Shved jurnalisti: "Rahmat Oqilovning qilmishidan yaqinlari hayratda..."

Стаффан Линдберг, ўнгда Image copyright Staffan Lindberg
Image caption Стаффан Линдберг, ўнгда

Staffan Lindberg Shvetsiyada chiqadigan Aftonbladet nashri jurnalisti. U fotograf hamkasbi bilan o'tgan hafta O'zbekistonga safar qilgan. Samarqandda Rahmat Oqilovning qarindoshlari bilan uchrashgan.

7 aprel kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolmning asosiy piyodalar yuradigan ko'chasi - Drottninggatanda piyodalar ustiga yuk mashinasi haydalishi oqibatida to'rt inson halok bo'lgan, 15 kishi jarohatlangandi. Yuk mashinasini piyodalar ustiga haydagan shaxsning 39 yoshli o'zbekistonlik Rahmat Oqilov ekani aytildi.

Shvetsiyani larzaga solgan bu hodisa ortidan O'zbekistonda bo'lib qaytgan Staffan Lindberk o'z safari haqida Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan suhbatlashgan.

Staffan Lindberg: Biz O'zbekistonga jurnalist sifatida safar qilish juda mushkul ekanligini bilar edik, shuning uchun tavakkal qildik va sayyohlik vizasi bilan yo'lga tushdik. Safarimizdan maqsad Stokgolmda oddiy odamlar ustiga yuk mashinasini haydagan Rahmat Oqilov haqida ko'proq ma'lumot olish edi. Ya'ni, nima uchun bu odam shunday amalga qo'l urdi, degan savolga oydinlik kiritmoqchi edik. Biz bu savollarga jurnalist o'laroq imkon qadar tezroq javob topishni istaganmiz. Jurnalist vizasi va akkreditatsiya olish O'zbekistonda oson bir ish emasligini aytishdi bizga...Vaqt o'tayotgan edi. Boshqa tomondan biz hukumat bilan ro'yxatga o'tib, keyin o'zimizning ortimizdan poylab yurishlarini istamadik.

BBC: O'zbekistonda kim bilan suhbatlashmoqchi edingiz?

Staffan Lindberg: Bilasizmi, Shvetsiyada shu kunlar hamma Rahmat Oqilov haqida gapirmoqda. U juda mashhur. Biz O'zbekistonga borib, u tug'ilib-o'sgan mahallani ko'rsak, odamlar bilan suhbatlashsak deb reja qildik. Ya'ni, Rahmat Oqilovni tanigan imkon qadar ko'proq odamlar bilan gaplashishni istagandik. Bu maqsadimizga bir ma'noda erishdik. Uning akasi bilan suhbatlashdik. Olim Oqilov bizga o'z ukasi haqida ancha batafsil gapirib berdi. Biz kim bilan gaplashmaylik, ularning hammasi Rahmat Oqilovning qilgan ishidan ajablanishar, ishonishmas edi. Olimning ham o'z ukasi Stokgolmda qilgan amalidan xabari yo'q ekan.

BBC: O'zbekiston huquq-tartibot xodimlari qiziqishmagan ekanmi? Chunki O'zbekiston bu fojeadan ko'p o'tmay Rahmat Oqilovning qidiruvda ekanini aytgan edi...

Staffan Lindberg: Yo'q, hech kim ular bilan suhbatlashmagan, balki keyinroq gaplashishgandir. Chunki ayrim xabarlarda Olim Oqilov ma'lum bir muddat xavfsizlik xizmatlari tomonidan so'roq qilingani aytildi...Menga qorong'u bu...

BBC: Akasi, yaqinlari Rahmat Oqilov haqida nimalar deyishdi sizga?

Image copyright Police
Image caption Rahmat Oqilov

Staffan Lindberg: Olimning aytishicha, Rahmat juda iste'dodli bo'lgan, matematikadan ayniqsa yaxshi o'qigan. Islomiy emas, balki Sovet oilasida katta bo'lgan. Biroz an'analarni aytmasa, ularning oilasi diniy aqidalar bilan yashamagan. Faqat otasi Rahmatni Qur'on o'qishga rag'batlantirgan ekan, bu ham shu ba'zi marosimlarda, o'tganlarning ruhiga duo qilish uchun, xolos. Rahmat akasining so'zlariga ko'ra, juda ishtiyoqmand, mehnatkash bir yigit bo'lib ulg'aygan. 2009 yilda u Rossiyaga ish qidirib ketadi, katta akasi bilan tsement zavodida ishlay boshlaydi. Ammo Rossiyani yoqtirmaydi. Kavkazliklar unga Shvetsiyaga borishni maslahat berishadi, O'zbekistonga qaytib, qonuniy bir shaklda hujjatlarini taxlaydi va Shvetsiyaga keladi. Qizig'i, u Shvetsiyaga kelib siyosiy boshpana so'ragan

BBC: Uning akasi nima deydi, rostdan ham Rahmat Oqilov siyosiy bosimlar ostiga bo'lgan ekanmi?

Staffan Lindberg: Yo'q, akasining aytishicha, bu mutlaqo yolg'on. Rahmat tabiatan juda tartibli, qonunni hurmat qiladigan odam bo'lgan ekan. Yashil chiroq yonmasa ko'chani kesib o'tmas ekan akasining aytishicha...Uning hech qanaqa siyosiy muammosi bo'lmagan. Shvetsiyada ekan doim telefon qilib turgan, bu mamlakatni chin dildan yaxshi ko'rishi haqida gapirgan. Ammo Rahmat Oqilovni bu dahshatli amalga undagan asl sabablar nima ekani baribir qorong'u qolmoqda. Bilganimiz shuki, Rahmat so'nggi oylarga qadar Shvetsiyada normal hayot kechirgan, o'zining oilasini bu erga olib kelishni yoki kattagina pul bilan O'zbekistonga qaytib borishni rejalagan...Ya'ni, uni aqidaparast va yo ekstremist bo'lganligiga ishora yo'q. Faqat uning akasi biz bilan suhbat oxirida qiziq bir holatni aytdi. Rahmat Oqilovni jiddiy xafa qilishga qodir birgina omil bor, bu ham uning xotini bilan bog'liq. Aftidan Rahmat o'z turmush o'rtog'ining Turkiyaga ketishini istamagan, uyda, bolalari bag'rida bo'lishni hohlagan. Ayni holatdan Rahmat juda qattiq xafa bo'lgan. Menimcha, baribir tergovni kutish kerak, balki ular biror bir aniqroq xulosa berishar...

BBC:Staffan, xalqaro kuzatuvchilar, jurnalistlarga ko'ra, O'zbekistondagi adolatsizlik, erksizlik va qattiqqo'l tuzum aslida ekstremistik kayfiyatlarning urchishiga sabab bo'ladi, deb aytishadi. O'zbekistonga doir aksariyat tadqiqotlarda ana shunday qolip qarash shakllangan. Siz nima deb o'ylaysiz? O'z safaringiz davomida O'zbekiston haqida taasurotlaringiz qanaqa bo'ldi?

Staffan Lindberg: O'zbekiston - totalitar mamlakat, buni sezish mumkin, ammo diniy aqidalar ildiz otgan emas u erda... Dunyoviy bir davlat. Bu savolga bir tomonlama javob berish qiyin. Masalan, hammayoqda alkogol ichimliklar savdosini ko'rdim. Ayollar hijobda emas. Ammo ikkinchi tomondan masjidlarga emin-erkin borib kelish oson emas edi... Aytganimday, bu mushkul bir savol va bir tomonlama, masalan, Rahmat Oqilovning Stokgolmdagi amaliga O'zbekistondagi tuzum aybdor deb ta'kidlash mushkul....

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring