aeroportdan tashqariga chiqmagan", deydi Bilol Azimov.

"To'yg'azdinglar..."

Image copyright AP
Image caption Akrom Azimov

Akrom Azizovni haqiqatan ham O'sh shahridagi "Xosiyat" xususiy kasalxonasida davonlanganmi yoki yo'qligini u erdagi shiforkorlar ochiqlashmadi.

Ularga ko'ra, jurnalistlar savollari bilan "to'yg'azganlar".

Ismi-sharifini yozmasligimizni iltimos qilgan klinika shifokori Akrom Azimovni haqiqatan ham 12 apreldan 15 aprelgacha mazkur kasalxonada davolanganini tasdiqladi. Uning burnidagi gaymoriti amaliyot qilingan va bularning barchasi bemorning shaxsiy qog'ozida qayd etilgan.

"Bu xususiy klinika. Biz vrachlar esa, ishchilarmiz. Kim bizga kelsa, biz davolaymiz. Ularning peshonasiga "terrorist" deb yozib qo'ymagan-ku!? Azimovning advokatiga yozma ravishda, uning bu erda davolangani haqida ma'lumot berganmiz. Siz jurnalistlar esa, go'yoki biz vrachlar intervyu bergan, deb turli xil ma'lumotlarni yozayapsizlar. Biz hech kimga intervyu bergan emasmiz. Sizlar savollaringizlar bilan to'yg'azdinglar. Bu xususiy shifoxona", deydi shifokorlardan biri.

Qirg'iziston Milliy Havfsizlik Davlat Qo'mitasi Akrom Azimovning O'shdagi "Xosiyat" hususiy klinikasidan ushlab ketilib, Rossiyaga yuborilgani bo'yicha izoh bermayapti.

Qo'shnilar Azimovlar haqida

Image caption Хонадон

Aka-uka Azimovlarning ona tarafidan bobosi Jaloloboddagi yirik masjidlardan birida imom bo'lgan. Onasi Vazira opa esa madrasada ta'lim olgan. Ularni yaqindan tanigan qo'shnilari, bu oilani an'naviy islomda ekanliklarini aytadi. Ulardan biri:

"Men madrasada Vazira opa bilan o'qigan paytda ularning uyida yashaganman. Vazira opa kichik bolalari bilan eridan ajrashib ketgan va ularni qiyinchilik bilan katta qilgan", deya eslaydi Azimovlar oilasini yaqindan tanigan Dilbar.

Qo'lga olingan aka-uka Azimovlarning otasi ham o'g'illarining aybsiz ekanligi haqida Rossiya ommaviy-axborot vositalariga aytib kelmoqda.

3 aprel kuni Sankt-Peterburg metrosida yuz bergan portlash oqibatida 16 nafar inson vafot etgan, 50 ortig'i jarohatlangan. Rossiyaning Tergov qo'mitasi mazkur voqeaga aloqadorlikda gumonlanib 10 nafar Markaziy Osiyolik muxojirlar qo'lga olinganini xabar qilgan.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring