Nazarboev: Qozog'istonda rus tili yo'qolib ketmaydi

Prezident Nazarboyev Image copyright Reuters

Prezident Nursulton Nazarboev Lotin alifbosiga o'tish bilan Qozog'iston o'zini Rossiya ta'siridan qutqazishga intilayotgani haqidagi fikrlar asossiz degan mazmunda bayonot bergan.

Prezident Nazarboevning aytishicha, Qozog'istonda rus tili va rus madaniyatini unutishmaydi va qozog'istonliklar Kirill alifbosidan foydalanishda davom etaveradilar.

"Men har xil xavotirlarni eshitayapman. Lekin biz Kirillchadan voz kechmaymiz, biz rus madaniyati va rus tilini yoddan chiqarmaymiz. Rus tili orqali biz jahon madaniyatini o'rganganmiz, u doim biz bilan. Bizning qo'shnimiz doim yonimizda va biz har doim hamkorlik qilamiz", deb aytgan Qozog'iston prezidenti.

Shu yil 12 aprelida Prezident Nazarboev Qozoq alifbosini Kirilldan Lotinga o'tkazish bo'yicha o'z hukumatiga topshiriq bergan edi.

Nazarboev: Lotin alifbosiga tayyorgarlik boshlansin!

Bu haqda janob Nazarboev o'zining "Egemen Kazaxstan" ro'znomasida chop etilgan maqolasida ma'lum qilgan.

Prezident Nursulton Nazarboev Qozog'iston Lotin alifbosiga 2025 yili to'la o'tishi lozimligini ta'kidlagan.

O'zining maqolasida Prezident Nazarboevning izohlashicha, yangi Lotin alifbosi tashqi dunyo bilan muloqotni engillashtiradi, bolalarning ingliz tilini tezroq o'rganishlariga yordam beradi.

Qozog'istonda Lotin alifbosiga o'tish masalasi 2007 yildan buyon muhokama etiladi.

Prezident Nazarboev 2012 yili dekabrida Lotin alifbosiga o'tish taklifini ilgari surgan edi.

"Egemen Kazaxstan" gazetasidagi katta maqolasida Elboshi Qozog'istonda Kirill alifbosiga o'tish siyosiylashtirilgan jarayon bo'lganini ta'kidlagan edi.

"Lotin alifbosidan 1929 yildan 1940 yilgacha foydalanilgan. 1940 yil 13 noyabrida Qozoq tilini Lotin alifbosidan Rus imlosiga asoslangan alifboga o'tkazish haqidagi qonun qabul qilingan. Shu tarzda Qozoq alifbosining u yoki bu alifboga o'zgartirilishi siyosiy mazmunga ega bo'lgan", deb yozgan Prezident Nazarboev.

Qozog'istonda 1929 yildan 1940 yilgacha foydalanilgan Lotin alifbosi Yanalif yoki yangi Turk alifbosi deb ko'rilgan.

Yanalif SSSRda tashkil qilingan yangi alifbo bo'yicha maxsus qo'mita tomonidan tuzib chiqilgan.

Bugungi kunda Lotindagi Qozoq alifbosidan Turkiya va boshqa G'arb davlatlarida yashaydigan Qozoq diasporasi vakillari foydalanadilar.

Biroq bu alifbo hech qanday maqomga ega emas.

Shuningdek, vatanini tark etgan Qozoq muhojirlari Qozoq Arab alifbosini ham qo'llaydilar.

BВС O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq