Germaniyada niqob va paranji qisman taqiqlandi

Юзини ниқоб билан тўсиб олган муслима Image copyright AFP

Germaniya parlamenti Bundestag davlat idoralari xodimalariga yuzini to'liq yopadigan niqob yoki paranjidan foydalanishni taqiqlaydigan qonun loyihasini ma'qullagan.

Bundan keyin Germaniyada davlat idoralarida ishlaydigan xizmatchilar, hakamlar va harbiylarning o'z xizmat joyida niqob yoki paranji bilan yuzlarini yopishlari ma'n etiladi.

Germaniyadagi o'ng qanot partiyalar mamlakat hududidagi jamoat joylarida xuddi Frantsiya va boshqa Evropa mamlakatlaridek niqob va paranjini to'la taqiqlash talabini ilgari surgan edilar, biroq taqiqni qisman joriy etishga qaror qilingan.

2011 yili Frantsiya muslima ayollarning paranji va niqob bilan jamoat joylarida yurishlarini ma'n qilgan Evropaning birinchi mamlakati bo'lgan edi.

2016 yili xuddi shunday taqiq Shveytsariyada joriy qilindi.

2017 yili yanvarida Avstriyadagi qudratdagi koalitsiya Frantsiyanikiga o'xshash qonun loyihasini taqdim etdi.

Yaqinda Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboev ham mamlakatda ayollarning jamoat joylarida yuzlarini to'liq yopadigan qora niqobda yurishlarini taqiqlash lozimligini aytib chiqdi.

Prezident Nazarboev erkaklarning uzun soqol qo'yib, kalta shim kiyishini ham taqiqlashga chaqirgan.

"Ma'rifatsizlik natijasida yoshlarimiz uzun soqol qo'yib, shimlarining pochasini qirqib olayapti. O'zini to'la qora kiyimga burkab yuradigan qozog'istonlik qizlar ko'paymoqda. Bu bizning an'analarimizga ham, xalqimizning hayot tarziga ham to'g'ri kelmaydi. Bu narsalarni qonunchilik darajasida taqiqlash masalasini ko'rib chiqish kerak", - deb aytgan Prezident Nazarboev Qozog'iston musulmonlari diniy idorasi rahbariyati bilan uchrashuv paytida.

Prezident Nazarboev aytishicha, qozoqlar faqat "motam paytida qora kiyadilar".

Nazarboev ayollarning qora kiyinishiga qarshi chiqdi

2016 yil dekabrida Germaniya Kantsleri Angela Merkel niqob va paranjini taqiqlash taklifini qo'llab-quvvatlagan edi.

"Nasroniy-demokratik ittifoq" partiyasining qurultoyidagi ma'ruzasi payti Merkel xonim huquqiy nuqtai nazardan qaerda taqiqlash mumkin bo'lsa, muslimalar kiyimini ma'n etish tarafdori ekanini aytgan edi.

"Bu bizniki emas, bizda yuzini yoki tanasini to'la yopadigan kiyim kiyish urf emas", deb aytgan Angela Merkel.

Germaniyada odamlar o'rtasidagi muloqot payti o'z yuzini namoyish etish qabul qilingan, degan Merkel xonim.

Bundan oldin Kantsler Angela Merkel muslima ayolning tanasini butkul yopadigan kiyim kiyib yurishlarini musulmon mamlakatlardan Germaniyaga borib o'rnashgan muhojirlarning jamiyatga integratsiyalashmayotganlarining belgisi deya ta'riflagan edi.

Niqob taqiqi haqidagi qonun qabul qilingani munosabati bilan gapirgan Germaniya Ichki ishlar vaziri Tomas de Mezer, bu integratsiya talabi deb aytgan.

"Integratsiya, boshqa narsalar qatori, shuni nazarda tutadiki, biz o'z qadriyatlarimizni aniq namoyish etishimiz va singdirishimiz lozim, shu bilan birga bizning boshqa madaniyatlarga nisbatan sabr-toqatimiz chegarasi qaergacha ekanini ko'rsatib qo'yishimiz lozim, deb aytgan janob de Mezer.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq